Qachon nogironlikka ijtimoiy muammo sifatida qaraymiz?

Tug‘ma xastalik yoki hayot davomida orttirilgan biror og‘ir kasallik va favqulodda holatlar tufayli mehnat qobiliyatini yo‘qotgan inson o‘zgalarning doimiy ko‘magi, mehr-e'tiboriga muhtoj bo‘ladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, hozir mamlakatimizda 700 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar istiqomat qilmoqda.

Qonunni o‘zgartirishga qanday asoslar bor?

Aytish kerakki, mamlakatimizda aholining ushbu qatlamini manzilli ijtimoiy himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishning barqaror tizimi joriy etilgan. Shunday bo‘lsa-da, sohada echimini kutayotgan masalalar ham talaygina.

Jumladan, protezlash yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli tarzda ilmiy izlanishlar olib borilmagani sababli soha rivoji to‘xtab qolgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmati bilan qamrab olish ko‘rsatkichi juda past. Ya'ni har yili bor-yo‘g‘i uch foizdan ko‘proq bemorga bu yo‘nalishda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

«O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonun qabul qilinganiga o‘n ikki yil bo‘ldi. Mazkur hujjatda nogironlikka, asosan, tibbiy tushuncha sifatida yondashilib, bunday insonlarning jamiyatga faol moslashuvini ta'minlash borasida huquqiy asoslar etarli darajada aks ettirilmagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini ta'minlash va kamsitmaslik, shaxsiy hayotning daxlsizlik huquqi, harakat erkinligi va fuqarolik huquqi, jismoniy muhitning qulayligi, uy-joyga bo‘lgan huquqi kabi bir qator normalar to‘liq qamrab olinmagan.

Haqli savol tug‘iladi: taqdir taqozosi yoki hayotning muammolari sabab nogironlik holatiga tushganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tish, professional xizmatlarni olish yoki o‘zining mehnat faoliyati, ta'lim olish va boshqa huquqlarini amalga oshirishda nima uchun muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi kerak? Sohada shaffoflikni ta'minlash vaqti kelmadimikan?

Ayni vaziyat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini keng qamrovda himoyalay oladigan yangi qonunni qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi. Parlament quyi palatasida ko‘rib chiqilayotgan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida ana shunday ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Yangi qonunga qanday normalar kiritilmoqda?

Xo‘sh, yangi qonunda nimalar aks ettirilmoqda? U amaldagisidan qanday farq qiladi? Va bu nogironligi bo‘lgan insonlarga nima beradi?

Ta'kidlash kerakki, bunday toifadagi shaxslar munosib hayot kechirishi uchun ko‘chalarda, jamoat joylarida, bino va ishootlarga kirish-chiqishda, jamoat transportidan foydalanishda ham muayyan qulayliklar yaratilishi lozim. Qonun loyihasida ana shu masalalar ham e'tiborga olingan. Masalan, jamoat transportlarida bunday insonlar bemalol harakatlanishi uchun axborot tablolari o‘rnatish, ko‘zi ojizlar uchun bekatlarni e'lon qilish majburiyligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ularga yashash joyini mustaqil tanlash va yashash joyidan qat'i nazar, ijtimoiy va boshqa turdagi xizmatlardan foydalanish huquqi ta'minlanishi to‘g‘risida alohida moddalar kiritilmoqda. Uy-joy, imtiyozli ipoteka kreditlarini olishda ularga ustunlik berish, imkoniyatiga mos yashash sharoitlariga ega bo‘lish huquqini ta'minlash ham e'tiborga olingan.

Endi nogironligi ko‘rinib turgan shaxs ovora qilinmaydi

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy himoyasi haqida so‘z yuritganda, nogironlikni belgilash, nogironlikni qayta-qayta tasdiqlash kabi muammolar e'tirozlarga sabab bo‘layotgani bor haqiqat. Belgilangan muddatdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagani sababli ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslardan ham har olti oyda yoki yiliga bir marta shifoxonalarda davolanish talab qilinmoqda.

Bu muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi qonun loyihasiga qator takliflar kiritilmoqda. Jumladan, endilikda kattalarda nogironlikni belgilash tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) va o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalarda pediatriya TIEK tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, nogironlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan bemorlar ortiqcha tashxis-tekshiruvlar o‘tkazilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri TIEKga yuboriladi.

Agar shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, TIEKga borish imkoniga ega bo‘lmasa va bu fuqaro davolanishda bo‘lgan tibbiyot tashkilotining xulosasi bilan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza uyda o‘tkazilishi mumkin.

Yangi qonunga ko‘ra, surunkali zo‘rayib boruvchi va hayot uchun xavfli, kamdan-kam uchraydigan (orfan) hamda boshqa irsiy-genetik kasalliklari bo‘lgan o‘n sakkiz yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarga nogironlik belgilanishi shart hamda nafaqa tayinlanadi.

Muxtasar aytganda, nogironlik masalasiga nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy muammo, deb qarash vaqti keldi. Kelgusida mazkur hujjat jamiyatimizning to‘laqonli a'zosi hisoblangan nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayotda emin-erkin yashashi va o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanishi, jamiyat va davlat qurilishida hech qanday to‘siqlarsiz, imkoniyati etganicha ishtirok etishiga xizmat qiladi.

Mavluda XO‘JAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi.

Izoh 0

Izoh qoldirish