Idorasiz mahallalar, boshqa ishga jalb etilayotgan raislar, hududiga kelmaydigan profilaktika inspektorlari...

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ishtirok etib, nutq so‘zlagan tadbirda tuman hokimlari, boshqarma boshliqlari, tuman kengashlari boshqaruvlari hamda fuqarolar yig‘inlari raislari qatnashdilar.

Keskin tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda, asosan, Prezidentimizning sohaga doir farmonlari ijrosi tahlil qilinib, fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq muammolar, poytaxt mahallalarida ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish borasida echimini kutayotgan dolzarb masalalar muhokama etildi.

Poytaxt mahallalari namuna bo‘lishi kerak

Toshkent — har jihatdan rivojlanib borayotgan megapolis shahar. Bu yutuqlarda mahallalarning ham hissasi cheksiz. Xususan, yig‘inlar faoliyatida ko‘plab ilg‘or tajribalar to‘planib, respublika miq­yosida tatbiq etishga arzigulik ijtimoiy loyihalar dunyo yuzini ko‘rayotir. Raqamlarga nazar solsak, mahallalar tomonidan 6 055 ta oiladagi nizolarga barham berilib,
2 872 ta oila ajralib ketishdan saqlab qolingani yoki jinoyat sodir etilmagan mahallalar soni 138 tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 taga ko‘paygani ham poytaxtlik mahalla faollarining sidqidildan qilayotgan mehnatlari samarasi, albatta.

— Mahallalar faoliyati tahlil qilinganda ijtimoiy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi holatlar, qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi, — deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov. — Jumladan, yig‘in raislari bilan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar, profilaktika inspektorlari hamda uning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari maqtanarli emas. Aksariyat mahallalarda profilaktika inspektori yordamchisi kimligini hatto mahalla raislari ham yaxshi bilishmaydi. Boshqa mahallalarda yashayotgan fuqarolar esa inspektorlarga yordamchi lavozimiga ishga olinayotir. Eng achinarlisi, ularning ayrimlari bir-ikki haftalab mahallaga qadamini bosmaydi.

«Siz menga xo‘jayin emassiz!»

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida profilaktika inspektorlariga shu hududda alohida-alohida xizmat uylari hamda mashinalar berildi. Lekin aksariyat inspektorlarning xizmat uylarida istiqomat qilmayotgani hech kimga sir emas. Yashnobod tumanidagi «Iqbol», «Iltifot» hamda Nodira nomli, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Avayxon» hamda Humoyun nomli mahallalarda hudud profilaktika inspektorlarini odamlar mutlaqo tanishmaydi. Mahalla bilan hamkorlik yo‘qligi, xizmat uylari ajratilgan bo‘lsa-da, lekin u erda inspektorlarning yashamasligi natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahridagi 53 ta mahallada jinoyatchilik ko‘rsatkichi oshgan.

Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis mahalla idorasida faoliyat olib borsa-da, «Bu — mening ishim emas!», «Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokim o‘rinbosariga buysunaman!» deya mahalla raislari bilan ko‘p ziddiyatlarga borishayotgani ham kelayotgan murojaatlardan ayon bo‘lmoqda.

Eng yomoni, bunday sansalorlik tufayli salbiy ko‘rsatkichlar o‘sib bormoqda: joriy yilning ayni davrigacha respublika bo‘yicha nosog‘lom diniy g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan oilalarning 43 foizi yoki 4 974 tasi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etgani uchun 1039 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan. Farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi ota-onalar soni 232 nafarni tashkil etgan. O‘z joniga qasd qilish holatlari 43 taga etgan. Ming afsuski, yosh oilalarning ajralishi ham oz emas — 2 223 tani tashkil etib, ajrashgan oilalar 2018 yil shu davriga nisbatan 174 taga oshgan. Hatto 5-6 yil birgalikda yashab, farzand ulg‘aytirib ulgurgan oilalar ham murosaga kelmayotgani yig‘inlardagi ishga munosabatning qandayligi, tashabbus, fidoyilik etishmayotganini ko‘rsatib turibdi. Tahlillarga ko‘ra, ajralishlar soni Uchtepa tumanida eng katta miqdor — 46 taga etgan. Boshqa tumanlarda ham ahvol quvonarli emas.

88 nafar mahalla xodimlari darslarga qatnashmagan

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida fuqarolar yig‘inlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimizning tegishli qarori bilan Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari zimmasiga o‘quv kurslari faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Ammo bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini hech qanday izoh bilan oqlab bo‘lmaydi. Toshkent shahrida 2019 yilning 1 yanvaridan hozirgi kunga qadar 876 nafar mahalla xodimi malaka oshirgan. Ammo 88 nafari turli sabablarga ko‘ra dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan.

Mahalla raislarini kimlar ishdan bo‘shatmoqda?

Yana bir og‘riqli masala nafaqat poytaxt mahallalari, balki butun respublikamizdagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga tushov bo‘layotir. Bu — yig‘in raislarini lavozimidan ozod etish masalasidir. Joriy yilning may oyida o‘tkazilgan saylovlardan keyin 19 nafar yig‘in raisi ishdan chetlatilgan. Tahlillarga ko‘ra, mahalla raislarining tez-tez almashishiga tuman hokimligi va davlat boshqaruvi organlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'siri sabab bo‘lmoqda.

Ta'kidlash joizki, davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 apreldagi «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida 2019 yilning 1 iyunidan fuqarolar yig‘inlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ammo bu me'yorning hozirgi kunga qadar kuchga kirmagani hokimliklar mutasaddilari ushbu farmon mazmun-mohiyatini to‘la anglab etmaganidan dalolat bermaydimi? Oddiy misol: Bektemir, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod tumanlarida kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari imzolagan buyruqlar tuman hokimliklari buxgalteriyasiga o‘tmasligini bahona qilib, hokimlarning imzosi bilan fuqarolar yig‘inlari xodimlariga qaytadan farmoyish rasmiylashtirilmoqda.

Hozirgi kunda mahalla hodimiga kengash tomonidan buyruq, tuman hokimi tomonidan esa farmoyish chiqarilmoqda. Axir, bu mahalla institutiga nisbatan hurmatsizlik emasmi?

Yig‘in raisi tekin dastyor yoki xizmatkormi?

Yuqorida qayd etilgan farmonning 9-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish taqiqlangan. Lekin tumanlar hokimliklari tomonidan mahallalar raislari uchun soliq va kommunal to‘lovlarni, safarbarlik chaqiruvi rezervi bo‘yicha tushumlarni undirish kabi masalalar yuzasidan har oyda kamida 7 yoki 8 martadan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.

Ayrim tumanlarda Majburiy ijro byurosi tomonidan kommunal xizmatlardan (tabiiy gaz, issiq suv, issiqlik, elektr energiya) qarzdorlarning ro‘yxatlari taqdim etilib, mahalla xodimlari qarzdorlikni undirish vazifalariga jalb etilayotir. Bu hol, ayniqsa, Shayxontohur tumanida ayanchli tus olgan: MIB tomonidan har bir mahalla raisiga kunlik 30 foiz kommunal xizmatlardan (tabiiy gaz, issiq suv, issiqlik, elektr energiya) qarzni aholidan yig‘ish vazifasi mahalla xodimlari zimmasiga yuklatilgan.

Eng achinarlisi, Yunusobod, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohurda mahalla xodimlari MIB tomonidan bosim ostida qolayotir. Ularga katta hajmdagi ro‘yxatlar bo‘yicha oilalarni qisqa muddatlarda o‘rganib berish topshirilib, aks holda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirilmoqda.

Bunday holatlarda mahalla xodimlari qachon o‘z ishi bilan, oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish va uni sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanadi?

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi? Hududiy kengashlar raisining o‘rinbosarlari mahalla xodimlarini himoya qilmasdan, ularga yordam bermasa nima bilan shug‘ullanyapti?

Bino u yoqda tursin, hatto telefonga muhtoj yig‘inlar

Hududlarda biror noxushlik yuz bersa, «Mahalla qayoqqa qarabdi?», «mahalla ishlamabdi!», «rais nima ish bilan band ekan?» deya so‘roq-savol berguvchilar ko‘payadi. Ammo ana shunday keng qamrovli faoliyatni to‘laqonli yuritish uchun yig‘inlarning moddiy-texnika bazasi etarlimikan, degan savol hech kimni qiziqtirmaydi. Eng yomoni, bu boradagi ishlar ham qoniqarsiz ahvolda. Jumladan, 2018 yilda shahar bo‘yicha 57 ta mahalla binosini qurish belgilangan bo‘lsa, amalda 12 ta, 2019 yilda 63 ta mahalla binosini qurish belgilangan bo‘lsa, amalda 17 ta idora bitgan, xolos.

Mirobod tumanidagi «Salar», «Farovon», «Yangi Mirobod», «Birodarlik» hamda Fitrat nomli, Olmazor tumanidagi «Bo‘stonobod», «Chamanbog‘», Sergeli tumanidagi «Quruvchilar», «Kubay tepa», «Bunyodobod», Uchtepa tumanidagi «Ko‘rkamobod», «Quyi Darxon», «Xuroson-12», «Zargarlik-12», «Vatan-24», «Hamdo‘st», «Shirin», Chilonzor tumanidagi «Katta Chilonzor-3», «Zarqo‘rg‘on» mahallalarining xizmat binolari yo‘qligi sababli boshqa tashkilotlarning bir xonasida faoliyat olib bormoqda. Shayxontohur tumanidagi Mannon Uyg‘ur nomli mahalla binosi tuman IIB bo‘linmasini tashkil etish uchun olib qo‘yilgan. «Qoratosh» mahallasining yangi qurilgan binosi Toshkent shahar hokimligining qarori bilan tadbirkor balansiga o‘tkazib yuborilgan. Hozirda tadbirkor yig‘in xodimlaridan bu erdan chiqib ketishlarini talab qilmoqda.

32 ta, ya'ni Yunusobodda 7 ta, Sergeli, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroyda 4 tadan, Yashnobodda 3 ta, Mirobodda 2 ta fuqarolar yig‘inlarida telefon aloqa tarmog‘i mavjud emas.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2 aprelda imzolangan farmonning 7-bandida joriy yilning 2 iyuniga qadar fuqarolar yig‘inlari tomonidan foydalanib kelinayotgan davlat mulki bo‘lgan binolarni biriktirilgan er maydonlari bilan birgalikda xatlovdan o‘tkazib, ularning belgilangan tartibda fuqarolar yig‘inlariga mulk huquqi bilan berilishini ta'minlash vazifasi berilgan edi. Lekin shahardagi 272 ta mahallaning kadastr hujjati mavjud emas.

Xuddi shunday, 2018 yil 1 dekabriga qadar shahar, tumanlar kengashlar uchun «Mahalla markazi» binolarini qurish belgilangan bo‘lsa-da, Toshkent — poytaxt bo‘lishiga qaramasdan hozirgi kunga qadar shahar kengashi o‘z binosiga ega emas. Achinarlisi, Bektemir tumani kengashi «Astrobod» to‘yxonasida ijara asosida, Uchtepa tumani kengashi «Shofayz bog‘i» fuqarolar yig‘inining bir xonasida, Yakkasaroy tumani kengashi «Bog‘saroy» fuqarolar yig‘iniga tegishli bir xonasida, Yashnobod tumani kengashi esa maktabgacha ta'lim muassasasida faoliyat yuritmoqda.

Ahvol shunday ekan, mahalla xodimlari, turli faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha jamoatchilik tuzilmalariga zarur shart-sharoit yaratmasdan turib, ular ishini jonlantirish haqida qanday so‘z yuritish mumkin? Ko‘rinib turibdiki, yangi rahbarlar, fuqarolar yig‘inlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashlar va ularning ijro apparatlari hanuzgacha mahallalarda ishni samarali tashkil etish, muvofiqlashtirib borishning mazmun-mohiyatini tushunib etayotgani yo‘q.

To‘ylar millatning ko‘zgusi bo‘lishi kerak...

Tadbirda «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan ulug‘vor g‘oya bilan yashayotgan xalqimizning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odatlari, an'analari zavol bilmas ma'naviy ildizlarga ega ekani, ammo oxirgi paytlarda to‘y va boshqa marosimlarda milliyligimizga yot dabdababozlik, kimo‘zarlik ko‘payib borayotgani ham ta'kidlandi. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida Olmazor tumanida fuqarolar yig‘inlarining tashabbusi va mahalla faollarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2018 yilda 50 tadan ortiq ixcham to‘ylar o‘tkazilgani, afsuski, boshlangan ijobiy ishlar o‘z holicha qolib ketib, yana dabdababozlik, isrofgarchilik boshlangani qayd etildi. «G‘aroyib urf-odatlar» «ijod qilinib» ular respublikamizning boshqa hududlariga aynan Toshkent shahridan tarqalayotgani, bunday soxta shuhrat esa oilalarni mustahkamlashga emas, aksincha nizolarning ko‘payishiga, ajralishlarga olib kelayotgani muhokama etildi.

Endi mahalla ishiga asossiz aralashilmaydi

Yuqorida qayd etilgan holatlarni bartaraf etish maqsadida yig‘ilishda asosiy vazifalar belgilab olindi.  Avvalo, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida bir hafta muddatda mahalla raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis, profilaktika inspektori hamda uning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Toshkent shahar misolida Namunali tizim ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, bir oy muddatda fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika bazasini to‘liq hatlovdan o‘tkazishga kelishildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalari esa endilikda viloyat, tuman (shahar) xalq deputatlari kengashlari sessiyalarida muhokama etiladigan bo‘ldi.

Ikki hafta muddatda barcha fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejalarini ishlab chiqish hamda sektor rahbarlari tomonidan tasdiqlatish, yig‘inlar xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar hamda boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklashni qat'iyan taqiqlash qo‘llab-quvvatlandi. Qolaversa, har chorakda tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari, har oyda profilaktika inspektorlari, ta'lim muassasalari, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari rahbarlarining hisobotlarini eshitishni samarali yo‘lga qo‘yish, fuqarolar yig‘inlaridagi jamoatchilik tuzilmalariga uslubiy-amaliy ko‘maklashish, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan vazifalar ijrosini to‘laqonli ta'minlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tizim ishlab chiqadigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, maktablarda davomatni nazorat qilish va kiyinish madaniyatiga rioya qilish, to‘y-marosimlarni ixchamlashtirishda mahallalardagi keksa avlod vakillaridan samarali foydalanib, jamoatchilik ta'sirini kuchaytirish haqidagi taklif ham qo‘llab-quvvatlandi. Adliya boshqarmasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar kengashi bilan hamkorlikda davlat va jamoat tashkilotlari xodimlarining mahalla instituti faoliyatiga oid bilim ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlarni tashkil etish muddati ham belgilandi.

Hokim va'da berdi

O‘rtaga tashlangan dolzarb muammolar, mahallalar ishini ortga surayotgan kamchiliklar yuzasidan Toshkent shahar hokimi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi raisi Jahongir Ortiqxo‘jaev fikr bildirdi.

— Mahallalarimizdagi muhit shahrimizning, ta'bir joiz bo‘lsa, mamlakatimizning qiyofasini belgilaydi, — dedi J.Ortiqxo‘jaev. — Qolaversa, muhtaram Prezidentimizning o‘zlari katta e'tibor qaratayotgan mahalla institutining rivoji yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash birlamchi vazifamizga aylanishi kerak. Ayniqsa, o‘z idorasiga ega bo‘lmagan mahallalarning Toshkent shahrida ham borligi juda achinarli. Men kengash raisi sifatida shuni ta'kidlaymanki, joriy yilning yakuniga qadar shahrimizda birorta ham idorasiz mahalla qolmaydi. Kerak bo‘lsa, nafaqat bino, balki ularni jihozlash, kompyuter texnologiyalari bilan ta'minlash masalalari ham yuz foiz hal bo‘ladi.

Shundan so‘ng poytaxt hokimi tegishli mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. Bunday mahallalarning ro‘yxatini shakllantirish, bo‘sh turgan binolarni aniqlash, ichki imkoniyatlarni sarhisob qilib, muammolarni hal etishga doir ko‘rsatmalar berdi. Yig‘in raislarining boshqa ishlarga jalb qilinishini keskin qoralab, bu borada maqbul echimlar va takliflarni o‘rtaga tashladi.

*   *   *

Tanqid — kelajak mevasi, deyishadi. Darhaqiqat, yig‘ilishda ko‘tarilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ishni yangicha tashkil etish ertangi kun uchun, mahallalar faoliyatini takomillashtirish, ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish uchun bemisl ko‘mak berishi tayin. Har qaysi rahbar o‘z vazifasiga vijdonan yondashsagina mavjud muammolarga adolatli echim topiladi, mahallalar qiyofasi, muhiti o‘zgaradi, xalqimiz ham bugunidan rozi bo‘lib yashaydi.

Yulduz HOJIEVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish