Ayrim mutasaddilarga xalq dardi bilan yashash begona...(mi?)

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 martdagi «Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida «Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi»ga 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilib, uning hisobidan qadim kentning «Mikrorayon», «Sug‘diyona» va «Sartepa» massivlarida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilishi belgilangandi.

Ajratilgan mablag‘ hisobidan bajarilgan ishlarni o‘rganib, gazetamizning joriy yil 20-27 iyun kunidagi 28-sonida «Ko‘pchilik ichidagi ko‘zbo‘yamachilik» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingandi. Afsuski, ta'mirlash ishlariga mas'ul tashkilotlar haligacha maqolaga hech qanday munosabat bildirmadi. Shundan so‘ng balki so‘zni emas, amalni afzal bilgan mutasaddilar vaqtini javob yozishga emas, muammoni hal etishga sarflagandir, degan umid bilan yana o‘sha manzil tomon yo‘l oldik...

«Hujjatlarga imzo qo‘yib berishimizni so‘rashyapti»

Dastlab «Mikrorayon» hududini ko‘zdan kechirdik. Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 8 yo‘lakdan iborat 18-uyda ta'mirlash ishlari olib borilgan. Ammo ta'mirlangan devorlar oldida qattiqroq aksa urilsa, yangi suvoqlari to‘kilib ketadi.

— Yo‘laklarning hammaga ko‘rinadigan birinchi qavatlari ta'mirlandi, yuqori qavatlarda esa tungi chiroqlar ham yo‘q, ta'mirlanmadi ham, — deydi 18-uy 3-xonadonda yashovchi Shohruh Behbudiy. — Birinchi qavat yo‘lagiga harakatni sezib yonib-o‘chuvchi chiroq o‘rnatilgan, lekin bu chiroq uch oydan buyon kechayu kunduz yonib turadi. O‘chirishning iloji yo‘q. Yerto‘ladan turli hasharotlar chiqyapti, ta'mirlash ishlari esa o‘lda-jo‘lda qolib ketdi, tomdan tushadigan yomg‘ir suvlari uchun quvurlar qo‘yildi, ammo suvning chiqib ketish yo‘li yo‘q.

Shu uyning 6-xonadonida yashovchi Vladimir Sizikovning xonadonidagi issiqlik quvurlari ulanmasdan qolib ketgan, buning ustiga, quvurlar almashtirilganidan so‘ng qavatlar orasida teshiklar ochiq qolgan.

— O‘sha paytda men shu uy boshqaruvchisi edim va uyimiz «Bunyodkor» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘liq ta'mirlanishi rejalashtirilgandi, — deydi Maxfirat Ma'rupova. — Ammo quruvchi tashkilot rahbarlari har kuni mardikor bozoridan tajribasiz ishchi olib kelib ishlatdi. Mas'ullar har doim uy atrofini obodonlashtirish uchun alohida artezian qudug‘i, bolalar maydonchasi, nuroniylar dam olish joyi qilinishini aytadilaru amalda esa bu ahvol. Uy oldiga yomg‘ir suvlari uchun beton ariq o‘rnatilgan, ammo suv oqib ketadigan joy yo‘qligi sabab yomg‘ir suvi kirish yo‘lagigacha toshib keladi. Endi bajarilgan ishlardan rozimiz, deb hujjatlarga imzo qo‘yib berishimizni so‘rashyapti. Ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash loyihasi tufayli quruvchilar mashinali bo‘ldi, biz esa uyimizdagi chala qolgan ishlar qachon va qanday hal etilishini kutib yashayapmiz.

Qizig‘i, mazkur hududdagi 20-uyning ta'mirini ko‘rgan kishining havasi keladi. Uyning tashqi ko‘rinishi, ayvon, yo‘laklardagi ishlar, o‘rindiq, dam olish joyi, barchasi ko‘ngildagidek bajarilgan. Har ikkala uyga smeta tuzilib, ishlar belgilangan va shunga asosan mablag‘ ajratilgan bo‘lsayu, nega unda yonma-yon ikki uyning ta'mir holati ikki xil?

Shirkat raisi qachon va'dasini bajaradi?

«Mikrorayon» hududidagi 12-, 14-, 37-uylarda ham ta'mirlash ishlari chala bajarilgan. Hududdagi Ali Qushchi ko‘chasida joylashgan 4-uyda ta'mirlash ishlari faqat qog‘ozda to‘liq bajarilgan.

— Yo‘laklarning kirish qismiga silliq kafel terilgan, bu esa qor-yomg‘irli kunlarda sirg‘anib ketish xavfini kuchaytiradi, buning ustiga, ularning birortasida chiroq yo‘q, — deydi shu uyda yashovchi Tatyana Petrova. — Bir necha yil oldin shirkat tomonidan asosiy ishlar bajarilgandi, hozir quruvchilar tom, quvurlar va erto‘lani ta'mirladilar, xolos. Kirish eshiklari, yo‘laklar va bolalar maydonchasi shundayligicha qolib ketdi. Buni kimdan so‘raymiz, agar shu mablag‘ni shirkatning o‘ziga berishsa, har holda ishni kimdan talab qilishni bilardik, hozir shirkat bilmaydi, quruvchini esa topib bo‘lmaydi, qish yaqinlashyapti, ta'mirlash qachon tugashini bilmaymiz.

Hududdagi «Zulfiya stroy-servis» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 10 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Lekin bu uylarning birontasida ta'mirlash ishlari nihoyasiga etkazilmagan. Bu holatni shirkat rahbari Abduhamid Musurmonov quyidagicha izohladi:

— Uylarni ta'mirlash uchun 4 ta qurilish tashkiloti biriktirilgan, ammo ular belgilangan mablag‘ning yarmi bilan shuncha ishni bitirdi. Tez orada pulning qolgan qismi ajratilsa, ta'mirlash ishlari to‘liq yakunlanadi. Ya'ni 10 ta uyning kirish eshiklari to‘liq domofonli yangi temir eshiklarga almashtiriladi, yo‘laklar ta'mirlanadi, chiroqlar qo‘yiladi, o‘rindiqlar va chiqindi uchun urnalar o‘rnatiladi, uyga kirish yo‘laklari betonlanadi. Ali Qushchi ko‘chasi 6-uy va Taraqqiyot ko‘chasidagi 45-uy o‘rtasida bolalar maydonchasi, arntezian qudug‘i, dam olish uchun ayvon quriladi. Ta'mirlash ishlari ortda qolgan Taraqqiyot ko‘chasi 45-uyda tom va eshiklar yangilanadi, yo‘laklar ta'mirlanib, uy to‘liq ranglanadi.

Avvalgi e'lon qilingan maqolamizda shirkatga qarashli 8-uy erto‘lasida suv toshib, badbo‘y hid taratayotgani haqida yozgandik. Bu uyni mukammal ta'mirlash uchun jamg‘arma tomonidan 248 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan edi. O‘tgan vaqt davomida qanday ishlar bajarilgani bilan qiziqdik.

— O‘sha maqoladan keyin bironta mas'ul kelib ahvolni o‘rganmadi, natija bo‘lmagach, Prezident portaliga murojaat qildik, — deydi 8-uy boshqaruvchisi Sayyora Komilova. — Bir haftadan keyin Samarqand shahar hokimligidan Ma'ruf ismli kishi qo‘ng‘iroq qilib, murojaatni yopishni so‘radi, imzo qo‘ymaganimdan so‘ng shirkatimizning sobiq xodimlarini chaqirishdi, ular erto‘laning suvini quritib, issiq, sovuq suv, kanalizasiya quvurlarini uch kunda almashtirishdi. Lekin 25-xonadon oldidagi erto‘laga ulangan chuqur o‘z holicha qolib ketdi. O‘shandan beri hech narsa o‘zgarmadi, quruvchi esa may oyidan buyon kelmaydi. Quruvchilar dastlab ishni boshlaganida Yangi yil bayramigacha tugatishni aytgandi, keyin Navro‘z bayramigacha, dedi. Keyin yana yoz faslini va'da qilishdi, endi yana Yangi yilni kutamizmi? Shirkat raisi har seshanba kuni «bugun pul chiqadi, ertadan quruvchilar ishni boshlaydi», deb va'da beradi, ammo natija yo‘q.

Xulosa o‘rnida...

Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 5 sentyabr kuni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mavsumga puxta hozirlik ko‘rish borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Xususan, isitish qozonlari, irrigasiya ariqlarini shay holga keltirish, aholi ehtiyoji uchun qo‘shimcha talab etiladigan elektr va gaz ta'minotini hisobga olish, mavsum uchun barcha ishni vaqtida bajarish bo‘yicha mas'ullar oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi.

Bu, albatta, kechiktirib bo‘lmaydigan yumushlardir. Berilgan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib ham soha mutasaddilari Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash ishlarini qisqa vaqtda yakunlashlari lozim emasmi? Yoki ularga xalq dardi bilan yashash begonami? Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Mas'ullar nima deydi?

— Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda haqiqatan ham, yuqorida qayd etilgan muammolar mavjud va ular aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotir, — deydi Samarqand shahar hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Xayriniso Shatanova. — Shuni e'tiborga olib, shahar hokimligi qoshida tuzilgan tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat maxsus guruhlar bu borada yuzaga kelgan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga kirishdi. Tahlillarga ko‘ra, ko‘p qavatli binolardagi ta'mirlash ishlari ayrim pudratchi tashkilotlar tomonidan yuzaki bajarilgan. Ayni kunlarda mazkur masalalar yuzasidan mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan ayrim qurilish tashkilotlariga nisbatan zarur choralar ko‘rilyapti. O‘ylaymanki, qisqa muddatlarda bu muammolar bartaraf etiladi.

Yormamat RUSTAMOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish