Qo‘qon xonligi qo‘mondoni Alimqul haqida nimalarni bilamiz?

«Yusufbek Hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyootadan yozar edi: «O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidag‘i o‘rus bilan to‘qunushmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi...»

«O‘tkan kunlar» romani xotimasida Otabekning podsho Rossiyasi bosqini paytida Qo‘qon xonligi amirlashkar (general)i Alimqul qo‘shini saflarida jang qilgani aytilgan. Abdulla Qodiriy shoh asariga nega bunday xotima qilgan ekan? Ehtimol, Otabekning so‘nggi kunlari Vatan erki uchun sarf bo‘lganini ta'kidlamoqchidir? Shunday mard bobolarimiz bosqinchilarga qarshi kurashgan demoqchidir? Xo‘sh, ularni noteng, ammo sharafli muhorabaga boshlab kirgan, Turkiston armiyasini rus podshosi qo‘shinlari qarshisida saf torttirgan sarkarda Alimqul haqida nimalarni bilamiz?

Alimqulning tarix sahnasida paydo bo‘lishi

Muhammad Yunus ibn Muhammad Amin «Tarixi Aliquli amirlashkar» asarida bu tarixiy shaxs hayotiga oid qimmatli ma'lumotlarni keltirib o‘tadi. Manbalarda «Aliquli», «Alimquli», «Alimqul» nomlari bilan tilga olinadigan Mulla Alimqul Hasanbiy o‘g‘li (1831 — 1865) Qo‘qon yaqinida Hasanbiy va Shaharbonu bibi xonadonida tavallud topgan. Hasanbiy chorvador bo‘lib, qo‘yu mol, yilqi boqib ro‘zg‘orini but tutib turardi. Alimqul ikki yoshga etganda otasi vafot etadi. Tog‘asi Mulla Do‘st oxund qo‘lida o‘zi yashaydigan Bo‘jun Butkan mavzesida savod chiqaradi. 6-7 yoshlarida Qo‘rg‘ontepaga ko‘chib keladilar. Keyinchalik Andijondagi Oqmasjid madrasasida tahsil oladi. Bir-ikki yillik madrasa tahsilidan so‘ng, Qo‘qonga kelib Ayoz mahdum xonadonida xat ilmidan saboq oladi. 18 yoshida ustozining vafotidan keyin harbiy sohada ham o‘zini sinab ko‘radi. Qo‘qonning amaldagi hukmdori Xudoyorxonning akasi Mallabek bilan Andijon hokimi So‘fibek vositasida tanishib qoladi va uning xizmatiga kiradi.

Xudoyorxon o‘z qaynotasi qipchoqlar etakchisi Musulmonqulning xonlikdagi ta'sirini kamaytirish uchun 1853 yilda o‘tkazgan «qipchoqlar qirg‘ini» natijasida mamlakat boshqaruvini to‘la o‘z qo‘liga oladi. Yonidagi kaltabin amaldorlar maslahatiga kirib jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ya boshlashi yaqinlarining noroziliklarini oshiradi. Akasi Mallabek unga qarshi bosh ko‘taradi. Muhammad Yunus ibn Muhammad Amin bu haqida shunday yozadi: «Bir kuni namozi bomdoddan so‘ng tamomi umaro va sardorlar salom uchun o‘rda eshigiga jam bo‘lg‘onda Mallabek Mirzo Ahmad qushbegi va Do‘stmuhammad dasturxonchilarga qahru g‘azab bilan boqib: «Xonni sizlar yo‘ldan urub, it urushtirmoq va xo‘rus urushtirmoq yo‘lig‘a boshlab, yurt va fuqarolar holidan g‘ofil va bexabar qildinglar», deb ularning qasdig‘a qilichini g‘ilofidan chiqordi... Mallabekning qo‘lidan ushlab, iltijo va zorilar bilan ularni xalos qildilar. Mallabek bu erdan chiqib hoziru tayyor no‘karlari bilan Andijon tarafga azimat qildi...» Shu bilan aka-uka o‘rtasida taxt uchun kurash boshlanadi.

Mallabek(keyinchalik Mallaxon)ning taxtga kelishiga Alimqul munosib hissa qo‘shadi (1858). Evaziga Chimyonga hokim etib tayinlanadi. Mallaxon tadbirli, biroq  jahli tez va qahri qattiq hukmdor edi. Manbalarda aytilishicha, shuncha xizmatlariga qaramay Alimqul bilan bir kosa qimiz sabab tortishib qoladi va uni barcha lavozimlaridan ozod qilib, Turkiston shahriga xizmatchi sifatida yuboradi. Biroq bir necha oydan keyin yana o‘z o‘rniga qaytaradi.  Shunday bo‘lsa-da, Alimqul xonlikni idora etishda faol qatnashib, eshikog‘aboshi va vazir darajasiga ko‘tarildi. Mallaxonning eng ishonchli va yaqin kishilaridan biri bo‘lib qoldi.

Bu davrda asli qipchoqlardan bo‘lgan Alimqul ularning xonlikdagi siyosiy mavqeini tiklashga va mustahkamlashga harakat qildi. 1860 yil Mallaxon qo‘shin to‘plab Pishpak (hozirgi Bishkek)ka, u erdan esa Chu daryosi bo‘yiga kelgan. To‘plar bilan qurollangan 2 ming kishilik rus qo‘shini bilan bo‘lgan jangda Mallaxon qo‘shini g‘olib chiqqan, lekin G.A.Kolpakovskiy otryadi tomonidan Uzunog‘och mavzesida tor-mor keltirilgan. Shu yili Qo‘qon xoni Mallaxon Qanoatshoh ismli kishini Turkiston shahrini himoya qilish uchun yuborgan, u boshchiligidagi qo‘shin Turkiston shahri atrofidagi dasht aholisini talab ortga qaytgan. Bu kabi o‘zboshimchaliklar, og‘ir soliq va majburiyatlar, muxolifatga qarshi jazo choralari Mallaxonga qarshi fitna uyushtirilishiga olib kelgan. Mallaxon 1862 yil mart oyida o‘ldirilib, o‘rniga 17 yoshli Shohmurod xon deb e'lon qilingan. Biroz vaqt o‘tib taxtga yana Xudoyorxon keladi. Bir qancha kurashlardan so‘ng, 1863 yil 9 iyulda Alimqul Mallaxonning o‘g‘li Sulton Sayyidxonni Qo‘qon xoni deb e'lon qiladi. Natijada Xudoyorxon Buxoroga ketishga majbur bo‘ladi. Buning evaziga Alimqul «amiri lashkar» unvoniga sazovor bo‘ldi.

G‘azavot — dinu millat uchun kurash

Podsho Rossiyasi qo‘shinlari Qo‘qon xonligi tasarrufidagi Toshkent va boshqa shaharlarga tahdid qila boshlagach, Alimqul va Sulton Sayyidxon qo‘shin bilan Toshkentga kelishdi. Alimqul 10 ming kishilik qo‘shin bilan Aris daryosi bo‘ylariga chiqib, Turkiston va Chimkent oralig‘idagi rus qo‘shinlari egallagan qo‘rg‘onlarni qaytarib olishga harakat qildi. Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlog‘ida ruslarning qo‘shinini engib Toshkentga qaytdi. Bu tarixga «Iqon jangi» nomi bilan kirgan. 1864 yil dekabr oyi oxirida Alimqul va Sulton Sayyidxon Toshkentni tark etib, Qo‘qonga kelishdi, biroq Chernyaev boshliq rus qo‘shinlari Toshkentga yaqinlashgani haqida xabar topgach, 1865 yil 7 mayda qo‘shin bilan yana Toshkentga etib kelishdi. Alimqul va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi. Shu kuni Mingo‘rik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat o‘tkazilib, «g‘azavot» (din va millat uchun  muqaddas kurash) e'lon qilindi. Alimqul Qashqar hokimi Valixon to‘raning qashqarliklar ham bu ulug‘ urushga qo‘shilajaklari haqidagi maktubini shahar himoyachilariga shaxsan o‘zi o‘qib eshittirdi. So‘ng Salor kanali bilan Darxon arig‘i oralig‘ida Alimqul qo‘shinlari va shahar himoyachilari bilan rus qo‘shinlari o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Rus qo‘shinlari yana Alimqul lashkaridan engilib, Sho‘rtepaga chekindi.

O‘rta Osiyo jangsiz taslim bo‘lmagan

Abdulla Qodiriy ta'biricha, «tariximizning eng kirlik, qora kunlari bo‘lg‘an keyingi «xon zamonlari» haqida gap ketganda, siyosiy tarqoqlik va qoloq harbiy salohiyat sabab mustamlakaga aylanganimiz ko‘p ta'kidlanadi. Ammo har qancha murakkab sharoit bo‘lmasin, ajdodlarimiz Vatan erki uchun qattiq kurashganlar. Podsho qo‘shinlari biror shaharni shunchaki egallab olmagan, quvvati etgan har kim «g‘azarot»ga — millat uchun, din uchun kurashga bel bog‘lagan. Chunki ular e'tiqodi but, iymoni sobit zotlar edi. Mansab va toju taxt talashib yurtni xonavayron qilgan xonlar, ulusni ayovsiz talagan beklar o‘sha sobit xalq sabab davron surganlar. Millat va Vatan taqdiri o‘rtaga chiqqanda amirlashkar Alimqul kabi yo‘lboshchilar Turon erlarini bosqinchilar qarshisida saf torttirgan. Ammo tarixning yozmishi boshqacha edi. Kuchlar notengligi va xoinlarning ojizligi sabab minglab yovqurlar halokatga mahkum etildi.

Chernyaev ustomon  general edi. Alimquldan yana bir marta engilgani uchun rus podshosi unga rahmat aytmasdi. O‘z obro‘yini saqlab qolish uchun ham keyingi jangda g‘olib bo‘lishga tirishgan. Ammo shoshish bilan ish bitmasdi. U kutdi. U turkistonliklar qo‘shini rus qo‘shinini kuchsizlangan sanab yana hujumga o‘tishini bilardi...  1865 yil 9 mayda Alimqul qo‘mondonligidagi qo‘qonlik askarlar va shahar himoyachilari Sho‘rtepadagi rus qo‘shinlariga qarshi hujumga o‘tdi. Ayovsiz kechgan jangda Alimqul og‘ir yaralandi va o‘sha kuniyoq vafot etdi. 1865 yil 10 mayda u Toshkentdagi Shayxontohur qabristoniga dafn etildi. Yurt erki uchun kurashgan shahid bobolarimizning ruhi shod bo‘lmog‘i uchun ham Vatanimizni ko‘z qarog‘idek asramog‘imiz kerak.

MAVZUGA DOIR MA'LUMOT:

Qo‘qon xonligiga 1710 yil ming urug‘idan bo‘lgan Shohruxbiy tomonidan asos solingan.

Olimxon (1801 — 1810) davrida Qo‘qon rasman «xonlik» deb, hukmdorlari «xon» deb yuritila boshlangan. Xonlik chegaralari, Toshkent, Chimkent, Turkistonga qadar etib borgan.

Umarxon (1810-1822) davlat boshqaruvi ishlarida izchil tartib, qonun-qoidalar o‘rnatdi va diniy ishlarni tartibga soldi. Umarxon ruhoniylarning roziligi bilan «amir al-muslimin» unvonini olib ham diniy, ham dunyoviy hokimiyatga ega bo‘ladi. Umarxon davrida O‘rta Osiyo mintaqasidagi siyosiy jarayonlar va o‘zaro munosabatlarga faol aralashuv yuz berdi.  Xiva, Xitoy va Turkiya davlatlariga elchilar  jo‘natilgani ma'lum.

Umarxonning o‘g‘li Muhammad­alixon 1826-1831 yillar davomida Qashg‘arga yurishlar qilib, bu erdagi musulmonlarni xitoyliklar zulmidan ozod qildi hamda 70 ming uyg‘ur musulmonlarini Andijon viloyatiga ko‘chirib keltirdi. Natijada din peshvolari Muhammadalixonga «G‘oziy» («din homiysi», «din yo‘lida kurashuvchi») unvonini berdilar.

1876 yil 19 fevralda 150 yildan ko‘proq hukm surgan Qo‘qon xonligi tugatilib, uning hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi va uning o‘rniga Farg‘ona viloyati tashkil etildi.

G‘aybulla BOBOYoROV,

tarix fanlari doktori, professor.

Izoh 0

Izoh qoldirish