Davlat sherikligi asosidagi bog‘cha qanday moliyalashtiriladi?

— Hududimizda bog‘cha yo‘q. 2 nafar farzandimni tuman markazidagi maktabgacha ta'lim muassasasiga olib boramiz. Ammo ba'zi qo‘shnilarimizda bunga sharoit yo‘q. O‘zim tadbirkorman. Shuning uchun mahallamizda davlat-xususiy sherikligi asosida bog‘cha ochmoqchiman. Ayting-chi, bunda davlat sherikligi asosidagi xususiy bog‘cha qanday moliyalashtiriladi?

Ziyod AYTEMBETOV.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

Sherzod IBRAGIMOV,

huquqshunos:

— Qonunchilikda bunday bog‘chalarni moliyalashtirish tartibi aniq belgilangan. Unga ko‘ra, davlat xususiy sheriklar uchun byudjetdan subsidiya ajratadi. Ya'ni maktabgacha ta'lim muassasasining bitta tarbiyalanuvchisi uchun xarajatlar summasining 50 foizigacha qoplab beradi. Moliyalashtirish mablag‘lari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining alohida ochiladigan hisobvarag‘ida jamg‘ariladi.

Maxsus hisobvaraq mablag‘lari tijorat banklariga foizsiz asosda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan arzon uy-joylar, ko‘p xonadonli uylarning I-II qavatlaridagi xonadonlarni sotib olish uchun taqdim etiladi. Shuningdek, kreditlar DXSh to‘g‘risidagi bitim ob'ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash uchun ajratiladi. Imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan maktabgacha ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga yillik 1 foiz stavka bo‘yicha 15 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

Izoh 0

Izoh qoldirish