Tuman hokimi muammolarni qay darajada hal etyapti?

Bugun mahalliy hokimlik rahbarlari aholiga hisobot bermoqda. Zimmasidagi vazifalarni nechog‘li ado etayotgani, qanday yutuqlarga erishganiyu yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bilan xalqni tanishtirmoqda. Xo‘sh, bunday uchrashuvlar o‘zini oqlayaptimi? Viloyat, tuman hokimlari muammolarni qay darajada hal qilmoqda? Sharoiti og‘ir hududlardagi vaziyat chindan ham o‘nglanyaptimi?

Shu kabi savollarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani hokimi faoliyati bilan tanishish asnosida javob izladik. Tuman hokimi Murat Abdirov bilan bo‘lgan navbatdagi uchrashuvda aholi tabiiy gaz etkazib berishdagi uzilishlar, ichimlik suvi etishmasligi, yo‘llarning ta'mirtalabligi, bandlik kabi masalalarni o‘rtaga tashladi. Aholi murojaatlari echimi yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlariga shu erning o‘zida topshiriq berildi. Ayrim fuqarolarga hokimlik tomonidan yordamlar ko‘rsatildi.

778 ta yangi ish o‘rni yaratildi

Darhaqiqat, bunday yuzma-yuz muloqotlar mavjud kamchiliklarning o‘z vaqtida echim topishiga zamin yaratmoqda. Chunonchi, o‘tgan davr mobaynida tuman hokimligiga 375 nafar jismoniy va 321 ta yuridik shaxsdan murojaat kelib tushgan. Joriy yilning o‘zida 212 nafar fuqaro yakka, 126 nafari esa yuridik tadbirkor sifatida faoliyatini boshladi. Natijada 778 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Tuman infratuzilmasini rivojlantirish, shu asosda aholiga qulay turmush sharoiti yaratib berish masalasi ham doimiy e'tiborda. Ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar birin-ketin hal etilyapti. Xususan, «Gujim terek» mahallasidagi 6,2 kilometrli ichimlik suvi, «Altin dala» mahallasidagi 13,4 kilometrli gaz tarmog‘i ta'mirlandi. Juzim bag‘ ovulida ham 11,3 kilometr masofadagi gaz quvurlari sozlandi. Shuningdek, Ishan qal'a, Qazayaqli, Qanli ovullarida ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi.

Murojaatlar nega qanoatlantirilmadi?

Tumanda maqtashga arzigulik ishlar bilan birga, mas'ullar e'tiboridan chetda qolayotgan, echimini kutaverib «toqati toq» bo‘lgan muammolar ham yo‘q emas. Yo‘llarning abgorligi, bir nechta mahallada ichimlik suvi etishmasligi, tabiiy gaz bosimining pastligi shular jumlasidan. Xususan, «Xalqobod — Kegeyli», «Kegeyli — Bozatov» yo‘nalishlaridagi yo‘llar mana, necha yildirki, yo‘lovchilarni qiynab kelmoqda. Bu bo‘yicha qilingan murojaatlarning o‘nga yaqini hali-hanuz javobsiz qolmoqda.

— Bu muammo bizni ham tashvishga solmoqda, — deydi yo‘l qurilishi bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari Kamil Allanazarov. — Uniing echimi 2019 yil dasturiga kiritilgan. Ayni paytda «Kegeyli — Bozatov» oralig‘idagi 45 kilometrli yo‘lda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ammo xomashyo etishmovchiligi bois ish to‘xtab qoldi. Shu bois qilingan murojaatlar hanuz echim topmadi.

Shuningdek, Kumshungil, Aqtuba, Jalpaq jap ovul fuqarolar yig‘inlari bolalari ko‘cha-ko‘yda suv o‘ynab, tuproq kechib vaqt o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Boisi bu yig‘inlarning birontasida maktabgacha ta'lim muassasasi yo‘q. Kegeyli tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Altingul Kaytekeevaning aytishicha, hududda 17 ta davlat, 2 ta sheriklik asosidagi va 12 ta oilaviy bog‘cha faoliyat yurityapti. Ularga 2 ming nafardan ziyod bola qamrab olingan. Ammo bu — kam ko‘rsatkich. Boisi hududda yana 600-800 nafarga yaqin kichkintoy maktabgacha ta'lim yoshiga etgan.

Chiqindilar «poligoni»dan mas'ullar bexabar

Tumandagi «Quyashli» mahallasidagi holat ta'bimizni yanada xira qildi. Hududdagi kattagina maydon allaqachon chiqindilar «poligoni»ga aylanib ulgurgan. Kuz shamoli esa elim paketlarni har yonga sochmoqda. Ochiq osmon ostidagi chiqindixonaning badbo‘y hidiga chidab yashayotgan yaqin-atrofdagi xonadon egalariga «tasanno»lar aytdik.

Xo‘sh, bu hudud chindan ham chiqindilar tashlash uchun ajratilganmi? Yig‘in raisi Qayratdin Qurbanniyazovning aytishicha, u yaqinda rais etib saylagan, muammodan xabari bor. Hal etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Aholi vakillari esa chiqindixona ikki yildan buyon kattarayotganini iddao qilishdi. Qiziq, muammoni hal etish bo‘yicha boshlangan ishlar qachon yakuniga etadi? Aslida ham yig‘in mas'ullari uni hal etishga kirishganmi?

— Bu muammo 15 yildan buyon bizni qiynab kelmoqda, — deydi «Toza hudud» davlat unitar korxonasi Kegeyli tumani filiali rahbari Orinbay Karimberdiev. — Hozir chiqindixonaga aylangan hududda avval sun'iy ko‘l qurilgandi. Bir muddat o‘tgach, uning suvi qaytib tashlandiq joyga aylandi. Ba'zi fuqarolar bu erga chiqindi tashlay boshladi. Aholi bizga badbo‘y hiddan nolib murojaat qilishdi. Vakolatimizga kirmasa-da, bu hududni tozaladik. Ko‘lni ko‘mib, tekislash ishlarini boshlaganmiz. Yaqin orada bu ishlar yakuniga etadi. Shunda hudud ham obod bo‘ladi.

Mas'ullaru mutasaddilarni ayblash oson. Ammo ularni ham tushunish kerak. Kishi gohida bir oila muammolarini echishga ojizlik qiladi. Mahalliy hokimlik vakillari esa necha ming aholiga ega hududga boshchilik qiladi. Tabiiyki, mahallayu joylardagi muammolarni aniqlash, o‘rganishga doim ham vaqt topilmaydi. Shunday kezlarda aholining o‘zidan e'tiborli bo‘lish, muammolar echimida faollik ko‘rsatish talab qilinadi.

Omirbay ESBERGENOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish