Ishsiz qolgan fuqarolar bandligi qanday ta'minlanmoqda?

Bugun insoniyat sinovli kunlarni boshdan kechirmoqda. Dunyo mamlakatlari tomonidan zarur choralar ko‘rilganiga qaramay, koronavirus infeksiyasi er yuzini o‘rgimchak to‘ri kabi qamrab oldi. Pandemiya nafaqat tibbiyot, balki iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlariga qaqshatqich zarba berdi. Ayniqsa, ishsizlar sonining keskin darajada ortishi bir qancha mamlakatlar uchun jiddiy muammoga aylandi.

Afsuski, bu holat mamlakatimizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Yurtimizda o‘rnatilgan karantin sharoiti, qolaversa, chet mamlakatlarga chiqishdagi muammolar tufayli har yili xorij davlatlariga ishlash uchun boradigan fuqarolarimiz o‘z ish joyidan, doimiy daromadidan mahrum bo‘ldi. Qolaversa, O‘zbekistonda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi keskin kamayishi tufayli ko‘pchilik fuqarolar moddiy tushumlarsiz qolib ketdi.

— Karantin cheklovlari sababli chet elga ishga borolmay qolgan va vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolar bandligini ta'minlash masalasi bugun eng dolzarb vazifa, — deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas'ul xodimi Shahnoza Ravshanova. — Shu nuqtai nazardan, Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsiz aholi «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari doirasidagi qurilish hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilmoqda. Shuningdek, yakka-yolg‘iz, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj aholini parvarishlash, «Ko‘chma savdo markazlari»da sotuvchi, qo‘shimcha tashkil etilgan blok-postlarga posbon kabi jami 20ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha ish bilan ta'minlanmoqda. Bundan tashqari, chet elga ishga borolmay qolgan fuqarolar poytaxtimizning Sergeli va Olmazor tumanlari hamda Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi qurilish ishlariga joylashtirilmoqda.

Ishsiz fuqarolar islohotlarni nega o‘z hayotida his etmayapti?

Biroq bu sa'y-harakatlarga qaramay, echimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Afsuski, yurtimizdagi ishsiz fuqarolarning hammasi ham bugun islohotlarni o‘z hayotida his etayotgani yo‘q.

— Bandlik masalasi har qachongidan-da, dolzarb bo‘lib turgan shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputatlar tomonidan «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani dolzarb ahamiyatga ega, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod Qulmatov. — Qayd etish joiz, amaldagi — «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun mehnat va bandlik sohasidagi mavjud muammolar hamda dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilmagan. Yangi tahrirdagi qonunda belgilanganidek, mehnat organlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida aholini ishga joylashtirishga ko‘maklashuvchi agentlar amaliyotga kiritilmoqda. Ularga ishsiz aholini ishga joylashtirishda ko‘maklashganligi uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan miqdorda rag‘batlantiruvchi to‘lovlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, bugungi kunda ishsizlik nafaqasi ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslar uchun 180 ming 224 so‘m bo‘lsa, endilikda bu 509 ming 492 so‘m (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 75 foizi) etib belgilandi. Jismoniy shaxslarga engil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun ajratiladigan subsidiyalar miqdori sezilarli miqdorda oshirilmoqda. Shu bilan birga, hujjatda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar berilmoqda.

Xususan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ish beruvchilarga mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun — har bir xodimga 6 oy davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravari miqdorida ajratiladi.

Kambag‘allikni aniqlash bo‘yicha aniq mezon yo‘q. Nega?

Yana bir gap. Bugungi kunda ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarga engil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘chilik, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilishga ko‘maklashish orqali mamlakatimizda kambag‘al aholi qatlamini qisqartirish, ishsiz fuqarolarni ish bilan ta'minlash maqsadida davlat tomonidan subsidiyalar ajratilmoqda. Birgina may oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan aholiga 60 milliard so‘mdan ziyod subsidiyalar berildi. Biroq masala shuki, bu mablag‘larning qanchasi haqiqiy egalariga etib bormoqda?!

— Darhaqiqat, subsidiyalarning haqiqiy egalariga ajratilishida muammolarning borligi haqiqat, — deydi Shahnoza Ravshanova. — Bunga asosiy sabab esa mamlakatimizda kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlarining yo‘qligidadir. Misol uchun, kimdir doimiy ish bilan ta'minlangan, lekin etarli daromadga ega emas. Kimdir esa ishlamaydi, ammo o‘zining shaxsiy avtomashinasi bor. Aslida davlat tomonidan ajratilgan subsidiyalarni olish uchun fuqaro hududlardagi bandlik markazlariga faqat ariza bilan murojaat qilishi kifoya. Biroq yuqoridagi kabi holatlar sababli ko‘pincha subsidiyalarni ajratishda muammolar yuzaga keladi. Shunday vaqtlarda mas'ullar fuqarodan qo‘shimcha xujjatlar talab qilishga majbur bo‘ladi. O‘ylaymanki, kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlariga aniqlik kiritilsa, bunday anglashilmovchiliklar o‘z-o‘zidan barham topadi.

Xulosa o‘rnida

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi pandemiya sharoitida aholi bandligini ta'minlash, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamga, doimiy daromadidan mahrum bo‘lgan insonlarga ko‘mak berish, ularning muammolarini hal etish har qachongidan-da muhim. Shunday ekan, bu yo‘lda barcha imkoniyatlarni ishga solish, ishsizlikni kamaytirishga doir barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish zarur.

Sa'dullo TURSUNOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish