Poytaxtdan uy sotib olishdagi notenglik tizimi bekor bo‘ldimi?

Davlatimiz rahbari 2020 yil 20 may kuni «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Hujjat bilan davlat bojining ayrim turlari bekor qilinib, to‘lov miqdorlari optimallashtirildi. Bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlashtirildi.

Xo‘sh, yangi qonunning mazmun-mohiyati nimalardan iborat? U oddiy odamlarga qanday engilliklar yaratadi?

Uy olishdagi alohida boj stavkasi bekor qilindi

Ma'lumki, dunyoning barcha mamlakatlarida o‘z shaxsiy hayotida yuqori natijalarga erishmoqchi bo‘lgan insonlar markazga intilishadi va salohiyatlarini to‘la namoyish etishga, bu orqali oilasi, yaqinlarining farovon hayot kechirishini ta'minlashga urinishadi. Natijada o‘z-o‘zidan yirik poytaxtlar yoki megapolis shaharlarda yashash va yashab qolish uchun raqobat kuchayadi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda ham viloyatlarda yashovchi fuqarolarning poytaxtdan uy-joy xarid qilish masalasi har doim eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Biroq avvallari Toshkent shahridan ko‘chmas mulk sotib olish uchun amalda bo‘lgan tartib-qoidalar, o‘rnatilgan notenglik tizimi uzoq vaqt odamlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lib keldi.

Jumladan, shu vaqtgacha Toshkent propiskasi bo‘lmagan fuqaro faqatgina birlamchi bozordan o‘z nomiga uy sotib olib, poytaxt propiskasiga ega bo‘lishi mumkin edi. Qo‘shimchasiga fuqarodan mol-mulkning oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 5 foizi miqdorida davlat boji undirilardi.

Aytish lozimki, ayni shu jihatdan ham yangi qonun xalqimizni qiynab kelgan qator muammolarga echim bo‘ldi. Qolaversa, masalaning bir necha yillardan beri qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan propiska va ichki migrasiyaga taalluqli ekani ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Qonunga ko‘ra, yurtimizda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylardan sotib olinganda, ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun undiriladigan 5 foizli davlat boji bekor qilindi.

Davlat notariusi xususiy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin

Yana bir muhim yangilik shuki, endilikda «Notariat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, davlat notarial idorasi notariusi xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirsa, notarius unga bu huquqni beruvchi lisenziya berilgani uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Qonun bilan davlat boji miqdorlariga ham o‘zgartirish kiritilib, aniq summalarda belgilanmoqda. Jumladan, notarial harakatlar bajarilganligi uchun ikki yoki undan ortiq shaxs nomidan yoki ikki va undan ortiq shaxs nomiga berilgan bitta ishonchnomani tasdiqlashda yoki bitta ariza shahodatlantirilganda davlat boji bitta harakatga nisbatan undirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, har qanday davlat xizmatidan foydalanish, shu jumladan, lisenziya, ruxsatnoma olish, davlat ro‘yxatidan o‘tish va boshqa xizmatlar uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil murojaat etilganda, boj va boshqa to‘lovlar Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etilganda to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida undirilishi qayd etib qo‘yildi.

Shuningdek, advokatlik tuzilmalarini, ularning ta'sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni, yuridik maslahatxonalarning nizomlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik hamda yuridik maslahatxonalarni hisobga olganlik uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bo‘yicha qo‘shimcha kiritilayotgani mamlakatimizda advokatlik xizmatlarining takomillashuviga olib keladi.

Kimlar davlat bojidan ozod etildi?

Yangi qonun bilan ayrim davlat boshqaruvi organlari mamlakat manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga da'vo arizalari kiritganda, ular davlat bojidan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini ko‘zlab beriladigan da'vo arizalari uchun davlat bojidan ozod qilinmoqda.

Xuddi shunday, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va ularning hududiy organlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq, barcha sudlarga ko‘rib chiqish uchun arizalar kiritganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Baxtiyor UMAROV,

Oliy Majlis Senati a'zosi.

 

Izoh 0

Izoh qoldirish