Yunusoboddagi Oqtepa tepaligi ostidagi sirlar

Tuproq qa'rida asrlar davomida sukunatga cho‘mgan bu joylar olis o‘tmishda obod shaharu kentlar bo‘lganiga ishongingiz kelmaydi. Toshkentning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Oqtepa arxeologik yodgorligi bilan tanishar ekansiz, xayolan olis moziyga sayr qilgandek bo‘lasiz. Ilk o‘rta asrlarda, ya'ni 16 asr muqaddam bino qilingan ulkan istehkomning xarobasi bo‘lgan bu tepalikda qasr, qo‘rg‘on hamda ularga tutashib ketgan hunarmandchilik mahallalarining vayronalari bor. Oqtepa piramidaga o‘xshash baland tepa, unga yondashgan pastroq tepa hamda ularga tutashib ketgan bir nechta yassi tepaliklardan iborat. Uning eng baland qismi 21 metrga teng. Bir paytlar hududi qariyb yuz gektar maydonni egallagan tarixiy obidaning bugunga kelib atigi to‘rt gektari qolgan, xolos.

Ko‘hna manzilning kashf qilinishi

— Mazkur tepaliklarni o‘rganish o‘n to‘qqizinchi asrning 80-yillaridan boshlangan, — deydi O‘zbekiston milliy universiteti tarix fakulteti o‘qituvchisi Rahmon Ibragimov. — Dastlab uni 1886 yilda V.P.Nalivkin qayd qilgan. Keyin turli yillarda bu erda arxeologlar tomonidan qazishma ishlari bajarilgan. Xususan, 1940-1941 yillarda A.I.Terenojkin qisman qazishmalar olib borgan. 1975 va 1977-1983 yillarda esa Toshkent arxeologiya ekspedisiyasi keng ko‘lamda o‘rgangan. Ushbu qazishma ishlari Oqtepaning qanday yodgorlik ekanligi, uning tuzilishi, paydo bo‘lgan va xarobaga aylangan davrlari hamda vayronagarchilik sabablariga oydinlik kiritdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Oqtepa kanali bo‘yida joylashgan Yunusobod Oqtepa yodgorligi tarixi V-XIII asrlarga borib taqaladi. Uning janubiy tomoni balandroq tepalik ko‘rinishidagi ark va qishloqdan iborat bo‘lgan. Ark xarobalari shimoldan janub tomonga cho‘zilgan va qishloqdan chuqur jarlik bilan ajratilgan. Keng hovli va uning janubiy qismida qasr xarobalari joylashgan bo‘lib, qazish vaqtida xom g‘isht va paxsadan qurilgan, me'moriy jihatdan yaxshi saqlangan binolar qoldiqlari ochilgan.

Osma ko‘prik, labirintsimon darvoza...

«Toshkent» ensiklopediyasida qayd etilishicha, majmuada qurilish 3 bosqichda amalga oshirilgani aniqlangan. Birinchi bosqichdan (V–VI asrlar) qal'aning ichki qismidagi bir necha xona va yo‘laklar saqlanib qolgan. Qishloqdagi hayotning so‘nggi davri (VII–VIII asr boshi)ga oid ansambl baland qasr (maydoni 80x80 m.), hovli va qasr etagida joylashgan saroy tipidagi inshootdan iborat. Ansambl mudofaa devori va xandaq bilan o‘ralgan. Qasrga g‘arb tomondagi xandaq ustiga qurilgan osma ko‘prikdan o‘tilgan. Ko‘prikdan o‘tilgach, labirint ko‘rinishidagi darvozaga, so‘ngra hovliga kirilgan. Darvozalar oldida qo‘riqchilar xonasi, shimolda saroysimon inshoot, qasr joylashgan. Qasrga kvadrat minora orqali pandus bilan ko‘tarilgan. Qasr ikki qator yo‘laklar bilan o‘ralgan. Ustki qator yo‘laklar burchaklarida dumaloq gumbazli xonalar bo‘lib, ular tashqaridan aylana minoraga o‘xshab ko‘ringan.

Qasr nimaga mo‘ljallangan?

Qasrning ichi ikki qismga bo‘lingan. Farbiy qism burchagida ikki qavatli baland minora — mo‘la qad ko‘targan. Pastki qavatda gumbazli uchta yo‘lak, yuqorida — devoriy rasmlar bilan bezatilgan zal joylashgan. Shu erda otashparastlarning ikki xonali sajdagohi, qo‘shimcha yondosh xonalar bo‘lgan.

Asosiy xonaning devorlari tagida supalar, markazda otashgoh bo‘lib, uning usti yog‘och bilan ramziy yopilgan. Quyosh nurlaridan muhofaza qilingan yalang devorli xona zardushtiylar otashgohi talablariga mos ravishda bunyod etilgan. Bu qism markazida kub ko‘rinishidagi mahobatli bino qad ko‘targan, uning usti gumbaz bilan yopilgan, devorlari qalin bo‘lgan, ichida supalari — novuslar joylashib, ularga zardushtiylar udumiga ko‘ra ostadonlar qo‘yilgan. Qasrning sharqiy qismida xo‘jalik (oshxona, uzum ezadigan qurilma, tandirlar) va ombor­xonalar joylashib, ular uzun, ikki qavatli yo‘lak qo‘rinishida bo‘lgan, u erdagi supalarga xumlar qo‘yilgan. Qasrdagi yo‘laklarda shu davr uchun xos bo‘lgan shinak-tuynuklar bo‘lmagan, uning mudofaasi yo‘laklarga o‘rnatilgan usti tom kunguralari ortidan amalga oshirilgan. Omborxonalar va minora tepasiga zinapoya bilan chiqilgan, u erda maydoncha bo‘lgan, natijada qasr zinapoyasimon tashqi qiyofa ko‘rinishini olgan. Hovlidagi saroy majmuasi uchta yirik zal, keng hovli va ichki xonalardan tashkil topgan. Zallar usti yog‘och to‘sinlar bilan yopilgan, ularning bir qismi qulab tushgan holatda saqlangan. Devorlar rangli, naqshinkor syujetli rasmlar bilan bezatilgan. Markaziy zal — marosimlar o‘tkaziladigan zal atrofi zinali supalar bilan o‘ralgan, markazida taxt o‘rnatilgan.

Noyob topilmalar jamlamasi

Qal'adagi arxeologik topilmalar alohida diqqatga sazovor. Jumladan, tosh, suyak va metaldan yasalgan qurol-yarog‘, zebi-ziynat, temir pichoq, xanjar, bolta, o‘roq, uch parrakli o‘q paykonlari, tosh yorg‘uchoqlar, tog‘ xrustali, ko‘zli kumush uzuk va boshqa narsalar topilgan. Ayniqsa, nuroniy mo‘ysafid tasvirli terrakota (sopol buyum) Shoshda yashagan qadimgi aholining etnik qiyofasi haqida tasavvur beradi.

Inqirozga nima sabab bo‘lgan?

Yunusobod Oqtepasi VII-VIII asr boshida yashagan chochlik yirik zodagonning qasrli chorbog‘i, saroyi bo‘lgani taxmin qilinadi. Bu erda o‘sha davrga mansub topilmalar, jumladan, ummaviylar xalifaligi (VIII asrning birinchi yarmi)ga oid kumush tangalarning kichik xazinasi topilgan. Ushbu tangalar va ko‘shk binolaridagi kuchli yong‘in asoratlari arablar bosqini bu erda vayronagarchilik keltirib chiqarganini ko‘rsatadi. VIII asrning ikkinchi yarmida yodgorlik hududida hayot qayta jonlangan, IX-XII asrlarda esa u Binkat viloyatining mustahkamlanmagan qishloqlaridan bo‘lib, XIII asr boshida mo‘g‘ullar istilosi davrida inqirozga uchragan.

Xullas, qadimgi Sharq me'morchiligining noyob obidasi bo‘lmish Yunusobod Oqtepasi ilk o‘rta asr shahar qurilish san'ati va madaniyati namunasi sifatida katta ahamiyatga ega.

To‘lqin ShERNAEV tayyorladi.

Izoh 0

Izoh qoldirish