Qishloqdagi suv muammosi qachon barham topadi?

Farg‘ona tumanidagi «Toshqo‘rg‘onaziz» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 100 nafardan ortiq aholi mana, bir necha yildirki, toza ichimlik va oqova suv etishmasligi masalasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Mas'ullar har yili bu borada va'da berishadi, biroq suv muammosi hanuz barham topganicha yo‘q.

Hududda suvsizlikdan qaqrab ketgan ariqlar, tomorqa ekin maydonlari, kun issig‘ida qovjirab borayotgan navnihollarning bugungi ko‘rinishi tobora xunuk manzara kasb etmoqda.

— Mahallamizdagi ikkita suv jo‘mragining biri ishlasa, ikkinchisidan suv chiqmaydi, — deydi mahalla faoli Muhammadjon Qodirov. — Ayollar, bolalar har kuni 1-1,5 chaqirim yo‘l bosib, navbat talashib, ichimlik suvi tashib kelishga majbur. Ekin ekish, sug‘orish imkoniyati yo‘qligidan tomorqadan daromad olish tobora qiyinlashib bormoqda, mevali daraxtlarimiz qurib qolyapti. Bu borada amaliy yordam so‘rab juda ko‘p idoralarga murojaat qildik. Har safar mutasaddilar kelib holatni o‘rganishadi, muammoni davlat dasturiga kiritish orqali hal etishga va'da berishadi. Ammo amaliy ishga kelganda «Otangga bor – onangga bor» qabilida ish tutishdan nariga o‘tishmaydi.

Tomorqa ekinlari qurib bormoqda

— Bir amallab tomorqadan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz, — deydi shu mahallada yashovchi Zaynab Sultonova. — Ko‘klamda 1 kilogramm kartoshka urug‘ini 3 ming 500 so‘mdan sotib olib ekkanmiz. Ekinlarimiz suvsizlikdan yaxshi rivojlanmayapti. Bunday bo‘lgandan keyin hosildorlik cho‘g‘i ham shunga yarasha bo‘ladi-da. Oqin suvi etarli bo‘lganida tomorqamizdan uch-to‘rt martagacha hosil olish imkoniga ega bo‘lardik.

Etarli miqdorda suv ichmagan ko‘chatlarning rivoji sust, ayrimlari qurib bormoqda. Ilojsiz qolgan tomorqachi ekinlarni katta sig‘imli idishlarda suv olib kelib, sug‘orishga majbur bo‘lmoqda. Yanada achinarlisi, mahalladagi ayollar kiyim-kechaklarni qo‘shni qishloqlar yoki o‘zlari ulg‘aygan ota uylariga borib yuvib kelishga majbur. Bolalar ham o‘qish, hunar o‘rganish o‘rniga kun bo‘yi suvga navbat kutadi.

— Mahallamizdagi 8 ta ko‘chada qariyb 2,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Madaminov. — To‘g‘ri, Toshqo‘rg‘onaziz ko‘chasida yashovchi aholi toza ichimlik va oqova suv etishmasligidan juda  qiyna­l­­yapti. Aslida mahalla hududida foydalanilmay turgan suv minorasi bor. Suv qudug‘i qazish orqali bu muammoni hal etish mumkin. Lekin bu ishlar o‘ziga xos sarf-xarajatni talab etadi. Bu masalada mas'ul idoralarga o‘z takliflarimizni berganmiz. Amaliy ishlar boshlansa, mahalla ahli ham qarab turmaydi. Oqin suvi etkazib berish yuzasidan tumandagi «Suviste'molchi» nodavlat tashkiloti bilan shartnoma tuzganmiz. Ular oqin suvi ta'minoti bilan bog‘liq ishlarda imkon qadar yordam berishmoqda, lekin etarli darajada emas. Chunki oqin suvining asosiy qismi Qirg‘iziston Respublikasi hududidan kelgani bois uzilishlar ko‘p. Mana, olti oy deganda mahallaga oqin suvi keldi.

Darhaqiqat,  «Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasi «Obod qishloq» dasturiga tushganiga ikki yil bo‘ldi. Dastur doirasida ichki yo‘llarni asfaltlash, ijtimoiy soha muassasalarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Aynan toza ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi...

— Afsuski, bu borada belgilangan ishlar 70-75 foizga bajarilgan, xolos, — deydi «Suvoqova» DUKning Farg‘ona tumani filiali rahbari O‘tkirbek Turg‘unov. — Natijada Toshqo‘rg‘onaziz ko‘chasining suv ta'minoti masalasi muammoligicha qoldi. Tender g‘olibi sifatida bu ishlarni bajargan «Farg‘ona suv montaj invest» MChJ mutasaddilariga boshlangan ishni oxiriga etkazib berishlari yuzasidan bir necha bor murojaat qilganmiz. Ammo ular turli bahonalardan nariga o‘tmay, ishni oxirigacha etkazgani yo‘q. Hozirda mazkur tadbirkorlik sub'ektiga nisbatan faoliyatidagi qonunbuzarlik holatlari yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Tuman mas'ullari masalani imkon qadar bartaraf etish choralarini izlayapti. Xususan, «Toshqo‘rg‘on­aziz»da boshlangan ishlarni oxiriga etkazish uchun  o‘rta hisobda 250 million so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi. Farg‘ona tumani hokimi Ilhom Nosirov ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda mahalladagi bu muammoni hal etish uchun mahalliy byudjetdan 100 million so‘m mablag‘ ajratishga kelishildi.

Suv muammosi hanuz dolzarb masala

O‘tgan yilda tuman «Suvoqova» DUK filiali va aholi bilan hamkorlikda 47 kilometrdan ortiq toza ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Tumandagi «Do‘stlik», «Yangiobod» mahallalarida yangi suv minorasi o‘rnatildi. «Xurshidi tobon», «Gulshan», «Mindon», «Bahor» yig‘inlaridagi suv minoralari qayta rekonstruksiya qilindi.

— Ammo bu mavjud muammolarni bartaraf etish imkonini bermaydi, — deydi tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Tohirjon Isoqov. — Ta'mirga  muhtoj suv minoralari bor, ayrim suv tarmoqlari esa yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan. Shu maqsadda «Farg‘ona suv ta'minot» mas'uliyati cheklangan jamiyati hisobidan toza ichimlik suv tarmoqlari etib bormagan 12 ta mahallada 9211 metr suv tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir qaraganda hamma masala hal bo‘ladigandek go‘yo. Lekin shu paytga qadar o‘z echimini topmay kelayotgan muammoning bartaraf etilishiga kimdir ishonyapti, kimdir esa yo‘q. Shunday ekan, biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Rasul KAMOL

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish