Saylov jarayonlarida mahallaning vakolatlari nimalardan iborat?

«Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar». 2019 yil 22 dekabrda bo‘ladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovi ana shunday shior ostida o‘tadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan o‘z faoliyatlarida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga qat'iy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umume'tirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Darhaqiqat, demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Xususan, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari alohida o‘rin tutadi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi.

Shu bois bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va mas'ul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi bilan imzolagan hamkorlik memorandumi ham buning mantiqiy davomidir.

Endilikda memorandum doirasida samarali hamkorlik qilishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Saylov kodeksining 8-moddasiga asosan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan munosib nomzodlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ta'minlanadi. Uchastka saylov komissiyalariga saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari yaqindan ko‘maklashadi. Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, zaruratiga ko‘ra aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashish tashkil etiladi. Tegishli saylov komissiyalari a'zoligiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘zlarining faol a'zolari orasidan nomzodlarni tavsiya etadilar.

Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlikda saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid masalalarni o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda saylov kodeksiga kiritilgan demokratik saylov standartlarining mohiyatini ochib berishga qaratilgan tadbirlar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari o‘tkazadilar. Hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirishda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqadilar.

Saylov jarayoni bilan bog‘liq vakolatlar

Darhaqiqat, mamlakatimizning saylovga oid qonunchiligida fuqarolik jamiyatlari institutlarining roli katta. Ayniqsa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylov jarayoni bilan bog‘liq vakolatlar anchagina.

Birinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a'zolari nomzodlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etadi. Ikkinchidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar taqdim etadi. Uchinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular o‘z saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi. To‘rtinchidan, Saylov kodeksiga kiritilgan eng muhim yangiliklardan biri — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ham siyosiy partiyalar kabi har bir saylov uchastkasiga o‘z kuzatuvchilarini qo‘yish vakolati berildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga berilgan bunday keng ko‘lamli vakolatlar mamlakatimizda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida saylov erkinligini ta'minlash, jamoat, ya'ni xalq nazoratini yanada keng va to‘la amalga oshirishga xizmat qiladi.

«Innovasion o‘zgarish»

Darvoqe, joriy yilgi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro saylov standartlari asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi. Bunga 2019 yil 25 iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi huquqiy asosdir. Quvonarlisi, mazkur kodeks xalqaro saylov standartlari implementasiya qilinganligi bilan xalqaro hamjamiyatda eng demokratik saylov hujjatlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Kodeksda o‘ttizdan oshiq muhim yangiliklar o‘rin olgan. Ularning orasida saylov huquqlari bo‘yicha ekspertlar, jumladan, xalqaro tashkilotlarning tajribali ekspertlari ham «innovasion o‘zgarish» deb e'tirof etayotganlaridan biri – Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidir.

Qayd etish o‘rinliki, bugun hech bir masala mahalla ishtirokisiz hal etilmaydi. Hatto, aholining saylovga borishi ham mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari va faollarining targ‘ibotisiz amalga oshmaydi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishda ham mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlarining xizmati katta bo‘ldi. Ular Markaziy saylov komissiyasi mutaxassislari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda uyma-uy yurib, saylovchilarni ro‘yxatga olib, har bir saylovchini turarjoy kadastr raqamiga biriktirishdi.

Bundan maqsad – «bir saylovchi – bir ovoz» tamoyilini to‘liq va bexato amalga oshirishdan iborat. Deylik, biror saylovchining yashash joyi o‘zgarsa, boshqa joyda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tsa, bu o‘zgarish Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida o‘z aksini topadi. Saylovchining faqat bir joyda bir marta ovoz berishiga xizmat qiladi.

Bu elektron tizim saylovchilar uchun yana boshqa qulayliklar ham yaratadi. Masalan, saylovchi Markaziy saylov komissiyasi saytini (elections.uz) ochib, pasport raqamini kiritish orqali o‘zining qaysi saylov uchastkasiga mansub ekanini va saylov uchastkasi joylashgan manzilni osongina aniqlashi mumkin.

Yagona elektron ro‘yxatni qo‘llashni tartibga soluvchi normalar Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Shu ma'noda, saylovlar endi nafaqat qonunchilik nuqtai nazaridan, balki texnik-texnologik jihatdan ham mutlaqo yangicha shaklda, ochiq-oshkora, umumqabul etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida o‘tadi.

Uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi

Saylov jarayoni bilan bog‘liq ishlarni samarali tashkil etish uchun Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamkorligida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilariga eslatma qo‘llanmalari tayyorlandi.

Uslubiy tavsiyalar qo‘llanmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tay­yorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga bag‘ishlangan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan normalar asosida mazkur saylovlarni tashkil va o‘tkazishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yaqindan ko‘mak beradi. Tavsiyalarda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasidagi vazifalari, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining «Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi»ni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan targ‘ibot va tashviqot ishlarini aholi o‘rtasida amalga oshirishda mutasaddi tashkilotlarga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshiradigan ishlari yoritilgan.

Mazkur qo‘llanmalardan fu­qa­rolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, turli sohalar mutaxassislari, jamoatchilik tuzilmalari hamda keng kitobxonlar ommasi foydalanishlari mumkin.

Mahallaga bo‘lgan ishonch yanada ortdi

Yangi Saylov kodeksiga binoan o‘tajak saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga bo‘lgan ishonch ortib, vakolatlari kengayayotganidan dalolat. Ushbu quyi boshqaruv organlari vakillarining Parlament qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi saylovlarni ochiq va oshkora, demokratik prinsiplarga mos o‘tishida muhim ahamiyatga ega.

Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to‘g‘risida Nizom qabul qilindi. Saylov kodeksining 33-moddasi, «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida», «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunlarga muvofiq ishlab chiqilgan ushbu hujjatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari hamda ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi belgilangan.

Bunday keng ko‘lamli kuzatuvdan maqsad – saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan, saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kengroq amalga oshirishdan iborat.

Kimlar kuzatuvchi bo‘lishi mumkin?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli), uning o‘rinbosari, maslahatchisi, shuningdek, fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslari saylovlarda kuzatuvchi bo‘lishi mumkin.

Buning uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari okrug saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Arizaga kuzatuvchilarning ro‘yxati (ism-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami ko‘rsatilgan holda), ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxalari, 3x4 sm. o‘lchamdagi ikki dona fotosurat ilova qilinadi.

Okrug saylov komissiyasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun mandat beradi. Mandat namunasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 29 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi. Mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan farqlash uchun alohida belgilar (mandat rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.

Saylov komissiyalari kuzatuvchini ro‘yxatga olgandan keyin unga o‘z vakolatlarini to‘laqonli hamda to‘sqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi.

Kuzatuvchi qanday huquqlarga ega?

Kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega. Shuningdek, saylov uchastkasida saylov qonunchiligi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asoslar etarli bo‘lsa, ushbu uchastka saylov komissiyasi a'zolariga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyalariga xabar berishga haqli. Kuzatuvchining vakolat muddati unga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e'lon qilingan kuni tugaydi. Agar tegishli saylov komissiyasi tomonidan takroriy ovoz berish yoki takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, kuzatuvchilar mandatining amal qilish muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, kuzatuvchi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan mandatni hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi kerak.

Nimalar man etiladi?

Kuzatuvchi saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lishi mumkin emas. Saylovchilarga ta'sir o‘tkazish, biror-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan kimni yoqlab ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qo‘yishda biror-bir tarzda yordam ko‘rsatish ham taqiqlanadi. Shuningdek, uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e'lon qilishi man etiladi.

Xulosa qilib aytganda, joriy yilning 22 dekabrida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo‘ladigan saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘ladi. Bu jarayondagi islohotlar esa saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishini ko‘rsatadi. Muhimi, bu saylovning demokratik tarzda o‘tishiga xizmat qiladi.

Shavkat JAVLONOV,

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini 

muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi.

Izoh 0

Izoh qoldirish