Oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanganmi?

Kundalik hayotimizda tez-tez chiqindi tashlash joylariga qotgan non, sifatini yo‘qotgan ovqat, mog‘or bosgan pishloq va boshqa mahsulotlarning tashlab ketilganiga duch kelamiz. Ko‘pchilik me'yoridan ortiq oziq-ovqatni xarid qiladi va eskirgach tashlab yuboradi. Afsuski, bu ko‘pchilik uchun odatiy holga aylangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi chiqindi idishlariga uloqtiriladi. Jahon iqtisodiyoti bundan har yili qariyb trillion dollar zarar ko‘radi. Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb muammolardan biridir. Xo‘sh, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi qay darajada ta'minlangan? Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ayni xususda mutaxassislarga yuzlandik.

Talab kundan-kunga ortmoqda

O‘zini o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash zaruriyati — mamlakatda milliy mustaqillik, iqtisodiy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish shartlaridan biridir.  Bu shartlar oziq-ovqat xavfsizligiga erishishda asos bo‘ladi. Oziq-ovqat xavfsizligi mamlakat aholisining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan etarli darajada ichki imkoniyatlardan foydalangan holda ta'minlanishini, importga bog‘liqlikning minimum darajasiga erishishini ifodalaydi. Bugungi kunda dunyoda tabiiy muvozanatning buzilishi umumiy suv sathining ko‘tarilishi, iqlim o‘zgarishi, tuproq unumdorligining pasayishi, sho‘rlanishi, sug‘oriladigan er maydonlarining aholi jon boshiga kamayib borishi kabi global muammolarni keltirib chiqarmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi barcha davlatlar qatori O‘zbekistonning ham mustaqilligi, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorligini ta'minlash garovi hisoblanadi. Yurtimizda bu muammo hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Zero, ayni paytda oziq-ovqat mahcylotlapiga bo‘lgan talab oshyapti, aholi coni o‘sishi asnosida jon boshiga icte'mol miqdori ko‘paymoqda. Binobarin, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirishga bo‘lgan yondashuv mutlaqo o‘zgardi. Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirildi. Prezidentning 2018 yil 16 yanvardagi «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni esa bu boradagi ishlarni jadallashtirib yubordi.

O‘zbekistonda 2018 yil holatiga ko‘ra, aholi o‘rtasida umumiy to‘yib ovqatlanmaydiganlarning ulushi 6,3 foizni tashkil etgan. Ushbu ulushni 2021 yilgacha 5, 2025 yilga kelib 3 foizgacha kamaytirish, 2030 yilga borib nol darajaga tushirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Xo‘sh, buning uchun nima qilish kerak?

Sir emaski, yurtimizda eksport-import operasiyalarini tartibga solish, ehtiyoj katta bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishdagi to‘siqlar, nosog‘lom raqobat, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan import mahsulotlarining monopollashtirilishi, narx-navoning sun'iy oshirilishi, taqchillikning yuzaga kelishi kabi bir qator muammolar hamon uchrab turibdi. Bunday holatlar sohadagi ishchanlik muhiti, mamlakat investisiyaviy imkoniyati va jahon bozoridagi obro‘siga jiddiy ziyon etkazishi tabiiydir. Binobarin, yuqoridagi farmonning hayotga tatbiq etilishi yurtimiz bozorlarini sifatli, arzon va xavfsiz oziq-ovqatlar bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish imkonini bermoqda.

Narx-navo barqarorlashtirilyaptimi?

Ko‘pchilikka ma'lumki, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga oziq-ovqat tovarlarini xorijdan import qilish bo‘yicha bir qator individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlari, preferensiyalar berilgan edi. Natijada davlatimizning milliardlab mablag‘lari sarflanardi. Lekin bu amaliyot o‘zini oqlamadi. Oziq-ovqat mahsulotlari importi ayrim sub'ektlar tomonidan monopoliyaga aylantirildi. Xorijdan keltirilayotgan shakar, qand, o‘simlik yog‘lari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ichki bozorda ko‘payishi hamda narx-navo pasayishi o‘rniga, aksi bo‘lib qoldi. Hozirda iste'mol tovarlari respublika tovar xomashyo birjalarida sotilmoqda. Shuningdek, birjalarning ochiq elek­tron savdolarida sotish uchun (sotib olish) lisenziya talab qilinmaydi. Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yuqoridagi mahsulotlar importi tovar-xomashyo birjalari va xorijiy birjalar elektron savdolari tizimi orqali amalga oshirilyapti. Oziq-ovqat mahsulotlarining xaridi, jamg‘arma tushumi va xarajatlari yagona portalda e'lon qilinib borilmoqda. Xullas, xorijdan olib kelinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi shaffof holda amalga oshirilyapti.

O‘zbekiston va dunyo  reytingi

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili qariyb 4 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Agar ulardan oqilona foydalanilib taqsimlansa, bu aslida sayyora ahlining barchasiga etgan bo‘lardi. Ammo so‘nggi paytda dunyo oziq-ovqat bozorlarida narx-navo ko‘tarilib boryapti. Yaqinda BMT tomonidan sohada yana bir tashabbusga qo‘l urildi. Ya'ni oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligiga qarshi kurashish bo‘yicha global kampaniya e'lon qilindi. Bu ham aynan oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qiladi. Ushbu tuzilmaning Atrof-muhit bo‘yicha tashkiloti (YuNEP) ma'lumotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 1,3 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari tashlab yuboriladi. Bunga qaysidir ma'noda o‘zimiz ham to‘ylarimizdagi isrofgarchiliklar orqali «hissa» qo‘shmoqdamiz. Bejizga bunday tadbirlarni ixchamlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmayapti. Ne'matlarning bunday isrof qilinishidek mantiqsiz holatga barham berish uchun, birinchi navbatda, ularni saqlash sharoitlarini o‘zgartirish taklif etilyapti. O‘tgan yili AQShning izlanishlar markazi o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi reytingida yuqorilab, 64-o‘rinni egallagan. Vashingtonda joylashgan Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti hisobotlarida ham yurtimizda keyingi yillarda bu borada e'tirofga sazovor ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Mamlakatimiz hududining 85 foizi cho‘l hamda yarimcho‘l erlardan tashkil topgan. Bugungi kunda aholi ixtiyorida 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlari mavjud. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, insonning normal ovqatlanishi uchun har bir kishiga o‘rtacha yillik 113 kilogramm sabzavot, 50,4 kilogramm kartoshka, 19,3 kilogramm poliz, 21,3 kilogramm meva va uzum, 40 kilogramm go‘sht, 140 litr sut, 121 dona tuxum, 0,8 kilogramm asal kabi mahsulotlar talab qilinadi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash siyosati

— 2025 yilga borib O‘zbekiston o‘rtacha darajadan yuqori daromad oladigan mamlakatlar guruhiga o‘tishi maqsad qilingan, — deydi B.Xoliqov. — Bu turmush tarzi, xulq-atvor andozalari, ovqatlanish tarkibining tegishli tarzda o‘zgarishiga olib keladi. Shularni e'tiborga olgan holda bir qancha tovarlar bo‘yicha qayta ishlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari ulushi o‘sishini ta'minlash zarur bo‘ladi. Qolaversa, ovqatlanish standartlari va me'yorlarini joriy etish, shuningdek, ovqatlanish sifati ustidan nazorat qilish mexanizmini yanada rivojlantirish lozim. Shu jumladan, mikro­elementlar va zarur nutrientlar mavjud bo‘lishi, zararli moddalar, turli qo‘shimchalar, bo‘yoqlar, ta'm beruvchilar, emulgatorlarni nazorat qilish, tayyorlash, tashish texnologiyalariga rioya etishni nazorat qilish kerak. Aholining ovqatlanish modelini yaxshilash maqsadida sog‘lom ovqatlanish to‘g‘risidagi zarur axborotni tarqatish, bu borada tibbiyot muassasalari faolligini oshirish lozim.

Davlatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash siyosati qachon samara beradi? Qachonki, mahsulot ishlab chiqarish va import qilish darajalari oqilona uyg‘unlashtirilsa, bu borada aholi uchun kafolatlangan imkoniyatlar yaratilsa, xalqaro pragmatik hamkorlik aloqalari rivojlantirilsa, davriy ravishda yangilanib turadigan oziq-ovqat zaxirasini yaratishga ham qaratilgan bo‘lsa.

Muxtasar aytganda, mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari narxini pasaytirish, sifat va xavfsizligini ta'minlash, chayqovchilik holatlariga chek qo‘yish, byurokratiyani bartaraf etish, xorijiy investorlar va hamkorlar bilan muntazam muloqot hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida barcha muammo va sun'iy g‘ovlarga chek qo‘yilmoqda.

Nilufar YuNUSOVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish