Oilaviy muammolar nega jinoyat bilan yakunlanmoqda?

Yon-atrofingizda bir-birini aynan takrorlovchi insonlar bormi? Albatta, tashqi ko‘rinishidan o‘xshaydiganlar topiladi. Ammo bir kishining ichki olami, dunyoqarashi, turmush tarzi hech qachon ikkinchi odam bilan bir chorrahada kesishmaydi. Xo‘sh, nega? Chunki har kim bir kitob, unda yozilganlar o‘zga hikoyayu taqdirlardir.

Shuning uchunmi, Namanganda o‘z farzandini derazadan uloqtirgan ona, Samarqandda ukasiga pichoq o‘qtalgan aka, Toshkent viloyatida tog‘asining qotiliga aylangan jiyan bilan bog‘liq voqeliklarga kimdir oddiy, yana birov hayrat va nadomat bilan munosabat bildirdi. Achinarlisi, qon-qarindoshlikdan chiqib, bir-biriga vahshiylarcha qo‘l ko‘targanlar bilan bir qavmdanmiz.

Targ‘ibotlar samarasi nega sezilmayapti?

Davlat va jamoat tashkilotlari jinoyatchilikni kamaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida tizimli ish olib borayotgani haqida gapiramiz. Biroq jinoyat ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda. Profilaktika kunlari, jonli muloqotlar, uyma-uy yurib o‘tkazilayotgan suhbatlar nahotki samara bermayapti? Nega?

Chunki hamon ishsizlar ko‘p, hamon oilalarda nosog‘lom muhit hukmron. Raqamlarga e'tibor qarating. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ishsiz yurgan shaxslar tomonidan 5 ming 226 ta jinoyat sodir etilgan. Birgina Sirdaryoda mehnat bilan band bo‘lmaganlar 97 ta jinoyat tashkilotchisiga aylangan. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 222 ta mahallaning 134 tasida jinoyatlar sodir etilgan. 48 tasida esa jinoyatlar soni ortgan.

— Sirdaryo tumanida 4 ming 939 nafar ishsiz fuqaro mavjud, ulardan 27 nafari jinoyatga qo‘l urgan, — deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Sirdaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Sayyora O‘daeva. — Oiladagi aksariyat kelishmovchiliklar moddiy etishmovchilik sabab ro‘y beradi. Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar 28,4 foizga kamaygan. Biroq og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlar, shuningdek, qasddan badanga og‘ir, o‘rtacha va engil shikast etkazish holatlari ko‘paygan. Masalan, tumanning «Paxtakor» mahallasida qasddan badanga og‘ir shikast etkazish jinoyati 2 taga, «Xazina» mahallasida esa o‘g‘irlik jinoyati 4 taga, «Matonat»da firibgarlik 2 taga oshgan. Jinoyatlarda ishtirok etgan shaxslar bo‘yicha tahlilda esa yoshlar (159 nafar) eng ko‘p jinoyat sodir etgani aniqlandi.

Jinoyatlar soni ortgan... (mi?)

Qashqadaryo viloyatidagi vaziyat ancha yaxshilangan bo‘lsa-da, ijtimoiy muhit barqarorligiga erishmagan hududlar hanuz bor. Chunonchi, viloyatdagi 768 ta mahalladan 433 tasida jinoyat sodir etilmagan. 90 ta yig‘in faollari o‘tgan yilgi kamchiliklardan xulosa chiqarmagan chog‘i, jinoyatlar soni barqaror saqlangan. Afsuski, 173 ta mahallada vaziyat og‘irlashgan, ya'ni jinoyatlar soni oshgan. Oila-turmush doirasidagi 977 ta jinoyatning 69 tasi o‘ch olish, 103 tasi rashk, 303 tasi mol-mulk talashish sabab sodir etilgan. Shunchaki kelishmovchilikning chuqur ildiz otishi esa 253 ta holatda qonun talablari buzilishi bilan yakunlangan.

Bu kabi holatlarning urchishiga, avvalo, oilalardagi ijtimoiy muhitning barqaror emasligi sababdir. Shuning uchun oila-turmush doirasida sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar salmog‘i yuqori. Birgina misol. Shahrisabz shahrida istiqomat qiluvchi Bekzod(ismi o‘zgartirilgan)ning o‘ylamay, shoshmashosharlik bilan qabul qilgan qarori xotinining o‘limiga sabab bo‘ldi. O‘zi chet elda ishlab yurgan yigit uyiga qaytadi. Turmush o‘rtog‘i ota-onasi bilan janjallashib ota uyiga qaytganini eshitadiyu, o‘pkasini qo‘ltiqlab qaynotasinikiga boradi. Xotinini xiyonatda aylab, unga pichoq o‘qtaladi. O‘rtaga ularning 9-sinfda o‘qiyotgan farzandi tushadi. Bekzod xotini Nigora va o‘g‘liga jarohat etkazganidan qoniqmay, o‘zi bilan olib kelgan elim idishdagi benzin yoqilg‘isini yotoqxonadagi kiyim-kechaklar ustiga sepib yoqib yuboradi. Ona-bola shifoxonaga etkaziladi, ammo Nigoraning joni shu erda uziladi. Bekzod «qotil», degan tamg‘ani oldi. Farzand esa ham ota, ham ona mehridan mosuvo qoldi. Norasidaning aybi nima? Ayting, u bu qismatga loyiqmidi?

Faollarni ishdan olish — muammo echimi emas

To‘g‘ri, hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Xo‘sh, erning xotinni, jiyanning tog‘ani, onaning farzandi qotiliga aylantirgan vaj nima? Er-xotin o‘rtasidagi surunkali janjallar, yillar davomida yiringlab ketgan qarindosh-urug‘ orasidagi adovat, oilada o‘zaro ishonchning shakllanmaganiyu «men»idan boshqani tan olmaydigan egoistlik. Sabablar ayon, ammo echim aniq emas. 

Bunday paytda oddiy va doimiy bo‘lgan birgina echim bor: ayb mahallaga ag‘dariladi, faollar mas'uliyatsizlikda ayblanadi. To‘g‘ri, qolipga tushgan doimiy echimda ham jon bor. Axir, faollar mahalla xonadonlaridagi vaziyatdan xabardor bo‘lishi, oila a'zolariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak. Biroq «ayb senda» deb mahalla raisiyu profilaktika inspektorini ishdan olish bilan ish bitmaydi-ku?!

Nima qilish lozim?

Avvalo, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligining qay bo‘g‘inida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlanishi darkor. Shundagina topilgan echim amalda ham samara beradi. Afsuski, bu muammo faqatgina bir hududga xos emas.

— Oila-turmush sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar tahliliy o‘rganilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan, — deydi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bosh mutaxassisi Shahzoda Rashidova. — Chunonchi, o‘tgan yili qayd etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar hayotiy tajribasizlik, huquqiy ongning pastligi kabi holatlar natijasida, jinoyatlar esa oiladagi murosasizlik, ishsizlik, ishonchsizlik sabab ro‘y bergani aniqlandi. Oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning asosiy ishtirokchilari 25-35 yoshdagi shaxslar ekani oydinlashdi.

Albatta, bunday holatlarning oldini olish, oqibatlarini kamaytirish mumkin edi. Ammo bunga 2 ta asosiy omil to‘sqinlik qilgan: birinchidan, o‘zbek oilalaridagi munosabatlarning «oila siri», «oilani saqlab qolish», «oila or-nomusi» kabi o‘ziga xos xususiyatlarga egaligi bo‘lsa, ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mas'ul xodimlarining ma'muriy hududda vaziyatni «yaxshi» qilib ko‘rsatishga urinish harakatining natijasidir. Har kim zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarsa, loqaydlik va beparvolikka yo‘l qo‘ymasagina, vaziyat o‘nglanadi. Shundagina kichik kelishmovchilik sabab er xotinning, tog‘a jiyanning, qaynota kelinning qotiliga aylanmaydi.

Imkoniyatlardan unumli foydalaning!

Bugun mahalla hududlardagi ijtimoiy muhit barqarorligini ta'minlashda asosiy kuchga aylangan. Yutuqlar bilan birga kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ham haqiqat. Ammo faoliyatga «Shunday yursak ham bo‘laveradi», «Jinoyatchilik bittaga kamaydi» degan yondashish fidoyi, jonkuyar faollar uchun xos emas. Chunki siz bor imkoniyatlaringizni ishga solsangiz, ulardan unumli foydalansangiz, nafaqat ijtimoiy muhit barqarorligiga erishasiz, balki respublikamizdagi eng ilg‘or mahallalardan biriga aylanasiz.

Buning uchun ish jarayonini tizimli tashkil etish joiz. Bu borada «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul va «Maslahat guruhlari»ning o‘zi sizga katta tayanch va maslahatchi bo‘ladi.

Rashk qotillikka sabab bo‘ldi

Respublikamizda oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan 93 ta qotillik jinoyatining 37 tasi eri tomonidan xotiniga nisbatan, 33 tasi yaqin qarindoshiga, 14 tasi aka-ukasiga, 5 tasi xotin eriga nisbatan sodir etilgan.

Jinoyatlarning 43 tasiga o‘zaro murosaga kelisha olmaganlik oqibatida, 17 tasiga rashk va 4 tasiga o‘ch olish maqsadida qo‘l urilgan.

Oila-turmush darajasida qasddan badanga tan jarohati etkazish 12,5 foizga kamaygan.

Sadoqat MAXSUMOVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish