To‘y-hashamlar endi tartibga tushadi...(mi?)

Bundan yuz yil ilgari ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy «Oyina» jurnali orqali to‘y va ma'rakalardagi dabdababozlikdan qutulmasak, hech qachon rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shila olmasligimizni bashorat qilgan edi.

IQTIBOS

«To‘y va ta'ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur».

Mahmudxo‘ja Behbudiy 
«Oyina» jurnali, 1915 yil.

O‘tgan bir asr davomida sonsiz bid'atlar, illatlar yo‘q qilindi. Ammo to‘ylarimiz, ma'rakalardagi ahmoqgarchilik, dabdababozlik rivojlanib bordi. Hatto to‘y uchun olgan qarzini to‘lay olmay uy-joyini sotgan, joniga qasd qilganlar to‘g‘risida ham eshitdik.

Kelinning sepi oilalarning buzilishi, bolalarning etim qolishiga sabab bo‘lgan holatlar ham bor. Natijada bugun tegishli organlar dabdababozlikka chek qo‘yish maqsadida qat'iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. 12 sentyabr kuni Oliy Majlis palatalari kengashlarining mavzuga oid qo‘shma yig‘ilishida «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishining tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish  to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Xo‘sh, yangi qaror dabdababozlik, manmanlikka chek qo‘ya oladimi? Shu to‘g‘risida O‘zbekiston  Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Iqboljon Mirzaaliev bilan suhbatlashdik.

Yuz yilda ham o‘zgarmadik

— Darhaqiqat, qanchalar achchiq bo‘lmasin, Behbudiy bobomiz to‘ylar haqida kuyunib yozganidan buyon, deyarli hech nima o‘zgargani yo‘q, — deydi I. Mirzaaliev. — Aksincha dabdababozlikning miqyosi oshib bordi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, ma'no-mazmundan mutlaqo xoli yangidan-yangi bachkana odatlarni o‘ylab topyapmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan to‘ylar va kortejlar, marosim va ma'rakalar bilan bog‘liq lavhalar aqli bor odamni hushyor torttiradi. «Charlar», «aqiqa», «muchal to‘yi», «qiz majlis», «kuyov chaqiriq», «kelin ko‘rish» kabi marosimlar kamdek yaqinda «papka to‘yi» degan bema'ni odat ham paydo bo‘ldi. Bular ming-minglab oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Jamiyatda ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanishni bo‘rttirib ko‘rsatyapti va bu aholi orasida norozilik kayfiyatining kuchayishiga sabab bo‘ladi.

Lattaparastlikni yigitlarimiz kimdan o‘rganyapti?

Yaqinda bir yigit kelin tomon sarpoga Turkiyada emas, o‘zimizda ishlab chiqarilgan kiyim-kechak yuborgani uchun to‘yni buzgani haqida xabar tarqaldi. Yigitcha uyalmay shu to‘g‘rida intervyu ham berdi. Bunday sharmandalikni qaerdan o‘rganyapmiz? Xorijdanmi? Yo‘q, albatta. Chunki dunyoning birorta mintaqasida bunaqa urf mavjud emas. Turmush qurishda lattaning qadri emas, balki muhabbat, hurmat asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Muqaddas dinimizda esa to‘ydan oldin kuyov kelinga mahr berishi kerak. Hozir esa, aksincha, kelinlar latta-putta, erkaklar pardoz vositalari, mebel, mashina, uy ko‘rinishida kuyovlarga «mahr» berishi kuzatilyapti. Buning mohiyatini o‘ylab ko‘rayotganimiz yo‘q. Sarpoga kelgan kostyum-shim oddiyroq bo‘lgani uchun to‘yni buzgan ukamizga esa «erga tekkaning yaxshi», deya javob berishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. O‘g‘lini lattaparast qilib o‘stirgan ota-onaga ham achchiq gaplarimiz bor, albatta. To‘g‘risi, beyuz «kuyov»ning intervyusini tomosha qilib, to‘yi buzilgan qiz uchun xursand bo‘ldim. Zero, u bunaqangi «yigit» bilan baxtli bo‘lishi dargumon edi.

Yangi qaror vaziyatni izga sola oladimi?

2018 yilda yuqoridagi masalalarda tegishli qaror qabul qilingandi. Afsuski, natija kutganimizdek bo‘lmadi. O‘sha paytda dabdaba biroz pasaysa-da, bugun yana avjiga chiqdi. Natijada, bildirilgan takliflarni inobatga olib Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida tegishli yangi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. O‘ylaymizki, bu safar dabdababozlikka chek qo‘yishga erishiladi.

Endi to‘y kortejida uchtadan ortiq mashina bo‘lmaydi...(mi?)

Nizomga ko‘ra, 2020 yildan to‘y o‘tkazuvchi shaxslar bu haqda kamida bir hafta oldin yashash joyidagi mahalla raisini xabardor qilishi shart. Dafn marosimidan tashqari barcha oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Osh berish marosimining vaqti esa hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan belgilanadi. To‘y bazmlariga 200 nafargacha, oshga esa 250 nafargacha mehmon taklif qilish mumkin. Qo‘shaloq to‘y bazmlarida 250 nafargacha, u bilan bog‘liq oshda 300 nafargacha mehmon kutiladi. To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxs ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun shartnoma tuzilishi kerak bo‘ladi. San'atkorlar har qanday holatda ham qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadilar. Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Diniy mavzudagi ma'ruzalar faqat diniy idoralarning vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.

Shuningdek, nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi.

«Charlari» ham o‘tkazilmaydi

Milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni o‘tkazish ham qat'iy tartibga solinadi. Jumladan, «kelin navkari», «charlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» va hokazolarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar — «etti», «payshanbalik», «yakshanbalik», «yigirma», «qirq», «hayit», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» va hokazolarga barham beriladi.

Prokuratura nazoratiga oladi

Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta'sirchan nazoratni amalga oshiradi. Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablariga to‘yxona, kafe va restoranlarda rioya etilishini nazorat qiladi hamda ushbu talablar buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.

Bunda to‘yxona, kafe va restoranlar ma'muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim. Albatta, nizom talablarini hayotga tatbiq etish jarayonida uning kamchiliklari, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan yangi dolzarb masalalar aniqlanib boraveradi. Ehtimol bu borada keyinroq mukammal bir qonun ham qabul qilinar. Zero, jamiyatimizni qurtdek kemirayotgan dabdababozlik illatiga chek qo‘yish bugun davlat darajasidagi muxim vazifalardan biriga aylanib bormoqda.

 Ulug‘bek IBODINOV

 «Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish