Bo‘m-bo‘sh binolar qachon ta'mirlanadi? (Fotoreportaj)

Фото: Mahalladosh
Фото: Mahalladosh

Bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkor uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Buni, hatto, eng olis qishloq va ovullarda ishbilarmonlik muhiti qaror topayotgani, odamlar yaratilgan imtiyozlardan unumli foydalanayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Ammo besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, bu borada ayrim joylarda sustkashliklar, o‘zibo‘larchilik holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda.

Tadbirkorlar investorni «xohlashmasa»...

Jumladan, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi «Adolat» mahallasida bo‘lib, bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Yig‘in hududiga kirishimiz bilan bizni bo‘sh turgan, abgor holatdagi qarovsiz binolar «qarshi oldi». Xo‘sh, vaqtida qurilishiga ancha-muncha mablag‘ sarflangan binolar nega bunday holga kelib qoldi?

— Mahalladagi 9 ta bino «Zilola» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lib, unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ulushi 74 foizni tashkil etadi, qolgan ulush esa 40 nafar jismoniy shaxsga tegishli, — deydi O‘rta Chirchiq tumani hokimligi bosh mutaxassisi Ravshan To‘raev. — Ob'ektlarni qaytarib olish maqsadida agentlikka bir necha bor murojaat qildik. Afsuski, natija bo‘lmadi. Bu erda investorlar ishtirokida ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirmoqchi edik, biroq xususiy mulk egalari rozi bo‘lishmadi.

«Bo‘zchi bilganini to‘qiydi», deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Aks holda aravani hali u yoqqa, hali bu yoqqa tortishdan kimga naf? Xo‘sh, tadbirkorlar nima uchun investorlar bilan hamkorlik qilishni xohlamadi?

— Bu binolardan foydalanilmayotganiga 10 yildan oshdi, — deydi «Zilola» mas'uliyati cheklangan jamiyati mulkdorlaridan biri Jo‘ra Navro‘zboev. — Jamiyat mulkdorlari investor taklifiga rozi bo‘lishmaganiga sabab — ularning o‘zlari bu erda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi edi. Ammo binolardan unumli foydalanish uchun katta sarmoya kerak. Bino aksiyalarining asosiy ulushi esa davlat tasarrufida. Agar davlat aktivlarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, bo‘sh binolar o‘z sarmoyadoriga ega bo‘ladi.

— Ochig‘i, jamiyatga qarashli binolarning ko‘p qismi uning ijrochi direktorlari tomonidan talon-toroj qilingan, — deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Ro‘ziev. — Bu bo‘yicha dalolatnoma tuzib, tegishli tashkilotlarga topshirganmiz. Galdagi vazifamiz — jamiyatni o‘zgartirib, moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqishdan iborat. Shundan so‘ng uni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etamiz. Chiqarilgan qarorga asosan, korxona yo sotiladi, yo bo‘lmasa, ishonchli boshqaruvga beriladi.

Rais taqillatgan eshiklar nega «ochilmadi?»

Mahalla ahlining aytishicha, bir vaqtlar hududda madaniy-ma'rifiy, turli ko‘ngilochar tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazib turilgan. Bunda yig‘indagi madaniyat markazi baholi qudrat «xizmat qilgan». Biroq markazning bugungi holatini ko‘rib, unga nisbatan «madaniyat» so‘zini ishlatishni-da bilmaysiz. Mahalla faollari bu holatni hududga ishbilarmonlar biriktirilgani, tez orada bunyodkorlik ishlari boshlanishi bilan izohlashdi, xolos.

Yig‘indagi «Tuyabo‘g‘izkimyo» korxonasiga eltadigan yo‘l yoqasidagi chiqindilar uyumi ham dilni xira qiladi. To‘planaverib, go‘yo tepalikka aylangan chiqindilar bilan hech kimning ishi yo‘q.

— Chiqindilarni olib ketish bo‘yicha taqillatmagan eshigim qolmadi, — deydi mahalla raisi Doniyor Haydarov. — Bu masala bir necha bor ommaviy axborot vositalarida ham yoritildi. Biroq tayoq baribir yana bizning boshimizda sinayotir. Bo‘sh turgan binolarga kelsak, ular bizning balansimizda emas. Shu bois hech narsa qilolmaymiz. Bilsangiz, yig‘inimizda shuncha qarovsiz, bo‘m-bo‘sh turgan binolar bo‘lsa-da, o‘zimizda xizmat binosi yo‘q. Shu bois qo‘shni mahalla bilan bitta binoda faoliyat yurityapmiz.

Xo‘sh, yig‘in raisi taqillatgan eshiklar nima uchun «ochilmadi?» Mas'ul tashkilotlar bu holatga nega befarq? «Toza hudud» davlat unitar korxonasi tuman filiali boshlig‘i Rustam Niyozovning ta'kidlashicha, ushbu yig‘inga tashkilot tomonidan grafik asosida xizmat ko‘rsatiladi. Biroq chiqindilar uchun alohida qutilar ajratilgan bo‘lsa-da, yig‘in ahli ularni duch kelgan joyga tashlab ketmoqda. Natijada shunday holat yuzaga kelmoqda.

Sirasini aytganda, e'tibor kutayotgan binolar, obodonlashtirish ishlaridagi kamchiliklarga qaramay, yig‘inda ijtimoiy muhit barqarorligi ta'minlangan. O‘ylaymizki, bunday ishlarga hamohang tarzda tez orada bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish choralari ko‘riladi, hudud obodligiga e'tibor kuchaytiriladi. Biz esa mavzuga yana qaytamiz.

Nigora O‘ROLOVA tayyorladi.

Izoh 0

Izoh qoldirish