Qizamiq xastaligi uchun qizil ko‘ylak kiyish shartmi?

Ommaviy axborot vositalarida Samarqand viloyatida qizamiq kasalligi tarqagani haqida xabarlar berildi. Keng jamoatchilik e'tiborini tortgan bu holat qanchalik haqiqatga yaqin? Umuman, qizamiq qanday kasallik? U qanchalik xavfli? Shu haqda to‘liqroq ma'lumot bersangiz.

Nurbek SALIMOV,

Samarqand viloyati.

Davron JUMANIYoZOV,

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i:

— Ma'lumotlarga qaraganda, 2019 yilning 1 yanvaridan 5 avgustgacha bo‘lgan muddatda viloyatda 419 nafar kishi qizamiq kasalligi gumoni bilan ro‘yxatga olingan va o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijasida ulardan 29 nafarida ushbu kasallik belgilari tasdiqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelgan. Ya'ni uning tashuvchilari qizamiqqa qarshi emlanmagan chet el fuqarolari bo‘lgan. Aholi orasida ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va to‘xtatish maqsadida ular bilan muloqotda bo‘lgan 11 ming 101 nafar shaxs emlandi. O‘lim holatlari umuman qayd etilmadi.

Qizamiq qanchalik xavfli?

Xo‘sh, qizamiq o‘zi qanday kasallik? Uning paydo bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ladi? Davo choralari qanday?

Qizamiq — xavfli yuqumli kasallik bo‘lib, u ko‘proq shu kasallikka qarshi emlanmagan yosh bolalarda uchrashi mumkin. Emizikli go‘daklar ona suti orqali immunitet hosil qilgani uchun qizamiqqa chalinmaydi. Ularga kasallik yuqqan taqdirda ham asoratsiz kechadi.

Kasallik tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardasi, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi orqali belgi beradi. Xastalik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanib, bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari havoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bola organizmiga o‘tadi.

Uning belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

Kasallik to‘rt bosqichda kechadi. Yashirin davri 6-18 kunni tashkil etib, belgilari deyarli sezilmaydi. Xastalik o‘tkir boshlanib, tana harorati ko‘tariladi, quruq yo‘tal tutadi, tumovga chalinadi, ko‘z qizarib yoshlanadi, tovush bo‘g‘ilib qoladi, yorug‘likka qaray olmaydi. Bu davrda lunj shilliq pardasi atrofida mayda qizil-oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Ular toshma toshishdan 2-3 kun oldin paydo bo‘lib, 1-2 kun o‘tib yo‘qoladi. Bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qoladi, tez-tez ichi ketadi. Katta yoshli bolalarda bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kuzatiladi.

Toshma toshish davrida bemor qayta isitmalamaydi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalar toshib, bir necha soatda butun yuzga yoyiladi. Ikkinchi kuni toshmalar badanga, uchinchi kuni qo‘l va oyoqqa tarqaladi. Qizamiqda teri nam bo‘lib, biroz qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri boshlanadi. Yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigarrang dog‘larga aylanadi. Kasallikdan zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), tomoqning shishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qolishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, xastalikdan so‘ng odamda umrbod immunitet shakllanadi.

Davosi qanday?

Qadimda momolarimiz qizamik bo‘lgan odamga qizil ko‘ylak kiydirishgan va bu davoning bir turi ekaniga ishonishgan. Bugungi kunda ham mazkur irim saqlanib qolgan. Ammo zamonaviy tibbiyotda kasallikdan faqat o‘z vaqtida emlatish orqali himoyalanish mumkin, deb tavsiya qilinadi.

Qizamiq bilan og‘rigan bemorlarning qorong‘u xonada tinch yotishlarini ta'minlash zarur (kon'yunktivitda o‘tkir yorug‘lik kuchli og‘riq beradi). Og‘iz choy sodasining eritmasi bilan chayqab turiladi, asoratlarning oldini olish uchun ko‘zlarga sulfasil va boshqa antibakterial tomchilar tomizib turiladi. Pnevmoniya yoki boshqa bakterial asoratlar rivojlangan taqdirda antibiotiklar qabul qilish tavsiya etiladi.

Qizamiq qaerda ko‘p uchraydi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Evropaning qator davlatlarida so‘nggi ikki yil davomida qizamiq kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush vaziyat saqlanib qolinmoqda. Ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatgichlari o‘tgan yili «ko‘hna qit'a»da 72 ta holatda qayd etilgan. Bunda, ayniqsa, Madagaskar va Ukrainaning aksar aholisi eng ko‘p tarqalgan hudud sifatida bu kasallikdan aziyat chekmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, kasallikning oldini olish va yuqtirmaslik, organizmda unga qarshi immunitet hosil qildirishning yagona chorasi, bu — emlashdir. Afsuski, emlash darajasi past yoki emlashdan voz kechgan mamlakatlarda bu kasallik avj oladi. O‘zbekiston esa JSST tomonidan qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etgan mamlakat sifatida tan olingan.

Yormamat RUSTAMOV tayyorladi.

 

Izoh 0

Izoh qoldirish