«Qo‘shni mahallada tabiiy gaz bor, bizda esa...»

Sovuq kunlar yaqinlashgani sayin yana kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik mavzusi ko‘tarila boshlaydi. Ayniqsa, bu yilgi kuzning dastlabki oyidayoq havo haroratining pasayayotgani aholi tashvishini ikki hissa oshirdi. Natijada tabiiy gaz, elektr ta'minoti bo‘yicha murojaatlar soni ham orta boshladi.

Avval «truba»da, endi esa «ballon»da...

«Chorbog‘» mahallasi Namangan tumani markazi Toshbuloq shaharchasiga tutashib ketgan. Hattoki, ikki mahallani ajratib turadigan biron-bir belgi ham yo‘q. Taajjubki, ana shunday darajada markazga yaqin mahalla mana, bir necha yildirki, zangori olovdan bebahra. Qo‘shni «Katta Toshbuloq», «Xo‘jaqishloq», «Mirishkor» mahallalarida aholi bemalol tabiiy gazdan foydalanib kelayotgan bir vaqtda chorbog‘liklar maxsus ballonlarda keltiriladigan suyultirilgan gazga navbat kutishmoqda.

— Aslida mahallamiz bundan o‘ttiz yil muqaddam yuz foiz gazlashgan, — deydi fuqarolar yig‘ini raisi Naimjon Toshboev. — Buning uchun har bir ko‘chaga tarmoq tortilgan, odamlar qariyb o‘n besh yilga yaqin tabiiy gazdan bemalol foydalanib kelishdi. Lekin keyinchalik bosimning pasayib ketgani, to‘lovlardagi boshboshdoqlik sabab mahallamiz bosqichma-bosqich asosiy tarmoqdan uzib qo‘yildi. Dastlabki yili bitta ko‘chada, keyingi yil yana bir ko‘chada, uch yil muqaddam umuman gaz kelishi to‘xtadi. Xonadonlar birin-ketin suyultirilgan gaz balloniga o‘ta boshladi. Hozirga kelib, 780 xo‘jalikning faqat 14 tasigina tarmoqdan gaz oladi. Qolganlariga esa gaz ballon etkazib berilmoqda. Natijada haqiqatan ham, gaz balloni almashtiriladigan kunlari navbat paydo bo‘lib, fuqarolarimiz o‘rtasida mojarolar kelib chiqishgacha boryapti.

Ballon almashtirish uchun vaqt, kuch, «mahorat» kerak...

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Namangan «tumangaz» idorasi markazdan ikki qadam naridagi ushbu mahallada har qirq besh kunda bir marotaba gaz ballonlarini almashtirib berishni yo‘lga qo‘ygan. Oxirgi marotaba shu yilning 3-4 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan ana shunday jarayonda navbat talashishlar, odamlarning noroziligi ko‘p kuzatildi. Achinarlisi, asosan, uy bekalari bo‘lgan iste'molchilarning vaqti gaz balloni olib keladigan mashinani kutish, kelganida esa ming mashaqqat bilan ballon almashtirishga urinishini kuzatish oson emas.

O‘ttiz yil avval tortilgan tarmoqqa endi boshqa ega chiqmoqda

Mahalladagi Bog‘zor ko‘chasida yashovchi 34 xo‘jalik bundan o‘ttiz yil muqaddam yaxshi niyat bilan hashar usulida o‘z ko‘chasiga tabiiy gaz tarmog‘i tortgan. Ya'ni har bir xo‘jalik ma'lum miqdorda pul yig‘ib,  o‘z kuchi bilan qariyb 3 kilometr masofaga temir quvur tortib kelgan. Bundan o‘n yilcha muqaddam esa dastlab aynan shu ko‘cha «Namangan tumangaz» tomonidan markaziy tarmoqdan uzib qo‘yildi. Sabab esa oddiy — «bosim past, yuqori hududga chiqmayapti, aholining qarzdorligi katta». O‘tgan vaqt oralig‘ida bog‘zorliklarning gaz ta'minotiga taalluqli bormagan idorasi, uchrashmagan mutasaddisi qolmadi. Keyinchalik, butun mahalla boshiga ana shunday kun tushgach, «ko‘pga kelgan to‘y» deya yugur-yugurlarga barham berildi.

— Hashar bilan tortilgan tabiiy gaz tarmog‘i quvurlari  shu kunlarda kesib ketilishi mumkinligi haqida eshitib, tinchimiz buzildi, — deydi mehnat faxriysi Turdiali Sulaymonov.  —  Axir, xalqning puliga tortilgan tarmoqni o‘zboshimchalik bilan kesib ketishga kimning haqqi bor. Buning o‘rniga ta'minotchi korxona mutasaddilari tayyor turgan tarmoqqa tabiiy gaz berish masalasini o‘ylab ko‘rgani ma'qul emasmi?  Qolaversa, qo‘shni mahallalarda tabiiy gaz ta'minoti yaxshi bo‘lgan bir holatda nega bizning hudud bu tabiiy ne'matdan bebahra qolishi kerak?! Ta'minotchi tabiiy gazni bersin, biz to‘lovni vaqtida amalga oshirishni kafolatlaymiz. Hozir ko‘chamizdagi odamlarning xohish-istagi, talabi  —  shu!

Ta'minotchi nima deydi?

Mazkur masalada «O‘ztransgaz» AJ Namangan viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialining Namangan tumani bo‘limiga bordik. Ochig‘i, chiroyli binoda hukm surayotgan sokinlik, yaratilgan zamonaviy ish sharoitlari havasimizni keltirdi. Navbatchi tabiiy gaz ta'minoti bo‘limi rahbarining xonasini ko‘rsatib yubordi. Bu xona oldida katta navbat va qizg‘in ish ustidan chiqamiz, degan hadikda edik. Amalda kattagina xonada, bir kishining bemalol telefon o‘ynab o‘tirganini ko‘rib, hayratimiz oshdi. «Bo‘lim boshlig‘imiz ish yuzasidan «G‘alcha» mahallasiga chiqib ketganlar, men, o‘rinbosarlari Ibrohim Qodirov bo‘laman» deya o‘zini tanishtirdi u. Masalaning mohiyatidan xabar topgach esa, quyidagi fikrlarni bildirdi:

— Darhaqiqat, «Chorbog‘» mahallasiga tabiiy gaz tarmog‘i tortilgan va uzoq yil ta'minot bo‘lgan. Lekin 2012 yillardan so‘ng mahalla tabiiy gazdan bosqichma-bosqich uzilishiga to‘g‘ri keldi. Boisi bu hudud gaz bosimi past bo‘lgan «qizil chiziq»qa tushgan. Hozirda esa uni yana qayta ulashning iloji yo‘q. Tortilgan gaz quvurlarini kesib ketish haqida esa eshitmaganman. Da'vo qilinganidek, qo‘shni mahallalarda tabiiy gaz borligi to‘g‘ri. Lekin bu ta'minot ham o‘sha hududlarda 50 foizdan oshmaydi. Ya'ni o‘sha mahallalarda ham bosim yaxshi bo‘lgan ko‘chalargina ta'minlanyapti. Qolganlariga suyultirilgan gaz etkazib berilmoqda.

Demak, chorbog‘liklar bu qishda ham tabiiy gazdan umid qilishmasa bo‘ladi. Zero, tabiiy gaz ta'minotiga mas'ul bo‘lgan idora mutasaddilarining beparvoligi, boshqacha  aytganda, «dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmasligi»  shundan dalolat bermoqda.

Darvoqe:

«O‘ztransgaz» AJ tarkibidagi o‘tgan asrning 80-yillarida tashkil etilgan Buxorodagi «Gazli» gazni er ostida saqlash inshooti quvvatiga ko‘ra, dunyodagi 20 ta yirik inshootning biridir. Hozirda gaz saqlash hajmi bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turuvchi «Gazli»ning quvvatini 3,3 barobarga oshirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada mazkur ombor quvvatiga ko‘ra, dunyodagi gazni er ostida saqlovchi 750 ta inshoot orasida 4-o‘ringa, gaz saqlash hajmi bo‘yicha esa 2-o‘ringa ko‘tariladi.

Mavzuga oid ma'lumot:

Respublikamizda 6,8 milliondan ortiq xonadon gazlashtirilgan bo‘lib, buning qariyb 3,5 mln. tasi tabiiy gaz, 3 mln. 400 mingga yaqini suyultirilgan gaz bilan ta'minlanmokda.  Bugungi kunda tabiiy gazdan foydalangan holda faoliyat ko‘rsatayotgan 84466 yuridik iste'molchilarning 6045 tasini sanoat,
45 405 tasini yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etadi.

2020-2025 yillar davomida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish dinamikasini inobatga olgan holda qo‘shimcha 300 taga yaqin avto va vagon-sisternalar, maishiy gaz ballon tashuvchi 245 ta avtotransport xarid qilish, 32 ta gaz to‘ldirish punktlari va stansiyalariga qo‘shimcha sig‘imlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Natijada oyiga 53 ming tonna suyultirilgan gaz iste'molchilarga  etkazib berish imkoni yaratiladi.

Ilhomjon RAHMATOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish