Salomatlikning eng nozik nuqtasi — asab

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo xalqlari o‘rtasida nevroz holati avvalgiga nisbatan 2 barobar ko‘paygan. Buning oqibatida esa keyingi yillarda falaj, qo‘l-oyoqlarning ixtiyorsiz harakatlanishi va shunga o‘xshash kasalliklar ko‘payib bormoqda.

Xo‘sh, salomatlikning eng nozik nuqtasi bo‘lgan asab qanday ta'sirlar natijasida zo‘riqmoqda? Uni asrash uchun nimalarga e'tiborli bo‘lish zarur? Ko‘pchilikni o‘ylantirgan shu kabi savollarga javob olish maqsadida Yashnobod tumani Tibbiyot birlashmasi sog‘lom turmush tarzi bo‘limi shifokori Sayyora Mullaevaga murojaat qildik.   

— Haqiqatan ham, asab kasalliklari davrimizning eng dolzarb muammolaridan biriga aylandi, — deydi Sayyora Mullaeva. — Boshqa ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishi ham bevosita asab tizimining buzilishi bilan bog‘liq. Chunki inson tanasi bo‘ylab yoyilgan mayda nerv tolalari bosh miyaning o‘ng va chap yarimsharlari bilan tutashgan. Ular esa butun tanani boshqaradi.

Bugungi kunda bu xastalik nafaqat keksalar, balki yoshlar orasida ham tez-tez uchrab turibdi. Turli kelishmovchiliklar, ortiqcha hissiyotlarga berilish, ta'sirchanlik, ruhiy tushkunlik va boshqa salbiy holatlar asab kasalliklarining birlamchi sabablari hisoblanadi.

Kasallikka taraqqiyot sababmi?

Fan va texnika taraqqiyoti natijasida odamlar tobora kam harakat qiladigan bo‘lib qolmoqda. Bosh miya esa nisbatan ko‘proq zo‘riqyapti. Biz har kuni ming-minglab axborotlarni qabul qilishimiz va ularni o‘zlashtirishimiz kerak. Bu jadallashish jarayonlari asab tizimini ham chetlab o‘tmayapti. Asab tolalari va ularning miyada joylashgan markaziy hujayralari nozik tuzilganiga qaramay, shunday og‘ir va murakkab faoliyatni tinmay bajarib boradi. Miyaning behisob ishlashi avval asabni taranglashtiradi, keyin esa uning me'yorida ishlash xususiyatining yo‘qolishiga olib keladi. Agar bunday holatlar surunkali davom etaversa, bir qator kasalliklar kelib chiqishi hech gap emas.

Muvozanat buzilsa...

Bosh miya faoliyati qo‘zg‘alish va tormozlanishdan iborat. Bu ikki holat doim bir-biri bilan o‘rtacha muvozanatda bo‘ladi. Agar odam notinch bo‘lsa, kutilmaganda boshiga kulfat tushsa, bosh miyadagi shu muvozanat buziladi. Natijada yurak, me'da va ichaklarda har xil og‘riqlar paydo bo‘ladi. Qondagi qand miqdori oshib ketishi mumkin. Bunday asabiylashish tez-tez takrorlanadigan bo‘lsa, bosh miya faoliyati o‘zgaradi. Kishi tez jahli chiqadigan bo‘lib qoladi. Uyqusi buziladi, xotirasi pasayadi, charchoq hamda yuragida doimiy og‘riqlar sezila boshlaydi.

Ko‘rinib turibdiki, tashqi muhitdagi har bir psixoemosional (ruhiy-hissiy) yoki jismoniy zo‘riqish inson tanasiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Buning oqibatida qon va tanadagi bir qancha suyuqlik tarkibi tez o‘zgaradi va immunitetga javobgar bo‘lgan ayrim oqsil zarrachalari yo‘qoladi. Natijada organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Bu holat kishi xotirjam bo‘lgach, ikki hafta, ayrimlarda esa bir oydan keyingina tiklanishi mumkin. Lekin tezda o‘tib ketsa ham asabda o‘z izini qoldiradi.

Asabning funksional kasalligi hammada ham organik bosqichga o‘tib ketavermaydi. Bu faqat kasallikka moyil kishilarda yuzaga keladi. Odatda bunday moyillik tashqi va ichki muhitdan kelayotgan salbiy ta'sirlardan tashqari, bosh miyaning tug‘ma xususiyatiga va insonning bolalikdan to o‘smirlik davrigacha oilada, bog‘chada, maktabda qanday tarbiya olganiga bog‘liq.

Sport asabni mustahkamlaydi

Yuqorida sanab o‘tilgan holatlarni chetlab o‘tishning ba'zida imkoni bo‘lmasligi mumkin. Kundalik hayotimizda o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan holda juda ko‘plab asab buzilishiga sabab bo‘ladigan vaziyatlarga tushib qolishimiz ham turgan gap. Ammo salomatligini qadrlaydigan har bir inson muammolarni og‘ir-bosiqlik bilan hal qilishga harakat qilishi lozim. Qolaversa, mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish, o‘z vaqtida ovqatlanish, tiniqib uxlash, doimiy ravishda badanni chiniqtirish ham asab tolalarimizni mustahkamlash uchun juda foydali. Ayniqsa, sport bilan shug‘ullanishning ahamiyati katta. Kishining turmushi yaxshi bo‘lsa, osoyishtalikda hayot kechirsa, asab markazi bo‘lmish bosh miya o‘z ishini yaxshi bajaradi.

Ruhiy salomatlikni asrash uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

  • Inson sabr-toqatli, mehnatsevar, irodali bo‘lishi kerak. Ana shu xususiyatlar qanchalik yaxshi rivojlangan bo‘lsa, asab muvozanatini saqlash, uni to‘g‘ri ishga solish shunchalik oson bo‘ladi. Bu kasalliklarning oldini olishda katta foyda keltiradi.
  • Qiyin vaziyatga tushib qolganda, bu holatning ahamiyatini o‘z hayotining bosh qadriyati va asosiy mazmuni bilan xayolan taqqoslab ko‘rishi lozim. Shunda vaziyat ancha yumshaydi, o‘tkinchi holat keltiradigan zarar oldida bosh maqsadning naqadar ulug‘ ekaniga ishonch hosil bo‘ladi. 
  • Uyda, ishda, jamoada sog‘lom ruhiy muhitni yaratish, bir-biriga yaxshilik istagi va o‘zgalarga quvonch baxsh etish inson umrini uzaytiradi.
  • O‘ksinish, xafagarchilikni tezda yoddan chiqarish, ehtiroslarni tiya bilish asab tizimini mustahkamlaydi.
  • Bir vaqtning o‘zida kulish va yig‘lashni beg‘ubor bolalardan o‘rganish zarur. Hissiyotlarni chiniqtirish va tarbiyalashning ahamiyati katta.
  • Asabiylashish tufayli paydo bo‘lgan adrenalin (energiya)ni mushaklarga yo‘naltirish lozim, shunda asab tolalari va qon tomirlar salbiy ta'sirdan himoyalanadi.
  • Yoqimli musiqa salbiy hissiyotlarni bosishda va charchoqni chiqarishda juda muhim.
  • Kulgu va jilmayish bosh miya qon tomirlari orqali o‘tadigan qon miqdorini oshirib, miya to‘qimasini kislorod bilan ta'minlashni yaxshilaydi. 
  • Bugungi ishni ertaga qo‘ymang, bu stress chaqiradi.
  • Uyqu asabga orom beruvchi eng zo‘r vosita ekanini doim esda tuting. Har kuni 7-8 soat miriqib dam oling.      

 

«Mahalla» muxbiri

Shahnoza RAHIMXO‘JAEVA

yozib oldi.

Izoh 0

Izoh qoldirish