«Yaxshilar ko‘magiga muhtojman...»

Turmush deb atalmish  hayot ummoni  turfa sinovlar, sir-sinoatlarga boy. Boshiga og‘ir tashvish tushgan kimsalar o‘zgalar ko‘magiga ehtiyoj sezadi, mehr kutadi. Ba'zan muammolarning oxiri ko‘rinmayotgandek tuyuladi. Ammo har bir ish, masalaning chorasi, imkoniyati, albatta, topiladi. Buning uchun tushkunlikka tushmaslik, mashaqqat va qiyinchiliklarni hamjihatlikda engib o‘tish, sabr bilan ish tutish lozim.

Tahririyatimizga Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Jalaer» mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Shohista Shokirova (muallifning iltimosiga ko‘ra, ism-familiyasi o‘zgartirildi) murojaat qilib, o‘zining og‘ir hayot tarzi, yosh boshiga tushgan qiyinchiliklar haqida  to‘lib-toshib gapirdi.

«Bir muammo tugamasdan, ikkinchisiga duch kelyapman»

— Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganimga 8 yil bo‘ldi, — deydi ko‘zlari yoshga to‘lgan ona. — Ikki nafar farzandlarim bilan onam va ukamning uyida yashayman. Katalakdek hovlida 3 ta oila, o‘n ikki jon birga turishga majburmiz. Ba'zan yosh bolalarning o‘zaro tortishuvlari va boshqa sabablarga ko‘ra kelin bilan kelisha olmay ijarada turgan paytlarimiz bo‘ladi. Bu ham o‘ziga xos mablag‘ talab etadi. Yolg‘iz boshim bilan topganim ro‘zg‘ordan ortmaydi. Katta qizim bir necha yildan buyon xasta. Shifoxonalarda davolatdim, foydasi bo‘lgani yo‘q. Ustiga-ustak uy-joysiz turli joylarda jon saqlash har jihatdan toliqtirib qo‘yadi. Nima qilish, qayga bosh urishni bilmay sarsonman. Oilaviy ahvolimni yaxshilash, uy-joy masalasida amaliy yordam berishlarini so‘rab tuman hokimligiga bir necha bor murojaat qildim. Uy uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirish zarurligini aytishdi. So‘ng, ikki million so‘m sarmoya to‘plab, bankka bordim. Ular muntazam oylik olmasam, uy berilmasligini uqtirishdi. Tuman «Hunarmand» uyushmasiga ishga kirdim. Endi to‘lov uchun «kafil» bo‘lishi kerakligini aytish­yapti. Xullas, bir muammoning oxiri ko‘rinmasdan boshqa bir muammoga duch kelyapman. Axir men ulardan tekinga  uy so‘rayotganim yo‘q. Faqat boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirishga imkoniyatim yo‘qligini tushuntirishga harakat qil­yapman, foydasi bo‘lmayapti.

Yosh onaning arz-dodini tinglab, beixtiyor o‘yga tolasan. Nega bu ish shu qadar ildiz otib ketdi? Uning amaliy echimlariga nima uchun chora topilmayapti? Tuman va mahalla fuqarolar yig‘inida xizmat qilayotgan mas'ullar nega qo‘l qovushtirib o‘tiribdi?

Savollar ko‘p, ammo...

 — Mahallamizda to‘rt ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, — deydi «Jalaer» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dehqonali Yo‘ldoshev. — Biz bu oiladagi mavjud holatdan xabarimiz bor. Shu kunga qadar oilaga 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasi berildi. Ayni kunda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun moddiy nafaqa tayinlangan.  Albatta, bu ishlar bir oila hayot tarzini yaxshilash, uy-joy masalasini hal etish imkoniyatini bermaydi. Lekin faqat talab qilish bilan ish bitmaydi. Avvalo, aholi turmush  tarzini yaxshilash,  farovonligini oshirish maqsadida hayotga tatbiq etilgan  imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish zarur. Xususan, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashish taklifi bilan chiqdik. Ammo ular turli bahonalarni ro‘kach qilib, bu imkoniyatlardan foydalanganlari yo‘q. Mahallamizda bundan-da og‘ir ahvolda kun kechirayotgan fuqarolar, nogiron va kam ta'minlangan  oilalar bor. Imkon qadar ularga yordam berishga harakat qilyapmiz. Yaqinda birinchi guruh nogironi G‘ayrat Sayfiddinovning devori tiklab berildi. Ayni kunda Barkaxon Tojikarimovaning uy-joyini  kapital ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

O‘rganishlarimiz davomida ma'lum bo‘ldiki, Shohista opa tuman «Hunarmand» uyushmasiga ishga joylashibdi. Oylik maoshi 610 ming so‘mni tashkil etar ekan. Ikki nafar yosh bolasi bo‘lgan onaga bu sarmoya qanchalik muhim ekanini anglab olish qiyin emas. Xo‘sh, bu holatda ayol ro‘zg‘ordan orttirib qachon pul jamg‘aradi-yu,  qachon uy sotib oladi?

— Shohista og‘ir sharoitda hayot kechiradi, — deydi yon qo‘shnisi Mahbuba Otaboeva. — Ikki nafar farzand bilan boshpanasiz, turli joylarda hayot kechirish ayol kishi uchun juda og‘ir. Shu bois tez-tez onasi va ukasining uyiga kelib turadi. Ba'zan turli kelishmovchilik, uy-joy masalasida kelin va qaynsingil o‘rtasida mojarolar bo‘lib turadi. Biz ham qarab turganimiz yo‘q. O‘zaro ahil-inoqlikda hayot kechirish qanchalik muhimligi, hamjihatlik bo‘lmagan joydan fayz-baraka ketishini ta'kidlaymiz, sabr qilishga chaqiramiz. «Qo‘l bilan berganga qush to‘ymas» degan gap bor. Bu oilaga amaliy yordam berishsa, qiynalgan yolg‘iz ayolning hayoti izga tushib ketardi.

Muammoning echimi topildi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 martda  «Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori va unga ilova qilingan nizomda nogiron, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni imtiyozli uy-joy bilan ta'minlash uchun boshlang‘ich badal (25%) Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lab berilishi aytib o‘tilgan. Shuningdek, qolgan 75 foizi esa tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib qoplanadi (talabgor tomonidan). Bordi-yu talabgorning bunga qurbi etmasa (kam ta'minlangan bo‘lsa, doimiy daromadi bo‘lmasa), u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga bu pullar to‘lab berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

— Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni o‘rganish va amaliy echimlar topishga alohida e'tibor qaratib kelamiz, — deydi Buvayda tumani hokimining o‘rinbosari, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Oliyaxon Asqarova. — «Jalaer» mahalla fuqarolar yig‘inida yashayotgan, uy-joyga muhtoj Shohista Shokirova bu masalada bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgani yo‘q. Lekin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni talablari asosida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida aholi bilan o‘tkazilayotgan  uchrashuv va sayyor qabullar jarayonida bu oilaning ijtimoiy  ahvoli, yashash tarzi, uy-joyga muhtojligidan xabar topdik va 2020 yilda  imtiyozli uy-joy  bilan ta'minlash choralari belgilandi.

Tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar, yolg‘iz onalarga har jihatdan amaliy ko‘mak berilmoqda, qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 30 nafar ijtimoiy  yordamga  muhtoj, kam ta'minlangan, yolg‘iz ayollar uchun ajratilgan uy-joylarning dastlabki badallari to‘lab berildi. Bu yil yana 20 nafar xotin-qiz ana shunday imtiyozlardan foydalanadilar. Bundan tashqari,  4 nafari nogironlar aravachasi, 2 ta eshitish moslamasi bilan ta'minlandi, 10 nafar ijtimoiy vaziyati og‘ir xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tadbirkorlik yo‘nalishida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan 27 nafar xotin-qizga 627 million so‘mlik imtiyozli sarmoya berildi. Natijada 11 ta tikuvchilik korxonasi, 4 ta issiqxona, 4 ta oilaviy bog‘cha, 2 ta ayollar go‘zallik saloni ishga tushirilib, 4 ming nafardan ortiq ayollar bandligi ta'minlandi.

Xulosa o‘rnida

Biz bir murojaat ortidan oddiy oila hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan muammoni xaspo‘shlash orqali bong urish, kimnidir aybdor qilish fikridan yiroqmiz. Hayot bor ekan, uning o‘ziga yarasha quvonch va shodliklari, qayg‘u va alamlari bo‘ladi. Lekin mavjud vaziyatni ko‘rib, ko‘rmaslik, bilsa-da, bilmaslikka olib ish tutish insonlarga xos fazilat emas. Shunday ekan, bir mushfiq ona hayot tarzida uchragan muammoga barham berishga tuman mutasaddilari, tegishli tashkilot vakillari hamjihatlik bilan bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishlariga ishonch bildiramiz va bu mavzuga yana qaytamiz.

Rasul KAMOL

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish