Yashirin iqtisodiyot davlatga qancha zarar keltiradi?

Bugungi kunda  yurtimizdagi  dolzarb muammolardan biri  yashirin iqtisodiyot jamiyat taraqqiyoti va davlat byudjeti daromadliligini ta'minlashga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Achinarlisi, pul topib, oila boqayotgan, biroq hech qaerda rasmiy ishlamayotgan millionlab yurtdoshlarimiz  yashirin iqtisodiyot soyasida qolib ketgan. Xo‘sh, yashirin iqtisodiyot o‘zi nima? U mamlakat iqtisodiga qanday ta'sir o‘tkazishi mumkin? Bu xususda mutaxassislarga yuzlandik.

Qonunchilikdan tashqari munosabatlar

Yashirin iqtisodiyot — tovar-moddiy boyliklar va xizmatlarning jamiyat hamda davlat boshqaruvi organlari tomonidan nazorat qilinmaydigan harakati bo‘lib, alohida fuqarolar hamda ijtimoiy guruhlar o‘rtasida amalga oshiriluvchi, belgilangan qonunchilikdan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardir. Bular iqtisodiy faoliyatning hisobga olinmagan hamda tartibga solinmagan turlarini o‘z ichiga oladi. Misol uchun, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda savdo-sotiq qilish, reklamalar yuritish, turli yo‘nalishlarda maslahatlar berish orqali daromad qilayotganlar kundan-kunga ko‘paymoqda. Xuddi shunday yashirincha tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlarning faoliyatini ham misol keltirish mumkin. Ular na soliq to‘laydi, na bir hujjatga ega yoki biron-bir joydan ro‘yxatdan o‘tmagan. Shuningdek, ular kasaba uyushmalari muhofazasidan foydalana olmaydi, ipoteka krediti ololmaydi, kelajakda pensiyaga ega bo‘lmaydi va mehnat qonunchiligidagi imtiyozlar bu xodimlarga daxl qilmaydi. Ayrim ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi hajmi 50 foiz atrofida. Bu yurtimiz iqtisodiga salbiy ko‘rsatishi tayin.

Milliy boylik taqsimlanishida tengsizlik yuz beradi

Yashirin iqtisodiyotning hajmi qanchalik katta bo‘lsa, naqd pulga bo‘lgan talab ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Yashirin iqtisodiyotda valyuta qora bozorining o‘rni juda katta. Mamlakatimizda eng yirik naqd pul aylanmalari AQSh dollarida bajariladi. Noqonuniy yirik bitimlar, ya'ni uy-joy, avtomobil va boshqa ko‘plab tovarlar oldi-sotdilari dollarda amalga oshirilayotgani hech kimga sir emas. Bankdan tashqari aylanayotgan bunday xorijiy valyutaning bevosita milliy valyutamizga etkazayotgan zarari oxir-oqibat so‘mning qadrsizlanishiga olib keladi. Umuman, yashirin iqtisodiyot ko‘lamining kengayib borishi, o‘z navbatida, mamlakatda yaratilgan milliy boylikning taqsimlanishi va qayta taqsimlanishida tengsizlikni keltirib chiqaradi. Aholi daromadlarining to‘g‘ri taqsimlanmasligi esa jamiyatda ijtimoiy muhitning yomonlashuvi, davlatning iqtisodiyotni boshqarish mexanizmlari kuchsizlanishiga olib keladi. Boz ustiga, jinoiy faoliyat hamda uyushgan jinoyatchilikning avj olishiga sharoit yaratib, investision muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Aholining davlat tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Odatda yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga soliq yuki va boj to‘lovlarining yuqoriligi, turli lisenziya, sertifikat va ruxsatnomalar olinishida ko‘zda tutilmagan xarajatlarning mavjudligi, kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan mahsulotlar, xomashyolar etkazib berilishida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdagi byurokratik to‘siqlar sabab bo‘lishi ro‘kach qilinadi. Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida yashirin iqtisodiyot masalasiga alohida to‘xtalib, «...afsuski, yalpi ichki mahsulotda yashirin iqtisodiyotning ulushi katta bo‘lib, bu mamlakat rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Birgina Toshkent shahrining o‘zida 50 foiz tadbirkorlar «yashirin» tarzda faoliyat ko‘rsatayotgani aniqlangan», deya ta'kidlab o‘tgan.  

Muammoning echimi bormi?

Yashirin iqtisodiyot har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Masalan, respublika hududiga qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘llari bilan tovarlarni olib kirish va ularni ichki bozorda noqonuniy sotish hisobga olinmagan. Shuningdek, kontrafakt tovarlar ishlab chiqarish va savdoga qo‘yish, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, ishchi-xizmatchilarga rasmiylashtirmasdan konvert asosida ish haqi to‘lash, nazorat-kassa mashinalari hamda to‘lov terminallaridan foydalanmasdan savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish shular jumlasidan. Soliq tizimini soddalashtirish va QQSni joriy etish, elektron to‘lovlarning faol tatbiq qilinishi, norasmiy bandlarni rasmiylashtirish choralarini ko‘rish, kredit olish tartib-tamoyillarini soddalashtirish va arzonlashtirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi omillar esa yashirin iqtisodiyotni qisqartiradi.

Umuman olganda, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning zamonaviy va jahon amaliyotida sinalgan usullaridan keng foydalanish yaxshi samara berishi mumkin. Mazkur yo‘nalishdagi muammoning echimi sifatida respublikamizda inson omili ishtirok etmaydigan nazorat mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Xususan, naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'ektlariga onlayn nazorat-kassa mashinasini joriy etish, barcha tadbirkorlik sub'ektlariga elektron hisobvaraq fakturalarini kiritish, ayrim turdagi tovarlar guruhini majburiy markirovkalashni tatbiq etish shular jumlasidandir.

Yashirin iqtisodni aniqlash yo‘li

Yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini aniqlash, shakllanishi manbalarini tahlil etish va uning salmog‘ini pasaytirish bugungi kun iqtisodiy siyosatining dolzarb muammolaridan bo‘lib, uni hal etish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Xalqaro tajribadan ma'lumki, zamonaviy iqtisodiy sub'ektlar faoliyatining hajmini ko‘rsatuvchi aniq fizik ko‘rsatkich, bu — elektr energiyasi sarfining hajmidir. Shuning uchun jami yalpi ichki mahsulot miqdoridan rasmiy elektr energiyasidan foydalanib YaIM hajmini yaratayotganlar miqdori ayrilsa, «yashirin» foydalanayotganlar hajmi aniqlanadi. Bu o‘z-o‘zidan ma'lumki, yashirin tarzda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganlarda ko‘proq uchraydi. Moliyaviy va naqd pul aylanmasi miqdori ko‘rsatkichlar orqali ham yashirin iqtisod salmog‘ini aniqlash mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, soliq va ijtimoiy to‘lovlarning YaIMga bo‘lgan nisbati 33 foiz bo‘lsa, bu yashirin iqtisodiyot ko‘payishining keskin nuqtasi hisoblanadi.

Xulosa shuki, yashirin iqtisodiyotni, eng avvalo, aniqlash, shakllanishining oldini olish va ulushini pasaytirish kabi bugungi kundagi dolzarb muammo echimini topishda rivojlangan davlatlarning bosib o‘tgan yo‘lini chuqur tahlil qilishimiz, o‘zimizga mos bo‘lgan yo‘nalishlarga tayanib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishimiz lozim.

Nilufar YuNUSOVA

«Mahalla»

Izoh 1
Уткир Неъматов

2019-11-04 22:04:41

Макола муаллифи билан богланишимиз учун алока маълумотларини юборинг илтимос (press@mineconomy.uz)

Izoh qoldirish