Chegirmaning ham chegarasi bo‘lishi kerak

Yaqinda telegramm kanallari orqali yangi kiyim do‘koni ochilishi munosabati bilan juda katta miqdorda chegirmalar e'lon qilinayotgani haqidagi xabarni o‘qib qoldim. Bozordagi narx-navoning teng yarmi miqdorida arzonlashtirilgan mahsulotlar kimda ham qiziqish uyg‘otmaydi deysiz. Biz ham oila a'zolarimiz bilan arzimas pulga bir dunyo narsa xarid qilish umidida do‘konga bordik.

Odamning ko‘pligidan qadam bosishga joy yo‘q. Bir qarashda kishida narxlar haqiqatan ham arzon ekan-da, degan tasavvur uyg‘onadi. Ammo e'londa ko‘rsatilgan arzon buyumning sifati juda past, uning yonida turgan sifatlirog‘i esa bozordagidan ikki baravar qimmatroq. Bu holat ko‘pchilikda taajjub uyg‘otayotgani ularning yuz-ko‘zidan shundoqqina sezilib turardi. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarning hafsalasi pir bo‘lib, quruq qo‘l bilan chiqib ketishdi.

Kuchli psixologik ta'sir

Bugun yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng imkoniyatlar ochib berilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirishi aniq. Shunday sharoitda hamma ham o‘z mahsulotining xaridorgir bo‘lishi uchun harakat qiladi. Ayniqsa, mijozlar e'tiborini jalb etish maqsadida turli chegirma va aksiyalarning e'lon qilinishi bugun urfga aylangan. Bu holat esa bevosita inson psixologiyasiga ta'sir ko‘rsatishini ham e'tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. 

— Biror mahsulot yoki e'lon qilingan chegirmalar haqidagi xabarning inson psixologiyasiga ta'siri juda kuchli, — deydi psixolog Shoira Isoqova. — Buning boisi  unda faqat ijobiy jihatlarga urg‘u berilishidir. Aslida ham reklama psixologiyasi o‘z oldiga kishilarni bundan besh daqiqa oldin xayoliga ham kelmagan narsalarni xarid qilishga undashni maqsad qilib olgan. Yoki boshqa mahsulotlardan deyarli farq qilmaydigan buyumga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu qarmoqqa tushib qolmaslik uchun esa marketingda qo‘llanadigan o‘ziga xos usullardan xabardor bo‘lish talab etiladi. Shundagina siz o‘zingiz uchun zarur va foydali xaridni amalga oshirishingiz mumkin.

Mijozlarni rag‘batlantirish va qo‘shimcha sovg‘alar taqdim etish juda ko‘p uchraydigan holat. Xarid qilingan buyumga qo‘shimcha tarzda tuhfa etiladigan mahsulot (garchi u kichik bo‘lsa-da) ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadi.

Shunday usullardan yana biri mutaxassislarning tavsiyalari asosida suratga olingan reklama roliklari sanaladi. Takliflarning ma'lum muddat doirasida chegaralanishi ham mijozlarni jalb etishda juda foyda beradi. Chunki odamlar doim kamyob va tugab qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan buyumlarni xarid qilishga o‘ch bo‘lishadi.

Aslida marketingga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri iste'molchilarni qiziqtirish bilan birga ularni talab darajasidagi sifatli mahsulot va xizmat bilan ham ta'minlash zarurligidir. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida siz eng, avvalo, sinovdan o‘tgan, shu kunga qadar ishonchingizni qozongan mahsulotlarni tanlasangiz adashib qolmaysiz.  

Iste'molchi huquqi muhofazadami?

Masalaga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, bunday vaziyatda iste'molchilarning huquqlari buzilishiga ham yo‘l qo‘ymaslik zarur. Har qanday mahsulot yoki xizmat keng ommaga targ‘ib etilar ekan, shu jihatni ham yoddan chiqarmaslik talab etiladi.

— Ma'lumki, savdo va xizmat ko‘rsatish sub'ektlari tomonidan tovarlarni iste'molchilarga realizasiya qilishda sotishning har xil yo‘llari va vositalaridan foydalangan holda turli xil aksiyalar tashkil etilmoqda, iste'molchilarga chegirmalar berilmoqda, turli yutuqli o‘yinlar o‘tkazilmoqdaki, mazkur tadbirlar amaldagi qonun normalari va talablarini buzmagan holda tashkil etilsa maqsadga muvofiq deb hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi rais o‘rinbosari G‘ayrat Mamatqulov. — Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunida iste'molchilar tovar haqida, shuningdek, sotuvchi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma'lumot olish huquqiga egaligi, sotuvchi esa bu borada ularni o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma'lumotlar bilan ta'minlashi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, qonunda sotuvchilar iste'molchilarga tovar haqida noto‘g‘ri ma'lumot berish bilan iste'molchilarni zarur iste'mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olishlariga, sotib olingan tovardan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmasligiga, hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar etkazilishiga sabab bo‘lsa, bu narsa ularning iste'molchilarga etkazilgan moddiy va ma'naviy zararlarni qoplab berish bo‘yicha majburiyatlarini keltirib chiqarishini ham unutmasligi kerak.

«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzilishi ma'muriy javobgarlikni, shuningdek, sodir qilingan huquqbuzarlik darajasi va oqibatlariga ko‘ra, jinoiy javobgarlikni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Noto‘g‘ri reklama taqiqlanadi

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim supermarketlardagi mahsulot narxlari yuzasidan keng jamoatchilik o‘rtasidagi qizg‘in muhokamalarni o‘qib qoldim. Ko‘pchilik mahsulot narxini 10-20 so‘m arzon (masalan, 13990 so‘m tarzida) ko‘rsatib, xaridorlarni o‘ziga jalb qilayotgani yuzasidan turli mulohazalar bildirgan. Ba'zan arzimas ko‘ringan qaytimni ololmaganlar ham oramizda anchagina ekan. Bu usulni qo‘llash ham psixologik ta'sir omillaridan biri. Aslida uni qo‘llashning ham qandaydir tartib va me'yorlari bormi? 

— O‘zi ishlab chiqarayotgan yoki sotayotgan mahsulotlar narxini belgilash huquqi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchiga tegishli hisoblanadi va bozordagi talab va taklif munosabatlariga ko‘ra belgilanadi  — deydi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti katta maslahatchisi Nurbek Toshkanov. —  Narxni 10-20 so‘mga arzonroq qilib, xaridorni jalb qilish bu — marketing. Mahsulot shu narxda sotilishiga e'lon berilgan va u shu narxda sotilyapti. Sotib olish ixtiyori esa xaridorning o‘ziga tegishli. Bu erda majburlash yoki xaridorni aldashga urinish holati kuzatilmaydi.

Lekin agar mahsulotlarga chegirmalar qo‘llanishi  to‘g‘risidagi e'londa chegirma shartlari to‘liq ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu noto‘g‘ri reklama hisoblanadi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra noaniqligi, ikki xil ma'noni anglatishi, bo‘rttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qo‘yilgan talablarni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni buzishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, shaxslarga, shuningdek, davlatga zarar va ma'naviy zarar etkazishi mumkin bo‘lgan reklama noto‘g‘ri (insofsiz, bilaturib yolg‘on) reklama hisoblanadi.

Fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri reklama berganlik esa Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan eng kam ish haqining besh baravaridan etti baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Misol uchun chegirma deb, chegirma shartlari aniq ko‘rsatilmasa, aytaylik, chegirmaning  faqat bitta mahsulotga ekani aniq aytilmasa, bu chegirma to‘g‘risida muhim ma'lumotlar qoldirib ketilishi orqali iste'molchilarni chalg‘itish hisoblanadi.

Demak, berilgan e'lon noto‘g‘ri (yolg‘on) reklama hisoblanadi. Mazkur holat yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ko‘rinadiki, hamma narsaning o‘z talab va me'yorlari mavjud. Shunday ekan, har bir inson shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab biror ishni amalga oshirishdan avval, boshqalar buning jabrdiydasiga aylanmasligini ham hisobga olishi zarur. Zero, halollik va to‘g‘rilik bilan yo‘limiz ravon va uzun bo‘ladi.

Darvoqe:

  • O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, xaridorlarning 90 foizdan ko‘prog‘i o‘zi uchun kerakli mahsulotdan ko‘ra, chegirmalarga katta qiziqish bildirishadi.
  • Ayrim mijozlar esa chegirmaga asosan biror buyum xarid qilishdan ko‘ra, o‘z narxida xonadoniga etkazib berishlarini afzal ko‘rar ekan.  
  • Psychology Today nashri o‘tkazgan so‘rov natijalariga binoan, inson psixologiyasiga e'lon matni ham katta ta'sir ko‘rsatishi aniqlandi. Aytaylik, 50 foizlik chegirmaga qaraganda xarid qilingan buyumga ikkinchisi sovg‘a tariqasida beriladi, degan xabar samaraliroq natija beradi.  

Shahnoza RAHIMXO‘JAEVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish