Andijonda go‘shangadan qochgan kelin, 36 ming uysiz oila va 336 ta buzilgan ro‘zg‘or haqida

Andijon shahrida yashovchi obro‘li bir oilaning qizi kelin bo‘ldi. Kuyov uzoq yillar chet elda ishlab ancha sarmoya to‘plagan, uddaburon yigit ekan. Afsuski, to‘ydan uch kun o‘tib, kelinchak ota uyiga qaytib keldi. Voqeaning davomini Andijon shahar «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Habibaxon Jo‘raboevadan eshitdik.

Nikoh kechasidagi zo‘ravonlik

— Buni qarangki, «ko‘cha ko‘rgan echki» birinchi kechada o‘z jufti haloliga zo‘ravonlik ishlatgan, — deydi H.Jo‘raboeva. — Tabiiyki, qiz ertasi kuni ota uyiga qochib ketgan. Oilalarni saqlab qolish uchun qonun va axloq doirasidagi barcha harakatlarni bajarishimizga to‘g‘ri keldi. Shu bois imi-jimida kuyov bilan umuman boshqa tumandan bo‘lgan diniy ulamoning suhbatini tashkillashtirdik. Ko‘pni ko‘rgan qori muqaddas dinimiz, o‘zbekchilikda er kishining oila qilish shartlari, talablari to‘g‘risida yosh yigitga tushuntirish berdi. Ayolning eridagi haqlarini birma-bir sanab chiqdi. Bu talablarga amal qilmaganlar jamiyatning la'natiga duchor bo‘lishi, gunohga botishini asoslab berdi. Amalimiz ta'sir qildimi, tezda yosh oila tiklanib ketdi.

Bir viloyatda 336 ta oila barbod bo‘ldi

Bugun jamiyatimizdagi eng og‘riqli jihatlardan biri bu — oilaviy ajralishlar hisoblanadi. Joriy yilning 7 oyi mobaynida viloyatimizda 336 ta oila barbod bo‘ldi. Shulardan 162 tasi yosh oilalar hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Tadqiqot markazi tahlillariga ko‘ra, ajralishlarning asosiy sabablari qaynona - kelin munosabatlariga borib taqalmoqda. O‘g‘il-qizlarni turmushga tayyorlamaslik, hayotning past-balandini tushuntirmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Otalar aliment to‘lashdan qochib, farzandlarini sud orqali bo‘lib olishga harakat qilyapti. Bunday holatda farzandlarning ota yoki ona mehriga zor qolishi ularni tashvishga solmayapti.

Ajralishlarga qator omillar sabab bo‘lyapti. Jumladan, «Nikoh shartnomasi» asosida turmush qurish masalasi hamon e'tibordan chetda qolayotir. Ota-onalar bu ish mentalitetimizga mos emas, u evropaliklar tomonidan o‘ylab topilgan ortiqcha daxmaza, deb iddao qiladilar. To‘g‘ri, nikohga kiruvchilar «Nikoh shartnomasi» tuzishga majbur emas. Lekin aynan mana shu huquqiy hujjat beva ayollarning haq-huquqlarini himoya qilishga imkoniyat yaratadi. Ayollarning kamsitilishiga sabab bo‘ladigan omillar faqat shular bilan cheklansa koshki edi. Hozir Andijon shahrida kelinlarni xonadon ro‘yxatiga rasmiylashtirmaslik ham urf bo‘lyapti. Bu masalada fuqarolar yig‘inlari, FHDYo, profilaktika inspektorlari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan ishchi guruhlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar ham sezilarli samara bermayapti.

12 ming oila umumiy yotoqxonada yashashga rozi

Hozir Andijon shahrida 103 ming oila istiqomat qiladi. Shundan 36 mingtasi uy-joyga muhtoj. Oila markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 19,5 ming oila boshpana uchun to‘lov qobiliyatiga ega. Qolgan 16,5 mingtasida esa bunday imkoniyat yo‘q. Yana 12 ming oila umumiy yotoqxonalarda ham yashashga roziligini inobatga olsak, ayollarning emin-erkin va osoyishta hayot kechirishlarini ta'minlash uchun hali ancha bosh qotirish zarurligi oydinlashadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, mehnat jamoalarida bolali ayollarga Mehnat qodeksida ko‘zda tutilgan imtiyozlarning yaratilmasligi, ayniqsa, xususiy korxonalarda belgilangan vaqtdan ortiqcha ishlatilayotgani, ular o‘zlarining huquq va erkinliklarini himoya qilishda qator muammolarga duch kelayotganligi, mutasaddi rahbarlarning beparvoligi, ariza va shikoyatlarni o‘z muddatida ko‘rib chiqmasligi ham xotin-qizlarning kamsitilishiga sabab bo‘lmoqda.

Yangi qonun vaziyatni yumshatadimi?

Albatta, O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni bu boradagi kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishga yordam beradi. Ushbu hujjat Evropa va Osiyo davlatlarining shu yo‘nalishda erishgan tajribalari asosida ishlab chiqilgani maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, u mahalliy shart-sharoitga moslashtirilganida ta'sir kuchi yanada samarali bo‘lardi.

Masalan, korxona tashkilotlar, o‘quv muassasalarida xotin-qizlar qo‘mitalarining boshlang‘ich tashkilotini tuzishga alohida e'tibor qaratish, qo‘mita a'zolariga tashkilot rahbariyatining sohadagi qarorlariga ta'sir o‘tkaza oladigan darajadagi vakolatlarni berish ayollarning mehnat huquqlarini muhofaza etishda muhim rol o‘ynagan bo‘lardi. O‘ylaymanki, hayot davom etar ekan, deputatlarimiz yaratayotgan qonun-qoidalar ham tobora takomillashib boraveradi.

Abdumutal ABDULLAEV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish