Soliq tizimini raqamlashtirish foyda keltiryapti(mi?)

Ayni paytda soliqlarni to‘lash tizimini raqamlashtirish birinchi navbatda, soliq to‘lovchilarning ehtiyoj va imkoniyatlariga qaratilgan. Tizim qanchalik qulay va sodda bo‘lsa, har bir fuqaro uchun davlat oldidagi barcha soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish shunchalik oson bo‘ladi.

O‘tgan yili «Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi» – «SAYT» davlat soliq qo‘mitasining so‘nggi va muvaffaqiyatli yangiliklaridan biri bo‘lgandi. Ushbu loyiha 2019 yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etildi.

Xo‘sh, ushbu vaqt mobaynida soliq tizimini raqamlashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Loyiha ko‘zlangan natijani bera oldimi?

Dastur orqali 43,5 mlrd. so‘m soliqlar undirildi

— O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi tufayli soliq inspektorlarining ish samaradorligi 2-3 baravarga oshdi, — deydi Davlat soliq qo‘mitasining jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Zarifjon Zokirov. — Misol uchun, Namangan viloyatida aholi maxsus qurilma (terminal) yordamida «SAYT» dasturi ishga tushirilganligi haqida xabardor etildi. Agar soliq inspektorida bunday qurilma bo‘lmasa, ularga soliq to‘lamaslik huquqi berildi. Natijada 2019 yil I chorakda 125 nafar soliq inspektori tomonidan 9,4 mlrd. so‘m mahalliy soliqlar yig‘ilgan (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 75 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan) bo‘lsa, «SAYT» tizimi orqali 2020 yilning I choragida 27 mlrd. so‘m soliq undirildi (1 nafar soliq xizmatchisiga o‘rtacha 177 mln. so‘mdan to‘g‘ri kelgan). Hokimiyat organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning oshirib bajarilgan qismidan 1 959 dona terminal sotib olish uchun 8,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi.

 «SAYT» dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma'lumotlar, shuningdek, soliq xizmati organi xodimining ma'lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi. Bundan tashqari, hududidagi mol-mulk va er soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni inspektorning navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

«SAYT» tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi. Shu bilan birga, dispetcherlik web ilovasi orqali uning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari baholab boriladi.

Yil boshidan buyon Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida 1 118 dona terminal to‘liq ishga tushirildi. Mazkur hududlarda «SAYT» dasturi orqali 2020 yil yanvar-aprel oylarida mahalliy byudjetlarga 43,5 mlrd. so‘m soliq  undirildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, «SAYT» tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020 yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 mlrd. so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘p demakdir.

Virtual kassalardan «tushumlar»ni yashirib bo‘lmaydi

— Bugungi kunda davlat soliq xizmati organlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali soliq to‘lovchilar bilan muloqotni shaffoflik va o‘zaro hamkorlik tamoyillari asosida yo‘lga qo‘ymoqda, — deydi Davlat soliq qo‘mitasining Soliq tekshiruvlari va mavzuli ekspress-o‘rganishlar boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Rasulov. — Davlat soliq qo‘mitasi tadbirkorlik sub'ektlarini onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassalardan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Ayni vaqtga qadar 5 turdagi onlayn-NKM, 4 turdagi virtual kassa va 7 ta texnik xizmat ko‘rsatish markazi Davlat reestriga kiritildi.

Hozirgacha 21 mingga yaqin alkogol, tamaki, dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlari, do‘konlar va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari onlayn  nazorat-kassa mashinalari bilan ta'minlandi.

Mamlakatimiz chakana bozorining yirik ishtirokchilari to‘liq virtual kassadan foydalanishga o‘tmoqda. Masalan, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i shular jumlasidan. Onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassadan foydalanish iste'molchilar huquqlarini himoya qilish darajasini oshiradi. Ma'lumotlar bazasida elektron chek saqlanadi, bu munozarali masalalarni hal etishni soddalashtiradi. Shuningdek, soliq organlari bilan o‘zaro tezkor hamkorlikni ta'minlaydi – ma'lumotlarni real vaqt rejimida uzatib boradi.

Bundan tashqari, soliq organlaridan haqiqiy tushumlarni yashirmasdan, shaffof faoliyat yuritish imkoniyatini taqdim etadi. Bularning barchasi iste'molchilar va soliq organlari bilan ishonchli munosabatlarni mustahkamlashni kafolatlaydi, kompaniyaning ijobiy imijini shakllantiradi.

Raqamlashtirish «yashirin iqtisodiyot»ga chek qo‘yadi(mi?)

Yurtimizda raqamlashtirishning keng joriy etilayotgani natijasida elektron tijorat rivojlandi. Telegram kanallari, Instagram, Facebook orqali uydan chiqmasdan tovarlar va xizmatlarni sotish amalga oshirilmoqda. Bunday onlayn-do‘konlarning assortimenti ko‘pincha tadbirkorlik sub'ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan o‘rtacha do‘konlardan farq qilmaydi. Mahsulot yoki xizmat haqini to‘lashda, bunday «sotuvchi»lar aksariyat hollarda pulni jismoniy shaxslar kartasiga (R2R) o‘tkazishni so‘rashadi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur «tadbirkorlar»ning aksariyati davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Ular daromadlarini deklarasiya qilmaydi va shu sababli soliqqa tortilmaydi, bu «yashirin iqtisodiyot»ning o‘sishiga olib keladi. Buning oldini olish borasida bir qancha loyihalar tayyorlanmoqda.

Soliqlar yig‘iluvchanligini yanada oshirish uchun Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi xalqaro ekspertlar bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvardan boshlab soliq ma'muriyatchiligini raqamlashtirish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirmoqdalar.

Soliq sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish, jarayonlarda inson omili aralashuvini cheklash Davlat soliq qo‘mitasining asosiy ustuvor vazifasi hisoblanadi. Bu korrupsiya va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga yordam beradi va biznesning shaffof yuritilishini ta'minlaydi.

«SAYT» terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan ob'ektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarni elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Nilufar YuNUSOVA

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish