O‘zbekistonda tarixiy obidalarni modellashtirish qachon amalga oshadi?

Asrlar davomida tarixdan guvohlik beruvchi ko‘plab binolar, inshootlar urushlar, yong‘inlar va vayronagarchiliklar sabab er yuzidan yo‘qolib ketdi. Hozir ularning qanday ko‘rinishda bo‘lgani, nimalarni o‘z ichiga olgani haqida faqat taxmin qilamiz. Shu haqda so‘z ketar ekan, bugungacha etib kelgan madaniy yodgorliklar ham kun kelib yo‘qlikka yuz tutadimi, degan shubha uyg‘onadi.

Kutilmagan ofatlar xavfini qo‘yib turaylik, vaqt sinovining o‘ziyoq ularning abadiy saqlanib qolmasligidan dalolat beradi. Ammo endilikda zamonaviy texnologiyalar har qanday inshootning nafaqat tarixdan butkul o‘chib ketishining oldini olish, balki ayni paytdagi ko‘rinishini saqlab qolishga ham imkon beradi. Gap yil sayin takomillashib borayotgan 3D-modellashtirish va skanerlash sohasidagi texnologiyalar imkoniyati haqida ketayotganini sezgan bo‘lsangiz kerak. Albatta, bu raqamli texnologiya vayronaga aylangan ko‘hna obidaning asl qiyofasi, ya'ni tashqi va ichki ko‘rinishidan tortib, eng kichik elementlarigacha bevosita tanishish va uni qayta tiklashga yordam beradi. Ahamiyatlisi, sayyohlar yodgorlikni manziliga bormasdan turib 3D-modeli orqali uni go‘yo jonlidek tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Shu ma'noda boy va shonli o‘tmishga ega yurtimizda joylashgan tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga etkazish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Ajdodlarimizdan meros bebaho obidalarimizning tabiiy umri haqida so‘z yuritilar ekan, ularning aksariyati tuproq-loydan tiklanganini hisobga olishimiz kerak. Bu esa obidalarning qanchasi 200-300 yilgacha etib borishini savol ostiga qo‘yadi. Qolaversa, har yili yuz berayotgan tabiiy va texnogen hodisalar ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Misol uchun, o‘tgan yili Samarqandga sel kelganida tarixiy obidalar xavf ostida qolgandi. Yoki poytaxtimizdagi Islom sivilizasiyasi markazida chiqqan yong‘in hududdagi me'moriy yodgorlikka zarar etkazgandi. Umuman olganda, shusiz ham ushbu inshootlarning bugungi holati besh-o‘n yil ichida ma'lum darajada o‘zgarishga uchrashini inkor etib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy etil­yaptimi? Aytaylik, biz qachon Registonning 3D-modeli bilan tanishish imkoniga ega bo‘lamiz? Dunyoda bu borada qanday tajriba to‘plangan?

Bu ishlarga hali navbat etmagan(mi?)

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti bosh me'mori Bahodir Matchonovning aytishicha, bugungi kunda yurtimizdagi tarixiy yodgorliklarni ta'mirlash va restavrasiya qilish bo‘yicha qizg‘in ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda shu yo‘nalishda yig‘ilib qolgan qator muammolarni echish ham kun tartibida turibdi va bu borada ish olib borilmoqda. Ammo madaniy meros ob'ektlarining 3D-modellarini yaratishga hali qo‘l urilmagan. Hozircha mamlakatimizda bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar muzeylarni qamrab olyapti, xolos.

Dunyoda O‘zbekiston kabi tarixiy obidalarga boy mamlakat barmoq bilan sanarli. Boshqacha aytganda, madaniy yodgorliklar — o‘zligimiz ko‘zgusi, millatimizning asl boyligi. Ammo ularni asrab-avaylash, targ‘ib qilishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga kechikayotganimiz afsuslanarli.

Jahon tajribasi qanday?

— Madaniy meros ob'ektlarini raqamli texnologiyalarga ko‘chirish bugun yoki kecha paydo bo‘lgani yo‘q, — deydi TATU tadqiqotchisi Dilshod Xalilov. — Bunday harakatlar ancha oldin boshlangan. Ulardan eng mashhuri 2003 yilda yaratilgan CyArk loyihasidir. Loyiha mualliflari ishni YuNESKO umumjahon merosi ob'ektlarining raqamli nusxalarini lazerli skanerlash yordamida yaratishdan boshlashgan. Keyinchalik CyArk va Google tarixiy yodgorliklarga virtual tashrif buyurish imkonini beradigan Ochiq meros loyihasini yaratdilar.

Darhaqiqat, texnologik echimlar tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylashi yoki qisman vayron bo‘lgan inshootlarning ko‘rinishini tiriltirishi mumkin. Misol uchun, 2019 yil 16 aprel kuni Parijdagi Notr-Dam sobori yong‘in ichida qolib, bino tomi qulab tushdi. Uzoq tarixga ega bo‘lgan bu sobor sanoqli soatlar ichida yuzlab odamlar ko‘z o‘ngida deyarli yo‘qlikka yuz tutdi. Ammo 3D-modeli orqali uni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bunga faqat rivojlangan mamlakatlardagina erishilayotgani yo‘q. Aytaylik, Ukrainada Kievdagi qayta tiklanishga muhtoj va yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan tarixiy binolarning interaktiv xaritasini tuzishga kirishilgan. Bunda Notr-Damda ishlatilgan texnologiyalardan foydalanib, ularning 3D nusxalari yaratiladi.

Yoki Qozog‘istonda ham tarixiy yodgorliklarning 3D-modelini yaratish boshlab yuborildi. Unga ko‘ra, eng noyob kitoblar, qo‘lyozmalar, kartina va fotorasmlar, shuningdek, arxiv hujjatlarining raqamli formatda saqlanishi ko‘zda tutilgan. Arxeologik yodgorliklarning 3D formati ishlab chiqiladi. E'tiborlisi, bu ishlarni 2021 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Taraqqiyot bilan uyg‘unlasholmayapmiz

Nega biz bu masalada shoshilmayapmiz? Muzeylarimiz 3D formatga ko‘chirilibdi-ku, hammasi asta-sekinlik bilan-da, dersiz. Ammo muzeylar borasida to‘plangan «tajriba» kishini ilhomlantirish o‘rniga qiziqishini so‘ndiradi. Jumladan, O‘zbekiston tarixi, Temuriylar tarixi davlat muzeylarining 3D-modellarini olib ko‘raylik. 3D format deganda aniqlik, ob'ektni yaqindan ko‘rish, o‘zingni jarayonning ichida his qilish imkoniyati tushuniladi. Ushbu modellar esa ob'ektning jonsiz maketini ko‘rgandek his uyg‘otadi. Uning o‘rnida videotasvirini tomosha qilsangiz ham hech narsa o‘zgarmaydi. Demak, mazkur yo‘nalishda aytarli tajribamiz ham yo‘q.

Jahon amaliyotida yo‘qolib ketgan obidalarni ilg‘or texnologiyalar yordamida qayta tiriltirish ustida ish olib borilmoqda. Bizda esa borlarini modellashtirishga ham kirishilgani yo‘q. Bu nimadan dalolat beradi? Albatta, madaniy yodgorliklarimizga befarqmiz, desak adolatdan bo‘lmaydi. Davlatimiz tomonidan ham, soha mutasaddilari tomonidan ham ularni saqlab qolish, umrini uzaytirish borasida muayyan ishlar qilinyapti. Ammo mazkur ishlarni taraqqiyot nafasi, fan-texnika imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishda sustkashlik kuzatilayotgani achinarli. Bu esa zamondan orqada qolishimizga, eng yomoni, bora-bora tarixiy obidalarning bugungi holatini yo‘qotib qo‘yishimizga olib keladi. Nomlanishida raqamlashtirish sohasini rivojlantirishga urg‘u berilgan ushbu yilda bu masala e'tibordan chetda qolayotganini qanday izohlash mumkin?

To‘lqin ShERNAEV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish