Yosh olimlarni qanday masalalar qiynayapti?

Dunyo ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan fizik-matematik olim Isaak Nyuton o‘z muvaffaqiyatlari to‘g‘risida: «Men gigantning elkalari ustida bo‘lganligim sababligina oldindagi qadamlarni ko‘ra olganman», deb ta'kidlagan edi. Bu uning ilm-fandagi yutuqlari yolg‘iz o‘ziga emas, balki undan oldingi zahmatkash olimlar qoldirgan ulkan bilim va izlanishlarga ham uzviy bog‘liqligi ifodasidir.

«Ilmiy izlanish uchun laboratoriya asboblari etarli emas»

Darhaqiqat, ilm-fan sohasidagi izlanishning nina bilan quduq qazishga qiyoslanishi bejiz emas. Har bir olim o‘zidan avval amalga oshirilgan, isbotlangan tadqiqot va tajribalarga asoslangan holda, ilm-fan saroyi poydevoriga o‘z «g‘isht»ini qo‘yishga intiladi. Bu zanjir tabiiyki, yosh izlanuvchilar hisobiga kengayib boraveradi. Olimlik darajasi, martabasiga erishish uchun esa yillar davomida izlanish, elib-yugurish, ilmiy adabiyotlarni o‘qib-o‘rganish kerak. Xo‘sh, buning uchun yurtimiz ilmiy muassasalarida imkoniyatlar etarlimi? Yosh olimlar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

— Qanchalik achinarli va afsuslanarli bo‘lmasin, bizda hali ilmiy izlanish, yangi ilmiy g‘oyani amalda isbotlash uchun zaruriy laboratoriya asboblari etarli emas, — deydi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti «Kolloid kimyo» laboratoriyasi ilmiy xodimi Dilnoza Jumaeva. — Yosh tadqiqotchi ma'lumotni izlab topish uchun kunlarni tekinga sovurib yuboradi. Oddiy, eskirgan usulda loyihani tadqiq etish hafsalani pir qiladi. Bunday muhit va sharoitda esa g‘oya shakllanmay, fikr tug‘ilgan zahoti bo‘g‘ilib qoladi.

Sabr qilsang, g‘o‘radan holva bitar, deganlaridek, Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlar qo‘llab-quvvatlanib, ular ilmiy tafakkuri har tomonlama rivojlantirila boshlandi. Menga joriy yilda Belarus Respublikasi Minsk shahridagi Milliy fanlar akademiyasi umumiy va noorganik kimyo institutida bir oylik stajirovkada bo‘lib qaytish nasib etdi. Sharoitni taqqosladim. Shu qadar zamonaviy jihozlangan laboratoriyaki, tonggacha ishlaging keladi. Doktorlik ilmiy izlanishim davrida yaratilgan adsorbentlarning kolloid kimyoviy xossalarini juda eskirgan usullarda o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan edi. Yaqin davrda bizning laboratoriyalarimiz ham etarli darajada jihozlanishiga umid qilaman.

Kengash jamoatchilik asosida ishlaydi...

Ma'lumki, yosh olimlarning ijodiy salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ilmiy va texnik muammolarni hal qilishning yangi usullarini izlash, shuningdek, yoshlarning muhim ijtimoiy muammolarini hal qilish maqsadida Fanlar akademiyasi qoshida 2009 yildan beri Yosh olimlar kengashi jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Xo‘sh, mazkur tuzilmaning yosh olimlar faoliyatida qanday o‘rni bor?

— Kengashimiz o‘z nizomi, ish rejasi va boshqa huquqiy-me'yoriy hujjatlar bo‘yicha ishlaydi, — deydi Yosh olimlar kengashi raisining o‘rinbosari, falsafa fanlari nomzodi Gulsanam Tillaeva. — Bir yilda ikki marotaba yosh olimlar respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilib, ilmiy loyihalarning tezis shakli to‘plam holida chop etilmoqda. «Yosh olimlar axborotnomasi» o‘zbek, rus, ingliz tillarida nashr qilin­yapti. Fanlar akademiyasi tasarrufida aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan 9 ta, tabiiy fanlarga yo‘naltirilgan 11 ta, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta ilmiy-tadqiqot instituti mavjud. Bu muassasalardagi 40 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning 600 nafarini kengash tarkibiga kiritib, ularni qiziqtirayotgan va tashvishlantirayotgan muammolarni kun tartibiga qo‘ymoqdamiz. Xususan, uy-joy masalasida murojaat qilgan 42 nafar yosh olimning arizasi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ular ro‘yxati Toshkent shahar hokimligiga taqdim etildi. Bizga yosh olimlar turli masalalarda murojaat qilishadi. Afsuski, jamoatchilik asosida ishlayotganimiz, Fanlar akademiyasi tuzilmasiga kengashning kiritilmasdan kelayotgani moliyaviy masalalarda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

O‘zbekistonlik yosh olimlar qachon dunyoga chiqadi?

Haqiqat bahs-munozarada oydinlashib, taqqoslashda yana ham yaqqolroq ko‘rinadi. Har yili turli yo‘nalishlarda etishib chiqayotgan yosh olimlarning faqat mahalliy doirada o‘z qobig‘iga «o‘ralashib» qolishi, shubhasiz, ular faoliyatini ancha cheklab qo‘yadi. Xorijiy davlatlarda o‘qish, stajirovkada bo‘lib qaytish o‘zbekistonlik yoshlar uchun yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi ana shunday vakolatni o‘z zimmasiga olgan.

— Jamg‘arma tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan 2 ta stipendiya tanlovi natijalariga ko‘ra, jami 726 nafar stipendiatning rivojlangan 44 ta davlatdagi 200 dan ziyod universitet va ilmiy markazda o‘qishga jo‘natilishi rejalashtirilgan, — deydi «El-yurt umidi» jamg‘armasi mas'ul xodimi Javohir Ahmedov. — Hozirga qadar ularning 300 nafari turli xorijiy davlatlarda o‘qish, stajirovka o‘tash uchun jo‘nab ketdi. Qolgan qismining hujjatlari tayyorlanib, safar xarajatlari moliyalashtirilmoqda. Ammo bu imkoniyatga erishgan yoshlar, asosan, Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalari yoki ilmiy-tadqiqot institutlarida o‘qiydi yoki ishlaydi. Navbatdagi stipendiya tanlovlarida uzoq tumanlardagi iqtidorli va istiqbolli yoshlar ishtirokini ta'minlash mumkinmi, degan savol tug‘iladi. Buning uchun barcha viloyatlardagi OTMlar, ilmiy-tadqiqot institutlari filiallari yosh izlanuvchilarni tanlov qoidalaridan boxabar etishi zarur.

*  *  *

Xoh rasmiy doira bo‘lsin, xoh oddiy davra, ilmiy darajasi bor kishilarga hurmat-ehtirom bilan qarab, ularning yuksak salohiyatiga tan beramiz. Buyuk ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Muso al-Xorazmiy qoldirgan boy ilmiy-ma'naviy merosda allomalikning haqiqiy isbotini ko‘ramiz. Buyuk zotlarning bugungi izdoshlari intilishini ko‘rib, olimlik ham ajdodlardan avlodlarga o‘tadigan ma'naviy belgidir, degan fikr ko‘ngildan o‘tadi.

Olimlarning moddiy rag‘bati qanday?

Keyingi yillarda barcha sohalar qatori ilm-fan xodimlari ham izchil rag‘batlantirilib kelinmoqda. Jumladan, izlanuvchan olimlarni rag‘batlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimining joriy etilgani, ilmiy-tadqiqot institutlari izlanuvchilari hamda turli oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar moddiy manfaatdorligining oshirilishi muhim voqelik bo‘ldi.

Prezidentning tegishli qarorlariga muvofiq, ilmiy xodimlarning oylik maoshlari o‘tgan yil 1 sentyabrdan o‘rtacha 25 foizga, joriy yil 1 yanvardan 20 foizga oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foizga ko‘tarildi. Bu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1 sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ta'lim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining oylik maoshlariga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilandi.

Hulkar KUZMETOVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish