«Oqqo‘rg‘on dehqon bozori»da savdo qiluvchi ayollar Ichki ishlar organlari xodimlariga nega qarshilik ko‘rsatishdi?

Keyingi paytlarda xalqimiz orasida ijtimoiy tarmoqlar shu darajada ommalashdiki, har kim ko‘rgan-bilgan, tasdiqlangan va tasdiqlanmagan turli xil voqea va hodisalarni qo‘l telefoni yordamida foto va video s'yomka qilib tarqatmoqda. Bir tomondan bu aholini tezkor xabarlar bilan ta'minlasa, ikkinchi tomondan xalqimiz orasida vahima uyg‘otib, tasdiqlanmagan axborotlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoq — xatarli qarmoqmi?

Yaqinda ana shunday voqea­lardan biri Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Oqqo‘rg‘on dehqon bozori»da savdo qiluvchi ayollarning ichki ishlar organlari xodimlariga norozilik bildirib, janjallashayotgani aks ettirilgan videolavha e'lon qilindi.

Unda joriy yilning 14 avgust kuni soat 11.00larda «Oqqo‘rg‘on dehqon bozori» mas'uliyati cheklangan jamiyati hududida xavfsizlikni ta'minlash va har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida bozor hududiga A.Navoiy ko‘chasi tomondan kirish qismini devor bilan berkitish uchun tuman hokimining 1836-sonli «Oqqo‘rg‘on shahri «Birlik» mahallasi A.Navoiy ko‘chasi hududidagi bo‘sh turgan er maydonida fuqaro Davron Qurbonov tomonidan ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishi uchun ruxsat berish» to‘g‘risidagi qarori asosida qurilish ishlari boshlangan vaqtida shu erda poliz ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanayotgan E.A., Yu.A. va N.B. ismli ayollar devor qurilsa, savdolari yurishmasligini ro‘kach qilib, fuqarolar orasida jamoat tartibini buzishgan va baqir-chaqir qilib, atrof­dagilarning e'tiborini o‘ziga qaratib, ustalar va bozor rahbarini haqorat qilib, qurilayotgan devorni buzib tashlangan voqeasi aks etgan.

Aslida bu joy bozorning asosiy kirish yo‘lagi yoki bozor darvozasi ham emas. Bu erda yoymachilar tufayli avtomashinalar tirbandligi vujudga kelmoqda.

Voqeaga oydinlik kiritildi

Mazkur holat bo‘yicha «Oqqo‘rg‘on dehqon bozori» mas'uliyati cheklangan jamiyati ma'muriyati tomonidan tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumani IIB mas'ul xodimlari va hududiy profilaktika ins­pektori tartibbuzarlikni bartaraf etish maqsadida hodisa sodir bo‘lgan joyga etib borishgan vaqtida bozorda savdo qiluvchi yuqorida sanab o‘tilgan ayollar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatishgan.

Shundan so‘ng, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolar E.A., Yu.A. va N.B.larning tartibbuzarlik sodir etishlarining oldini olish choralari ko‘rilgan. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, ichki ishlar organlari xodimlari bozor hududida tartibbuzarlik sodir etayotgan fuqarolarga imkon qadar xushmuomalalik bilan murojaat qilishgan. Ammo ayollar ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, jamoat tartibini buzishga qaratilgan o‘z xatti-harakatlarini davom ettirganliklari sababli, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarga chek qo‘yish maqsadida huquqbuzarlarni tuman IIBga olib borish choralari ko‘rilgan va surishtiruv ishlari olib borilgan.

Ayollarni maxsus avtomashinaga olib chiqilayotgan holati shu atrofda jarayonni kuzatib turgan fuqarolar tomonidan qo‘l telefoni orqali tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni tuman hokimi va uning o‘rinbosari — xotin-qizlar qo‘mitasi raisi shu erdagi ayollar bilan suhbatlashgan. Ayni vaqtda ushbu ayollar o‘z yumushlari bilan mashg‘ul.

Mast holdagi fuqaro ichki ishlar organlari xodimiga to‘sqinlik qildi

Yurtimizdagi barcha davlat tashkilotlari xodimi xalqimiz farovonligi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvor bo‘lishini ta'minlashga xizmat qilmoqda. So‘zimiz davomida qonuniy manfaatlar ustuvorligi degan so‘zni ishlatganimiz bejiz emas.

Boisi ayrim yurtdoshlarimiz ularga bo‘layotgan hurmat, e'tibor va ko‘maklarni suiiste'mol qilgancha, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yib, davlat tashkilotlari xodimlari bilan qo‘pol munosabatda bo‘lmoqda yoki ularga qo‘l ko‘tarib, tan jarohati etkazmoqda. Natijada esa bu kabi fuqarolar qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Bunday holat joriy yilning 17 avgust kuni Navoiy viloyatida ham yuz berdi. Shu kuni soat 19:10larda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB inspektori Navoiy shahri I.Karimov ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelgan, davlat raqam belgisi 85 971 SAA bo‘lgan «Cobalt» rusumli avtomashinani piyodaga yo‘l bermagani uchun to‘xtatib, haydovchidan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan, ammo haydovchi Jasur Sayitovda mazkur avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan. Shu sababli, inspektor qonuniy tartibda haydovchi J.Sayitovga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani Navoiy shahridagi jarima maydonchasiga olib kelgan.

Bundan xabar topgan haydovchi J.Sayitovning 44 yoshli otasi Alisher Hayitov jarima maydonchasiga mast holatda kelib, inspektor tomonidan avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yilishiga faol qarshilik ko‘rsatgan. So‘ng uni haqoratlab, unga qo‘l ko‘targan va tan jarohati etkazgan. Natijada jiddiy jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga olib borilgan. Hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

O‘z o‘rnida fuqarolarimizga bu kabi harakatlar qonunbuzarlik holati ekanligini eslatish bilan birga, har qanday kelishmovchilik va e'tirozlarini tartibbuzarlikka qo‘l urmay, qonuniy yo‘l bilan hal etishga e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

Rashid NASILLAEV,

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimi.

 

Izoh 0

Izoh qoldirish