Farzandga qanday tarbiya bermoq kerak?

Har bir davrning o‘ziga xos tabiati va sharofati bo‘lganidek, fan va texnika jadal taraqqiy etib borayotgan bizning asrimizda ham yoshlar tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu hunarlari bilan bir qatorda axloqiy fazilatlari ham o‘sib borishi zarur. Yosh avlodning ta'lim-tarbiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish faqat hukumatning yoki maktablarning emas, balki har bir ota-onaning ham muqaddas burchlaridan hisoblanadi.

Ammo barcha ota-onaning ham o‘z farzandlariga mehr-oqibati va tarbiyaviy munosabati bir xil bo‘lavermaydi. Ayrimlari farzand tarbiyasiga juda beparvo. Ular uchun bu dunyoda faqat o‘z shaxsiy yumushlari, moddiy mablag‘ to‘plash birinchi o‘rindagi vazifayu oila a'zolarining axloqiy tarbiyalari bilan shug‘ullanish ikkinchi darajali ishga aylangan.

Avvalo, ota-onaning o‘zi solih bo‘lmog‘i lozim

Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Abdulloh ibn Muborak huzurlariga kelib, o‘g‘lining beodob va badkirdorligidan shikoyat qildi.

Abdulloh ibn Muborak so‘radilar: «Uni duoibad qilganmiding?» U kishi tasdiqlab, bosh silkidi. Shunda hazrat: «Sen o‘zing uni buzib qo‘yibsan», deb u kishini malomat qildilar. Otaning nasihat, ta'limu tarbiyasi farzandga ta'sir qilmoq uchun, avvalo, o‘zi ham solih bo‘lmog‘i lozim.

Kishi birovning farzandiga ziyon etkazmasligi, yomonlik qilmasligi kerak. Chunki uning zarari zamonlar o‘tib, o‘z farzandlariga qaytishi mumkin. Masalan, hazrati Yusuf alayhissalomga akalari yomonlikni ravo ko‘rdi, quduqqa tashlab ketdi. Oqibatda necha zamonlar o‘tib, o‘zlarining farzandlari Fir'avn qo‘liga asir tushdi.

Shu bois har bir ota-ona farzandini yoshlik chog‘idayoq ilmu ma'rifatga qiziqtirib borishi zarur. Zero, ilmu fanning qaysi sohasida bo‘lsa ham ma'lumot hosil qilgan inson, albatta, odamiylik xususiyatlariga oz bo‘lsa-da, ega bo‘ladi.

Alloh taolo Qur'oni karimda: ya'ni: «…O‘qib ilm orttirganlar bilan o‘qimaganlar teng bo‘ladilarmi?..» («Zumar», 9), deb ilmu fanga targ‘ib qiladi. Janobi Rasululloh (s.a.v.) ham ummatlariga murojaat qilib: ya'ni: «Ilm Chin-Mochin(Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir» deganlar.

Shuning uchun ota-onaning farzandga nisbatan eng muhim burchlaridan biri uni yoshligidan boshlab ilm olishga qulay sharoit yaratib berish, ulg‘aygan sari biror o‘ziga munosib kasbu hunar tanlashga yo‘l ko‘rsatib borishlaridir. Hammasidan ham muhimi, farzandimizning ilmu hunar o‘rganishi bilan birga, axloq va odob fazilatlarini ko‘proq egallab borishlariga ko‘maklashishimiz lozim.

Qaysi kasbni tanlay?

Qadim zamonda Abusalom degan bir halol inson o‘tgan ekan. Uning yakkayu yagona farzandi bo‘lib, uni eru ko‘kka ishonmas edi. Kunlar, yillar o‘tib bola katta pahlavon yigit bo‘libdi. Bir kuni u otasiga maslahat solibdi:

– Otajon, endi qanday kasbni tanlay?

Ota:

– Ey, o‘g‘lim, «Bo‘ynidan bog‘langan it ovga yaramas», degan gap bor. Endi sen biror hunar yoki kasbni tanla va shunga mehr qo‘y.

Shunda o‘g‘il:

– Eng yaxshi kasb – o‘g‘irlik bo‘lsa kerak, debdi.

Ota shunday debdi:

– Mayli, o‘g‘lim, o‘g‘irlik bo‘lsa o‘g‘irlik-da. Qo‘shnimizning qo‘yini o‘g‘irlab ko‘r-chi.

O‘g‘li qo‘shni xonadondagi bitta katta qo‘chqorni o‘g‘irlab kelibdi. Otasi xursand bo‘libdi va:

– O‘g‘lim, zo‘r ish qilding. Endi ikkimiz o‘zimizni tejaymiz va bir hafta uydan chiqmay, shu qo‘yni mazza qilib eymiz, debdi.

Xullas, ota-bola qo‘yni eb bo‘lgach, og‘irliklarini tarozida tortishibdi. O‘g‘il bir haftada uch kiloga ozibdi. Ota esa to‘rt kiloga semiribdi. O‘g‘il hayron bo‘lib otasiga boqibdi. Ota kulib debdi:

– Ey, nodon o‘g‘il! Bilib qo‘y, sen o‘g‘irlagan qo‘yning pulini men bir kun oldin qo‘shniga berib qo‘yganman. Shuning uchun men xotirjam semirdim. Sen esa qo‘rquv bilan yashading. Shu bois sen o‘zingga halol kasb tanla. Shunda u dunyoing ham, bu dunyoing ham obod bo‘lur. Halollik – jannat mevasi, haromlik esa do‘zax kulfatidir.

Ko‘proq kim aybdor?

Ota-onalar farzandlarining chin inson bo‘lib ulg‘ayishlari, ta'lim-tarbiya olishlari, kasbu hunar o‘rganishlari yo‘lida jonlarini, mollarini, kuch-g‘ayratlarini sarflashadi. O‘g‘il-qizlarining axloq-odobini, ilm-salohiyatini o‘nglashadi. Farzandga kelgan balo-qazolarga ko‘ksilarini qalqon qilishadi. Ularning bu xizmatlarini bilish va qadriga etish, shukronasi uchun ularga itoatda bo‘lish har bir farzandning burchidir. Biroq ba'zi holatlarda farzand bilan ota yoki ona o‘rtasida nizoli holatlarga ham guvoh bo‘lamiz.

Afsuski, farzand bilan ota-ona o‘rtasidagi murosaning buzilishiga ko‘p jihatdan kattalar aybdor. Chunki ular farzandlarini yoshligida ko‘p erkalatib yuborishgan, aytganini muhayyo qilib, iltimosini o‘ylab ham o‘tirmay bajo keltirishgan. Aytgani-aytgan, degani-degandek ulg‘aygan bola katta bo‘lgach ham ana shu kayfiyatda qoladi. Bu hayotda, qo‘l qisqaligidanmi yoki boshqa sabab bilan farzandining tinmay oshib borayotgan moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirolmay qolsa, ota-ona va farzand o‘rtasida avval mojaro, keyin janjal va o‘nglanmas ziddiyatlar kelib chiqadi.

Farzand tarbiyasining yaxshi bo‘lishini har kim o‘zicha, turlicha sharhlaydi. Birov bolaga pedagoglar tavsiyasiga ko‘ra tarbiya berishni tavsiya etadi. Ba'zilar, avvalo, ota-ona o‘z ibrati bilan tarbiyalashi lozim, deb hisoblaydi. Kimdir bog‘cha va maktabdagi tarbiya tizimini foydali deb bilsa, yana biri bolani yomon ulfat va muhitdan himoya qilishni bu sohadagi asosiy masala deydi. Lekin ko‘pchilik bolaning solih, es-hushli, tarbiyali, itoatgo‘y bo‘lib ulg‘ayishining bosh sabablari haqida o‘ylab ko‘rmaydi.

Yuqoridagi omillar ham kerak, lekin bolangizga u hali tug‘ilmasdan turib halol-pok luqma bermas ekansiz, uning yaxshi tarbiya topishidan umid qilmasangiz ham bo‘ladi. Harom yo‘llar bilan topilgan luqma eb katta bo‘lgan bolani har qanday ulug‘ tarbiyachi eng zamonaviy ta'limot asosida tarbiyalamasin, ko‘zlangan maqsadga erishish amrimahol! Aksincha halol luqma bilan ulg‘aygan bolani tarbiyalash oson kechadi, bunday oilalarda hech qachon «avlodlar ixtilofi» degan sharmandali vaziyat yuzaga kelmaydi.

Alloh farzandlarimizni imonli, insofli va ko‘rsa havas qiladigan zurriyotlardan bo‘lishini nasib qilsin.

Jasur RAUPOV,

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi

Islom ota jome masjidi imom-xatibi.

Izoh 0

Izoh qoldirish