Nukus shahar hokimligi diqqatiga: mutasaddilar muammolarga nega befarq?

Avval chiqindilar yoqib yuborilar yoki chuqur kovlanib, ko‘mib qo‘yilardi. Bu atrof-muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi barobarida aholi sog‘lig‘iga ham xavf tug‘dirardi. Endilikda bu kabi holatlar barham topdi. Chiqindilarni olib ketish uchun maxsus mashinalar biriktirildi. Yo‘nalishdagi ishlarga mas'ul «Toza hudud» davlat unitar korxonasining sa'y-harakatlari e'tiborga molik.

Xo‘sh, uning hududlardagi filiallari ishidan ham ko‘ngil to‘ladimi? Birgina Nukus shahridagi mahallalarga «Toza hudud» korxonasi filiali va to‘rtta tadbirkorlik sub'ekti xizmat ko‘rsatmoqda. Ularga shahardagi 59 ta fuqarolar yig‘ini biriktirilib, aholi bilan shartnomalar tuzilgan.

Hammasi joyida edi, biroq...

Bir necha yil chiqindilarni olib ketish ishlari risoladagidek bajarildi, bundan fuqarolar ham mamnun edi. Ammo Nukus shahri tashqarisida chiqindilar tashlanadigan hududning yopib qo‘yilishi bilan hammasi boshlandi. Maxsus hudud eshiklari nega yopildi, aholi xonadonlari va ishlab chiqarish korxonalaridan chiqqan chiqindilar endi qaerga tashlanadi, degan savollar esa ochiqligicha qoldi. Murojaatlarga hududga yaqin aeroportga samolyot qo‘nishi paytida qattiq shamol turib polietilen xaltachalarni havoga uchirib, yon-atrofga yoyayotganini sabab qilib keltirish bilan kifoyalanishdi. Shu bahona bo‘ldiyu, xonadonu korxonalardan chiqindilarni olib ketish tizimi ham izdan chiqdi. Oradan ikki oy vaqt o‘tdi. Hokimlikdan biron kim mazkur masala bilan qiziqmadi.

Reyd nimani o‘zgartirdi?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Nukus shahar bo‘limi va inspeksiya xodimlari hamkorligida hududda reyd o‘tkazildi. Jarayonda «Nukus tozalash» MChJ haydovchisi maishiy chiqindilarni belgilanmagan joyga to‘kayotgani aniqlandi. Afsuski, bu kabi holatlar kundan-kunga ko‘paymoqda. O‘zboshimchalik bilan olib kelingan chiqindilar uyumi esa allaqachon tog‘ kabi ko‘tarilib ulgurgan. Yon-atrofni esa badbo‘y hid tutgan. Polietilen paketlar nihoyatda katta hududni egallagan.

Chiqindi tashlaganlar jarimaga tortildi

— Chiqindi tashlash uchun maxsus hudud ajratish bo‘yicha Nukus shahar hokimligiga xat yuborganmiz, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Kamal Seytniyazov. — Ommaviy axborot vositalarida bu bo‘yicha bir necha marotaba chiqishlar ham qilindi. Ammo shahar hokimligi bundan tegishli xulosa chiqarmadi. Natijada shahar yaqinidagi bir nechta bo‘sh hududda chiqindixonalar yuzaga keldi. Afsuski, bu hozir ham davom etmoqda. Tadbirkorlik sub'ektlari xodimlari ham chorasizlikdan chiqindilarni to‘kib ketishmoqda. Reyd davomida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari uchun 3 kishiga jarima solindi.

Nukus shahri ishlab chiqarish rivojlangan hudud. Tabiiyki, bu erdan kuniga 2-3 mashinada chiqindilar olib ketiladi. Shahar yaqinidagi «chiqindixona» esa tobora kengaymoqda. Xo‘sh, chiqindilarni olib ketishga mas'ul tashkilotlar bu vaziyatga qanday izoh beradi?

Murojaatlarimiz e'tiborsiz qoldirilmoqda

— Nukus shahridagi 13 ta mahalladan chiqindilarni yig‘ish va tashish bizga yuklatilgan, — deydi «Nukus tozalash» MChJ rahbari Jollibay Toremuratov. — Ayni paytda 4 ta maxsus transport to‘laqonli faoliyat olib bormoqda. Ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan reydda haydovchimiz belgilanmagan joyga chiqindi to‘kkani uchun jarimaga tortildi. Bu biz uchun saboq bo‘ldi. Biroq chiqindilarni qaerga to‘kaylik, degan savolimizga hech kim javob bermayapti. Shahar hokimligiga qilgan murojaatimiz ham javobsiz qolmoqda. U erga olib borib to‘kavering, deb aytilgan og‘zaki javoblar esa hech qanday huquqiy asosga ega emas. Yana bir holat bizni tashvishga solmoqda. Ya'ni avvallari tashlangan chiqindilar alohida yig‘ilib, qayta ishlash uchun saralanardi. Bugun esa bu bilan biron kimning ishi bo‘lmayapti. Ekologiya qo‘mitasi esa faqat reyd o‘tkazib, jarima solish bilan ovora. Ular shu kabi masalalarga e'tibor qaratib, bizga kerakli sharoitlarni yaratib berishsa, yaxshi bo‘lardi.

— Vaziyatdan xabarimiz bor, — deydi Nukus shahar hokimligi bosh mutaxassisi Sulton Boyniyazov. — Chiqindilar poligonini qurish uchun «Roodell-recovery» MChJga 50 gektar er ajratib berilgan edi. Biroq ikki oy oldin mazkur tashkilot o‘z faoliyatini tugatdi. Ajratilgan er ham balansidan chiqarildi. Hozirda tadbirkorlik sub'ektlari bilan shartnoma tuzish ishlari olib borilyapti. Tez orada chiqindilar poligoni «Mingbay Nukus» MChJ balansiga o‘tkazib beriladi. Shu bilan hududdagi muammolar ham barham topadi.

Mas'ullardan javob kutamiz

Aslida, hududlarda maxsus chiqindi tashlash joylarini tashkil etishga kim javobgar? Hokimliklarmi yoki ekotashkilotlar?

Joriy yilning 7 martida Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashining topshirig‘i asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 95-sonli qarori qabul qilindi. Unda chiqindilarni belgilanmagan hududlarga tashlashga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga e'tibor qaratilgan. Joylarda maishiy chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va hududni chiqindilardan tozalash ishlariga shaxsan shahar va tuman hokimlari mas'ul etib belgilangan. Shu asosda barcha viloyat, shahar va tumanlarda chiqindilarni tashlash va zararsizlantirish(ko‘mish) uchun maxsus poligonlar tashkil etilishi qayd etilgandi.

Lekin negadir ushbu talab Nukus shahar hokimligi tomonidan bajarilmayapti. Agar ahvol shu tarzda davom etaversa, shahar atrofi chiqindixonalar bilan o‘raladi. Bu esa hududda turli yuqumli kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu mavzuga yana qaytamiz.

 

Omirbay ESBERGENOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish