Himoya orderi nima?

— Yaqinda mamlakatimizda «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirganidan xabarimiz bor. Shu munosabat bilan keyingi kunlarda ayollarga taqdim etiladigan «Himoya orderlari» to‘g‘risida ko‘p gapirilyapti. Bu order o‘zi nima ekanligi to‘g‘risida batafsil ma'lumot bersangiz. 

Nodira KARIMOVA,

 Toshkent shahri Yunusobod tumani

Hasan TOShXO‘JAEV,

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari:  

— Darhaqiqat, «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga «himoya orderlari»ni taqdim qilish to‘g‘risida me'yorlar mavjud. Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ta'sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat hisoblanadi. Himoya orderida tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning jabrlanuvchi bilan aloqasini taqiqlash. (Bunda ish joylari yoki ta'lim muassasalarida jabrlanuvchining tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi.) Jabrlanuvchi hamda zo‘ravonning bir xonada birga bo‘lishini taqiqlash. Zo‘ravonning zimmasiga jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, etkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash, shuningdek ma'naviy ziyonni kompensasiya qilish majburiyatini yuklatish kabilarni nazarda tutadi.

Agar himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish chog‘ida zo‘ravonning qilmishida Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyat belgilari aniqlansa, himoya orderini berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda ish materiallari jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboriladi.

Izoh 0

Izoh qoldirish