«Ahmadboyning singlisi» hammani chuv tushirdi

To‘kis hayot kechirish — tinimsiz mehnat va sabr-toqat talab qiladi. Agar biror kimsa sizga oson boyish, mo‘may daromad topishni taklif qilsa, bilingki, siz firibgarga duch keldingiz. Dunyoda jinoyat turlari ichida eng ko‘p uchraydigani ham firibgarlikdir.

Yodingizda bo‘lsa, avvalroq «Ahmadboy» bilan bog‘liq yirik moliyaviy piramida shaklidagi firibgarlik ortida anchagina mashmashalar sodir bo‘lgandi. Aybdorlar tegishli jazosini olgandi. Ammo bu bilan firibgarlik jinoyati va unga chuv tushayotganlar kamaygani yo‘q. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda firibgarlik xotin-qizlar o‘rtasida ko‘paygani achinarli. Samarqand viloyati Payariq tumanidagi «Qumchuq» mahallasida sodir etilgan yirik firibgarlik jinoyati ham shular jumlasidan.

Bir qop shakarga aldanganlar

Erta tongdan onasini qo‘msab yig‘layotgan 3 yoshli nevarasini ovutolmay, Mastura aya (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham o‘zini yig‘idan tutib turolmadi. Qarigan chog‘ida halovati yo‘qoldi. Ustiga-ustak, kuni kecha katta nevarasi maktabdan yig‘lab qaytdi. «Sening onang hammaning pulini aldab olib qo‘ygan», deya sinfdoshlari ajratib qo‘yganmish. Mahalladagilar ham qizi Barnoga «Ahmadboyning singlisi» deb laqab qo‘yib olishgan. Barno ayni farzandlariga kerak bo‘lgan paytda umrini panjara ortida o‘tkazayotgani Mastura ayaning qaddini bukib qo‘ydi. Qizining qilmishlaridan so‘ng onaxon ko‘chaga ham chiqolmay qoldi...

...Bir paytlar Barno ham barcha qatori risoladagidek oila qurgan edi. Uyi yaqinidagi kollej kutubxonasida kutubxonachi bo‘lib ishlardi. Ketma-ket uch farzandli bo‘ldi. «Ro‘zg‘or — g‘or», deganlaridek, bora-bora erining topish-tutishidan ko‘ngli to‘lmadi. O‘ylay-o‘ylay, o‘zini savdo-sotiqqa urdi. Do‘kon ochib, ayollar liboslarini sota boshladi. Har bir ishning qiyinchiligi bo‘lgani kabi savdoning ham o‘ziga xos mashaqqatlari borligini angladi. Shundan so‘ng tezda boyib ketish yo‘llarini qidira boshladi. Turli rejalar miyasida charx urib aylanardi.

Ko‘p o‘tmay, barchaning nazdida tijorat ishlari bilan shug‘ullanayotgan boy ayoldek ko‘rinishga kirib, yonidagilarning ishonchiga kirdi. Pulini ko‘paytirib qaytarish evaziga boshqa tadbirkorlardan pul ola boshladi. Avvaliga pul berganlarga kelishuv uchun bir qopdan shakar, kattaroq mablag‘ berganlarga esa mebel anjomlarini hadya etdi. Uning saxiyligidan tez orada boshqalar ham xabar topdi. Endi odamlarning o‘zlari pullarini olib kelib beradigan bo‘lishdi.

«Ming dollarni ikki ming qilib beraman...»

Do‘koni yonidagi ikki qavatli binoda uch aka-uka savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanardi. Barno ularga ham pullarini ko‘paytirib berishni taklif qildi.

— Agarda ming dollar bersangiz, ikki oyda ikki ming dollar qilib qaytaraman, — dedi Barno. — Yana ko‘p mablag‘ uchun alohida «bonus»lar ham bor.

Avvaliga aka-ukalardan rad javobini olgan bo‘lsa-da, ko‘ngillariga cho‘g‘ tashlab qo‘yganini sezdi. Ko‘p o‘tmay, aka-ukalar halovatini yo‘qotishdi. Bir-biriga bildirmagan holda yiqqan mablag‘ini Barnoning qo‘liga tutqazishdi. Qizig‘i shundaki, ularning umr yo‘ldoshlari ham yashirin tarzda Barnoga yiqqan pulini olib kelib berishdi. Kunlarning birida ovsinlar bir-biriga bergan qarz ustida janjallashib qolishdi. Hammasi ana shundan keyin boshlandi.

— Buncha, beraman shu pulingizni. Barnoga berganman, ertaga borib olaman. Ikki baravar qilib beraman degan, — dedi katta ovsin kichigiga.

Ammo ovsinlar har qancha urinmasin, Barnoni topisholmadi. Uyiga borsa — uyida, do‘koniga kelsa — do‘konida yo‘q edi. Xullas, bitta oila, ya'ni uch aka-uka va xotinlari 90 ming AQSh dollariga chuv tushishganini kech anglashdi. Bu paytda Barno ishlari o‘zi kutmagandan-da yurishib ketganidan sarmast edi. O‘ylab o‘tirmasdan kim pul bersa, olaverdi. Ammo «ko‘za kunda emas, kunida sinadi», deganlaridek, ko‘p o‘tmay, «pulimni qaytarib ber», deya eshigini taqillatib keladiganlar ko‘paydi...

«Mahallaga qilingan shikoyat orqali bildik»

— Barnoning qilmishlaridan yig‘inga shikoyat qilib kelgan ayol orqali xabar topdik, — deydi «Qumchuq» mahallasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Nigora Murodillaeva. — Ma'lum bo‘lishicha, Barno u ayolga arzon narxda er-uchastka olib beraman degan. Ayol bor pulini uning qo‘liga topshirgan. Uchastkadan darak bo‘lavermagach, pulini olishga borsa, Barno tan olmabdi. Mahalla raisi, profilaktika inspektori bilan birga bordik. Ma'lum bo‘lishicha, Barno ko‘pchilikning pulini aldov yo‘li bilan olishga ulgurgan ekan. Pulini ololmagan ayol janjallashib, uning uyidagi ba'zi jihozlarni olib ketdi. Barno bilan yuzma-yuz gaplashganimizda: «o‘zim ham bir kishiga aldanib qoldim», dedi. Ortiqcha gapirmadi. Hozirda u jazo muddatini o‘tamoqda. Bolalariga onasi qarab turibdi. Turmush o‘rtog‘i farzandlaridan tez-tez kelib xabar oladi.

Buni qarangki, ayolning firibgarligi haqida hamma xabar topib, mish-mishlar keng tarqalsa-da, mahalla faollari bundan bexabar qolgan. Uning xonadoniga har kuni o‘nlab kishilar pul berib ketgan, vaqt o‘tgach, mablag‘ini so‘rab janjal-to‘polonlar qilgan. Ammo mas'ullarning hech biri buni sezmagan, ko‘rmagan.

Achinarlisi, Barnoning turmush o‘rtog‘i va otasi ham doimo savdo ishlariga yordamlashib kelishgan. Ammo ular ham ayolning firibgarlik qilayotganidan bexabar qolganini aytishmoqda. Aslida har qanday erkak ayolining nima qilayotganidan xabardor bo‘lishi kundek ravshan-ku. Ayol shuncha pulni olsayu, yonidagi umr yo‘ldoshi bexabar qolishi haqiqatdan yiroq. Yoki otani o‘z qizining bosayotgan qadami nahotki o‘ylantirmagan bo‘lsa?!

Qonun hamma uchun barobar. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga firibgar ayol ustidan o‘nlab shikoyatlar kelib tushgach, unga nisbatan jinoiy ish ochildi. Sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

Maqolani tayyorlayotgan paytimiz Barnoning jazoni ijro etish muassasasida ko‘zi yorigani haqida eshitdik. U o‘g‘il farzandli bo‘libdi. Achinarlisi, tug‘ilgan go‘dak ulg‘aygach, kelajakda o‘zining panjara ortida dunyoga kelganini eshitsa, qay ahvolga tushishi haqida Barno hech o‘ylab ko‘rganmikan? «Xalqimizda birovning haqi buyurmaydi» degan naql bejizga aytilmagan. Shuncha aldov bilan olingan pullar unga nasib etarmikan?

Nilufar YuNUSOVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish