Jahon chempioni bo‘lgan bokschilarimiz tantanali kutib olindi (foto)

9-21 sentyabr kunlari Rossiyaning Ekaterinburg shahri boks bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. 20-bor o‘tkazilgan mazkur musobaqada dunyoning 78 mamlakatidan 400 ga yaqin bokschi ishtirok etdi. Quvonarlisi, unda qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini jamg‘arib, mazkur jahon chempionatini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi. Bugun delegasiyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Bunday yuksak natija bee'tibor qoldirilgani yo‘q. Bokschilarimizni kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federasiyasi raisi Achilbay Ramatov ham ishtirok etib, yigitlarimizning jahon chempionatidagi bunday muvaffaqiyatli ishtiroki bilan qutladi va Tokio Olimpiadasida ham shunday zafarli g‘alabalar tilab qoldi.

Marosimda, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, ko‘plab jamoat tashkilotlari, sportchilarimizning yaqinlari va yuzlab boks ishqibozlari qatnashdi. Marosimda bokschilarimiz nomidan Bahodir Jalolov so‘zga chiqdi.

“Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan bizlarni kutib olishga chiqqaningiz uchun rahmat. Biz Rossiyada barchangizning qo‘llab-quvvatlashingizni, duolaringizni his qilib turdik. Nasib qilsa, kelasi yil Tokio Olimpiadasida ham o‘zbekistonlik bokschilarning nimalarga qodirligini namoyish etib, boks bo‘yicha birinchi raqamli terma jamoa ekanimizni ko‘rsatib qo‘yamiz”, – dedi Bahodir Jalolov.

Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov o‘z qo‘shiqlari bilan kechaga yanada fayz berdi. Shundan so‘ng bokschilarimiz karnay-surnay navolari ostida kuzatib qo‘yildi.

E'tiboringizga mazkur tadbirdan olingan boshqa fotosuratlarni ham havola qilamiz

 

Manba: olympic.uz

Izoh 0

Izoh qoldirish