Rahbarlik — bu xalqning eng quyi qatlami turmush darajasida yashashga rozilik degani

Har yili mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarini turli sohalar bo‘yicha o‘n minglab mutaxassislar bitiradi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 64 417 nafar yigit-qiz bakalavr, 5937 nafari esa magistr diplomiga ega bo‘lgan. Biroq shunga qaramay yurtimizda rahbar-kadrlar muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llagan paytda ham o‘zini eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri kadrlar masalasi ekanini ta'kidlagandi. 14 avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta'minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham kadrlar masalasiga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

Xo‘sh, biz shu vaqtga qadar o‘zimizga kerakli bo‘lgan kadrlarni nega tayyorlay olmadik? Kadrlar taqchilligining kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?

— Rahbarni tayyorlash, rahbarni etishtirish — ancha nozik va murakkab masala. Biroq kelib chiqishidan qat'i nazar, hatto genetik kodi zaif bo‘lsa ham, izchillik bilan o‘qitilsa, kerakli bilimlar berilsa, har qanday odamdan rahbar tayyorlash mumkin — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov. — Afsuski, ma'lum muddat oliy ta'limga qabul qilishdan tortib, talaba diplomni qo‘lga olgungacha bo‘lgan jarayonda tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik avj oldi. Ayrim ustozlar ta'magirlikdan or qilmay qo‘ydi. Ana shu korrupsion holatdan manfaatdor shaxslar ta'limni isloh qilishga yillar davomida monelik qila oldi. Oqibatda o‘tgan davr mobaynida malakali kadrlar etarlicha tayyorlanmadi. Ba'zi o‘g‘il-qizlarimiz xorijda ta'lim olib, o‘sha yoqda qolib ketdi. Bu muammolar mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bozor munosabatlaridagi qoidalarning bir-biriga mos kelmasligi oqibatida paydo bo‘ldi.

Bir misol, biz xalqaro iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirish, davlatlararo savdo aloqalaridagi shartnomalarni tuzish uchun xorijiy advokatlik tuzilmalariga murojaat qilamiz. Vaholanki, bunday yuridik xizmat arzon emas. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega shu paytgacha yurtimizdagi ta'lim dargohlarida xalqaro tijoriy huquq, xalqaro xususiy huquq kabi fakultetlar ochilmagan?

Afsuski, yuqorida ta'kidlaganimiz — korrupsion holat mana shu kabi yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Chunki ma'lum sohadagi poraxo‘rlik o‘sha yo‘nalishdagi o‘sishga to‘sqinlik qilsa, ta'limdagi korrupsiya barcha sohaga salbiy ta'sir qiladi.

Ikkinchi tarafi — davlat boshqaruvi yo‘nalishida fundamental, professional ta'lim beradigan, bakalavr darajasi olinadigan oliy o‘quv yurti ilgari bo‘lmagan... hozir ham yo‘q. Bu yo‘nalishda maxsus fakultetlar etakchi davlatlarda, jumladan, g‘arbdagi etakchi universitetlarda mavjud. Davlat xizmati bo‘yicha Public Service yoki Public Management, davlat siyosati bo‘yicha Public Policy, ijtimoiy siyosat bo‘yicha Social Policy, deb nomlangan bakalavr va magis­tratura dasturlari bor.

Biz bugunning talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak, davlat xizmatchilariga shu yo‘nalishda fundamental ta'lim berilishi kerak.

Rahbar-kadrlarning tez-tez almashinuviga nima sabab bo‘lmoqda?

— Kadrlarning tez-tez almashinuvi sohalar global o‘zgarishlarga hamohang tarzda yura olyaptimi-yo‘qmi, degan savolga javob bilan belgilanadi. Kadrlar o‘zgarishining boshqa jihatlari ham bor, albatta. Ya'ni davlat xizmatchisi davlat siyosatini to‘g‘ri talqin qila olishi, ishonch bildirishi o‘ta muhim. O‘n nafar kadrdan sakkiztasi islohotni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri talqin qilgan holda harakat qilsa, vazifani tortib keta oladi. Ikki nafar tasodifiy xodim jarayonga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, lekin to‘xtatib qololmaydi.

Shuning uchun jahondagi global rivojlanish qoidalarini ilg‘aydigan, yangilik qila oladigan xodimga imkoniyat va yaxshi sharoit yaratishdan cho‘chish kerak emas. Xorijda ilm olgan yoshlar yordamida global tajribadan foydalanishimiz zarur. Ularning aksariyati O‘zbekistonga qaytayotganidan xursand bo‘lishimiz kerak. Bunga birgina poytaxtimizdagi «Akfa Medline» xususiy klinikasini misol qilib aytadigan bo‘lsak, bu erda xorijdan qaytgan vatandoshlarimiz eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarib, minglab yurtdoshlarimizning salomatligini saqlab qolmoqda. Eng muhimi, xalqimiz chet elga minglab AQSh dollari sarflashdan xalos bo‘lyapti.

Yaxshi maoshni shundog‘am minglab odamlar ishlaydigan, byudjet hisobidan faoliyat yuritadigan tizimlar olib yotibdi. Shunday katta tizimlar borki, ularsiz ham iqtisodiyot o‘zgarishdan to‘xtamasligi mumkin. Balki, aksincha, byudjetga ko‘proq mablag‘ tushishi mumkin.

Shuning uchun ilg‘or taraqqiyot bilan xalqimiz o‘rtasida bog‘lovchi bo‘ladigan etuk kadrlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Agar xorijdan qaytib kelgan mutaxassisga lavozim berib, keyin qo‘limiz bilan uning yo‘lini bo‘g‘sak, ertaga ular hech narsa qila olmasligi mumkin. Ularga imkon, vaqt berish kerak. Savolga xulosa shu – kadrlar almashinuvi tabiiy, bozor munosabatlarini erkinlashtira olsak, bir kun o‘zining yo‘liga tushadigan jarayon.

Davlat xizmatchisi qanday bo‘lishi kerak?

— Davlat xizmatchisi davlatchilik tafakkuriga ega bo‘lishi kerak, ya'ni davlatning taraqqiyot strategiyasini, soddaroq aytganda, xalq ko‘zlagan manzilini aniq tasavvur qilishi lozim. Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifani fragmentar tarzda emas, balki mamlakat miqyosida talqin qila olishi, to‘laqonli tafakkur eta olishi muhim. Aks holda, davlatchilik tafakkuri nosog‘lom, tasodifiy rahbarlardan har doim xalq aziyat chekadi. Bunaqalar qaerdan kelib qoladi? Ularni mafkurasi buzuq odamlar olib keladi. Bu qanday bo‘ladi? Bitta nosog‘lom tafakkurli rahbar o‘z manfaati yo‘lida xizmat qiladigan odamni yoniga oladi. Bunaqa kishilar, avvalo, o‘zini davlat xizmatchisi sifatida his qilmagan bo‘ladi.

Davlat xizmatchisi mas'uliyatini his qilish degani — «men xalqning eng quyi qatlami turmush darajasida yashashga roziman», degani. Agar rahbarning moddiy hayoti oddiy xalqnikidan keskin farq qilsa-yu, u o‘z hududidagi oddiy xalq dasturxoni haqida qayg‘urmasa, u rahbarlik lavozimiga loyiq emas. Bunday xislat faqat tarbiya, milliy e'tiqod, shu yo‘nalishdagi fundamental bilim bilan etishtiriladi.

Rahbar bo‘lish uchun Prezident ma'ruzasini tushunishning o‘zi etmaydi, ma'ruza keng ommaga qaratilgan, uni barcha eshitadi va davlat rahbarining umummilliy strategiyasini, yo‘nalishlarini anglaydi. Rahbarlar uchun esa talab jiddiy: ular davlat rahbarining siyosatini, uning yukini o‘z zimmasida, lavozimi taqozosiga ko‘ra his qilishga majbur. His qilish bilan amalga oshirishda to‘laqonli ishtirok etish boshqa-boshqa narsa. Buning uchun tom ma'nodagi «davlat xizmatchisi» e'tiqodi zarur.

Rahbar xodimlarning «buzilishi»ga qanday omillar ta'sir qilmoqda?

– Jamiyatimizda katta ishonch bildirilib, yuqori lavozimlarga tayinlangan ayrim rahbarlar o‘zini nomunosib tutayotgani sir emas. Xususan, katta miqdordagi poralar bilan qo‘lga tushayotgan holatlar uchrab turibdi. Shu bois tezlik bilan bozor munosabatlarini rivojlantirishimiz, davlat o‘z mas'uliyatidagi juda ko‘p vakolatlarni bozor tizimlariga berishi kerak. Ya'ni davlat boshqaruvchilikdan ko‘ra, ko‘proq muvofiqlashtiruvchilik vazifasini saqlab qolishi zarur. Boshqacha aytganda, davlatning mumtoz vazifalari bor, davlatga shularning o‘zi etadi.

Iqtisodiyot bozor qonunlari asosida rivojlanishi zarur. Hokimlar faqat ochilish marosimiga «lenta» qirqish uchun borishi kerak. Ya'ni, qurilish bo‘ladigan bo‘lsa, hokimning o‘zi kechayu-kunduz boshida turib qurdirishi shart emas. «Otang bozor, onang bozor», degan gap bekorga aytilmagan.

O‘tgan asrning so‘nggi choragida Evropa Ittifoqining etakchi davlatlarida pochta, temir yo‘l, havo yo‘llari kabi sohalarni xususiylashtirish borasida savol muhokama qilinganda, ba'zi parlament a'zolari bu sohalarni xususiy sektorga topshirish xato ekanini ta'kidlashgan. Bugun Evropaga borib, pochta, temir va havo yo‘llari singari sohalarni yana davlat tasarrufiga o‘tkazsak bo‘ladimi, deb so‘rasangiz, «bu odam aqldan ozibdi», deb aytishadi. Bu holat shundan dalolat beradiki, davlat faqat davlatgagina xos bo‘lgan vazifalarni o‘zida qoldirishi zarur. Albatta, bu osonlik bilan bo‘ladigan ish emas. Davlat xususiy sektorga ishonmaydi, zero davlat nazarida xalqning taqdirini ularga ishonish ijtimoiy adolatning buzilishiga olib kelib, ko‘plab sohalarda monopoliya o‘rnatilib, ijtimoiy taranglik yuzaga kelishi mumkin.

Hozirgi holatda esa, erkin bozor munosabatlarini taqozo etadigan vazifalar rasmiy vakolatlar bilan hal etiladigan bo‘lsa, davlat tizimlari rahbarlari atrofida xususiy manfaatlar to‘planadi va o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bunga misollarni har kuni ijtimoiy tarmoqlardan ko‘rib turibmiz.

Xulosa shuki, kadrlar etishmasligi, degan tushunchaga kengroq qarash lozim. Kadrlar ko‘p, faqat ularni topish kerak. Bu esa muntazam izlanish talab etadi, saralanganlarni qisqa muddat bo‘lsayam o‘qitib, ularga ishonish, vazifa berish kerak va bir muddat yo‘naltirish kerak.

Rustam YuSUPOV yozib oldi.

 

Izoh 0

Izoh qoldirish