Sayfiddin Meliev: «Tarixni buzib ko‘rsatish — millat ustidan kulish»

«Quduq», «Tundan tonggacha», «Xo‘ja Nasriddin», «Osiy banda» kabi yuzlab filmlardagi rollari bilan barchaga tanish bo‘lgan iste'dodli aktyor Sayfiddin Meliev, allaqachon, sahnalashtirgan spektakllari orqali teatr rejissyori sifatida ham muxlislar qalbidan joy olgan. Ayniqsa, «Jaloliddin Manguberdi», «Chingizxon», «To‘maris», «Bibixonim» va «Amir Temur» singari tarixiy, «Puankare», «Media» kabi o‘ziga xos spektakllari mutaxassislar va ko‘p sonli tomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo‘lgan. E'tiboringizga, Mudofaa vazirligi madaniyat va ma'rifat markazining «Turon» harbiy davlat teatri badiiy rahbari, rejissyori, mahoratli aktyor Sayfiddin Melievning kino va teatr san'atidagi yutuq va kamchiliklar, aktyor va rejissyorlik mahorati, tarixiy sahna asarlarini yaratish uslubi va mas'uliyati haqidagi fikrlarini havola etamiz.

Aktyor birgina obrazning, rejissyor esa san'at asarining taqdirini belgilaydi

Rus rejissyori Mark Zaxarov shunday deydi: «Agar birinchi sinf o‘quvchisi katta bo‘lsam aktyor bo‘laman, desa ishonish mumkin. Ammo rejissyor bo‘laman desa ishonish qiyin».

Rostdan ham, rejissyorlik juda murakkab kasb, hatto, shu yo‘nalishdagi  oliy ta'lim muassasasida o‘qiyotgan talabalarning ham aksariyati u erga mashhur aktyor bo‘lish maqsadida keladi. To‘g‘ri, yaxshi aktyor bo‘lish uchun ham insonda o‘ziga xos iqtidor bo‘lishi kerak, ammo rejissyorlik uchun iqtidorning o‘zi kamlik qiladi. U kishidan kuchli bilim, mahorat va keng dunyoqarashga ega bo‘lishni talab etadi. Bu ikki san'atning bir-biriga o‘xshash va o‘ziga xos qirralari juda ko‘p. Asosiysi, ularning qay birini tanlashidan qat'i nazar inson o‘z ishining ustasi bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Buning uchun esa, mehnatdan, o‘qib izlanishdan qochmaslik kerak deb hisoblayman.

Avval, aktyorlik bo‘yicha tahsil oldim. Keyinchalik, aspiranturada rejissyorlikka o‘qidim. Sababi ustozlar, sohaning etuk vakillari spektakl, kinolardagi rollarimni ko‘rib yaxshi baho berishdi. Rolni yaxshi ijro qilding, ammo kinoning o‘zi unchalik yaxshi emas ekan, sahna asari o‘xshamabdi, o‘zing kino olsang bo‘lmaydimi, deya taklif qilganlar ham bo‘ldi. Chindan ham yuzdan ortiq rol ijro etdim. Ularning orasida o‘zimga yoqqani ko‘nglim to‘lgani, uncha ko‘p emas.

Ba'zilar kinolardagi rollaringizdan sizni taniymiz, nega rejissyorlik faoliyatingizni teatrda boshladingiz, deb so‘raydi. Buning sababi teatr rejissyorligi mashaqqatli bo‘lish bilan birga mahoratni sayqallaydi. Teatrning tomoshabini ham boshqacha. Ularning talabi kuchli va seni shu talab darajasida ishlashga majbur qiladi.

Amir Temurni tarixiy shaxs sifatida gavdalantirdik. Ammo inson sifatida emas

Tarixni yaxshi ko‘raman. Tarixiy asarlar, pesa va arxiv hujjatlarni titkilab uni o‘rganishga harakat qilaman. Shu bois ham tarixiy qahramonlarning siymosini katta sahnaga olib chiqishga urinaman. Mana yaqinginada teatrimiz jamoasi bilan «Amir Temur» haqida yangi spektaklni sahnalashtirdik. Amir Temur haqida bundan oldin ko‘plab kino va spektakllar olingan. Ayniqsa, 1996 yil Sohibqiron tavalludining 600 yilligi munosabati bilan barcha teatrlar bu mavzuga qo‘l urgan. Men ham avval, ushbu tarixiy shaxs haqida spektakl sahnalashtirganman. Ammo ularning hech biridan oddiy tomoshabin sifatida ham, mutaxassis sifatida ham ko‘nglim to‘lmagan. Bu sahna asarlarida, asosan, Sohibqironning engilmas sarkarda, adolatli davlat rahbari ekaniga urg‘u berilgan. Biz esa yangi sahna asarida uning ichki dunyosi, insoniy botiniga nazar tashlashni niyat qildik. Uning g‘am-anduhi, quvonchi kabi hissiyotlarini tasvirladik.

Tarixiy asarlarni yaratish uchun rejissyorning o‘zi tarixni yaxshi bilishi kerak. Bir-ikkita tarixchidan maslahat, yo‘l-yo‘riq olib, o‘tmishni sahnaga olib chiqib bo‘lmaydi. Chunki olimlar  tarixga nazariyotchi sifatida qaraydi. Rejissyor esa uni ko‘z oldida jonlantirishga urinadi.

Tarixni buzib ko‘rsatish — millat ustidan kulish

Ustozlarimiz ko‘p takrorlardi: «Tarixni bilmasang bu mavzuga tegma. Sevgi-muhabbat haqida asar yaratib yuraver», deb.

Rostdan ham tarixiy asarlarni yaratishning mas'uliyati juda katta. Uni buzib talqin qilib qo‘yish tuzatib bo‘lmas xato, xalq, millat va tarix ustidan kulish bo‘ladi.

Bugun mamlakatimizda tarixiy kino olishga, uni katta ekranlarda jonlantirishga harakat qilinmoqda. Buning uchun davlat tomonidan tegishli mablag‘ ajratilib, barcha shart-sharoitlar hozirlanyapti. Ammo yaratilgan tarixiy kinolar talabga javob bermaydi.

Masalan, keyingi yillarda olingan «Islomxo‘ja», «Elparvar», «Abu Iso Muhammad at-Termiziy» to‘g‘risidagi filmlarni tomosha qilib, ba'zilarining tasvirga olinish jarayonida qatnashib, bunga amin bo‘ldim. Tarixni jonlantiraman deb o‘ldirib qo‘yishyapti. «Islomxo‘ja» filmi bunga bir misol. «Islomxo‘ja»ning premerasini o‘n daqiqadan ko‘p tomosha qilolmadim. O‘tgan fursat ichida bu kinoni olishda tarixdan butunlay bexabar insonlar qatnashibdi, degan xulosaga keldim. Masalan, bosh qahramon uzun soqol bilan birga soch qo‘yib olgan. Bizda soch bilan soqol birga qo‘yilmagan. Yo bo‘lmasa dekarasiyaga e'tibor beradigan bo‘lsak kiyimlari, xonalardagi stol-stul, pardalari turk va xitoy materiallaridan tayyorlangan. Kiyimlarning tikilishi ham turk liboslariga o‘xshagan. Hatto, aktyorlarning pardozi ham teatrdagi kabi bo‘lib qolgan. Kinoda aktyorlar bunday pardoz qilinmaydi. Buni mutaxassislar darrov payqashgandir.

Eng yomoni Islomxo‘ja saroyida ham, adashmasam, tarixchini qo‘lida ham uchtalik shamdon ko‘rdim. Bu shamdon xristian diniga e'tiqod qiluvchilarga xos. Vaholanki, u davrda bunday matohlar shoh saroylari u yoqda tursin oddiy musulmon xonadoniga ham olib kirilmagan. O‘ziga xos moychiroqlar ishlatilgan. Bu juda qo‘pol xato. Aslida sharqda ramzlarga, kichik detallarga katta e'tibor qaratiladi. Masalan, avvalgi, davrlarda paranji ostidagi ayollarning lozimidagi sezilar-sezilmas ko‘rinib turgan jiyagidan uning yosh qiz, juvon yoki turmushga chiqqan ayol ekanini ajrata olishgan. Erkaklarning ham kiyimi: belbog‘, pichoq, to‘niga qarab uning kimligi aniqlangan.

Faqatgina «Islomxo‘ja»dagi juz'iy kamchiliklar haqida gapirdim. «Elparvar» va «Abu Iso Muhammad at-Termiziy» filmlarining olinish jarayonida ham bunday kamchiliklarni kuzatganman. Mana, suratga olish jarayonlari davom etayotgan yaqin tarixda ro‘y bergan voqealarga asoslangan «Said va Saida» badiiy filmida ham shunday nuqsonlar bor ekan.

Fikrimcha, shuncha imkoniyat berilyaptimi, undan unumli foydalanishimiz kerak. Tarixiy filmlarni suratga olishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki tarixni bilib yo bilmay buzib ko‘rsatganlarni kelajak ham kechirmaydi.

Yangi mavsumga o‘zgacha sovg‘alar tayyorlayapmiz

Bu yil jamoamiz uchun unutilmas bo‘ldi. Turon teatr-studiyamizga davlat maqomi berildi, shuningdek, bir necha tarixiy va zamonaviy spektakllar sahnalashtirildi.

Hozir yangi mavsumga tayyorgarlik ketyapti. Oxirgi sahnalashtirgan sahna asarlarimiz «Amir Temur» hamda yaqinda tayyor bo‘lgan «Muhabbat mavsumi». Navbatda esa Sharof Boshbekov qalamiga mansub «Mehr va Mavze» asari turibdi. Xullas, kelgusi mavsumda tomoshabinlarni yanada xursand qilish niyatidamiz.

Shu kunlarda uzoq tanaffusdan so‘ng bir kinoda rol ijro etyapman. Uning mavzusi hozircha sir. Kelgusida rejissyor sifatida badiiy film suratga olish niyatim ham bor. Iste'dodim va ijodimni tomoshabinlar qalbidan joy olishiga, o‘zbek kino, teatr san'ati rivoji yo‘lida safarbar etganman. Yangi g‘oya va loyihalar bilan tez kunda san'at ixlosmandlari bilan diydor ko‘rishamiz.

 

«Mahalla» muxbiri

Sanjar EShMURODOV

oqqa ko‘chirdi.

Izoh 0

Izoh qoldirish