Quvonch o‘rnini xavotir egalladi: bajarilgan ishlardan bajarilmagani ko‘proq...

«Obod qishloq» dasturi ko‘plab hududlarning yangicha qiyofa kasb etishiga xizmat qilayotgani sir emas. Ammo ayrim joylardagi mutasaddilarning befarqligi, xalq dardi qolib, o‘z tashvishiga o‘ralashib qolgani bois, dastur ijrosida ba'zi sustkashliklar ham ko‘zga tashlanmoqda.

Jumladan, 2018-2019 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi Naymanko‘l, Keneges, Sarayko‘l ovul fuqarolar yig‘inlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ovulining obod hududga aylanishidan xabar topgan aholi bundan quvondi. Ammo ularning bu sevinchi uzoqqa cho‘zilmadi.

«Tadbirkorga kredit berilmadi, ishlar esa chala qoldi»

Ta'kidlash kerakki, ushbu hududlarda bir necha yillardan buyon bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmagani oqibatida mahalliy aholining turmush tarzida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgandi. Jumladan, ovullardagi ma'muriy binolar eskirib, bog‘cha va maktablar ta'mirtalab holga kelib qolgan. Yoshlar uchun sport maydonchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etishga e'tibor qaratilmagan.

Yana bir jihat: ayrim fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan turli imoratlarni qurib olgani ham hudud yuzidagi dog‘ edi. Ichki yo‘llarning ahvoli haqida-ku, aytmasa ham bo‘ladi.

— 2018 yilda Keneges, 2019 yilda esa Muqumiy ovullarida «Obod qishloq» dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar olib borildi, — deydi Keneges ovul fuqarolar yig‘ini raisi Farhod Doshanov. — Buning natijasida ovulimizdagi talay muammolar — gaz, suv, elektr ta'minoti butunlay yaxshilandi. Ko‘chalarga shag‘al to‘shaldi. Mahalla idorasi qayta ta'mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Aholi tomorqa erlaridan unumli foydalanishi uchun ariq va zovurlar qayta qazilib, oqova suv kelishi ta'minlandi.

Shu bilan birga, dastur doirasida ba'zi chala qolib ketgan ishlar ham yo‘q emas. Masalan, yig‘in raisining aytishicha, ovulda dastur bo‘yicha bolalar bog‘chasi, markaziy ko‘cha bo‘yida zamonaviy savdo do‘koni qurilishiga tadbirkorlar jalb qilingan. Ishbilarmonlar qayta ta'mirlash va qurilish ishlarini zo‘r ishtiyoq bilan boshladiyu, biroq ko‘p o‘tmay, ishlar to‘xtab qoldi. Bunga sabab — banklar kredit berishni paysalga solishgan.

Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, chala qolgan ishlarda biron o‘zgarish bo‘lmagan. Bugungi kunda ushbu hudud aholisi uchun bolalar bog‘chasi juda zarur. Ovuldagi kollektorga ko‘prik bunyod etilib, ikki yondan piyodalar yo‘lakchasi qurilishi kerak. Afsuski, bu ishlarga umuman qo‘l urilmagan. Shuningdek, rejaga kiritilgan bo‘lsa-da, ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatilmagan, 400 metrga yaqin yo‘l ta'mirsiz qolib ketgan.

Madaniyat maskanida pilla boqilmoqda

Xuddi shunday manzarani Muqumiy ovulida ham ko‘rish mumkin. Dastur asosida 2018 yilda hududda 250 o‘rinli yangi maktab qurildi. Lekin bu bunyodkorlik ishlari ham qo‘l uchida bajarilgan. Negaki, bugun yangi maktabda 450 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Ta'lim dargohini qurishda nafaqat o‘quvchilar miqdori o‘rganilmagan, balki maktab uchun zarur bo‘lgan sport zali, kutubxona ham hisobga olinmagan.

Hududni o‘rganish chog‘ida old tomondan obod ko‘rinsa-da, yon-atrofida tashlandiq joylar ko‘p bo‘lgan bino e'tiborimizni tortdi.

— Avval bu er «klub» bo‘lgan, — deydi shu erda yashovchi Muratboy Qurbonbaev. — Uning ichki jihozlari talon-toroj qilinib, o‘zi qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Hozirgi kunda eski «klub»da pilla qurti boqilmoqda. Ushbu bino qayta ta'mirlanib, mahallamiz bolalari uchun to‘garaklar tashkil qilinsa, kutubxonaga aylantirilsa, yaxshi bo‘lar edi. Atrofidagi bo‘sh yotgan erlar esa obod qilinib, bog‘-rog‘ qilinsa, sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘lakchalari qurilsa, aholi dam oladigan ajoyib maskan paydo bo‘lar edi.

Dastur ijrosi rejaligicha qolib ketdi

2019 yilda Sarayko‘l ovul fuqarolar yig‘inidagi Shege jap ovulida ham «Obod qishloq» dasturi asosida qator ishlar amalga oshirilib. ko‘plab muammolar bartaraf etildi. Biroq...

— Dasturga kiritilgan bo‘lsa-da, 1,2 kilometrlik piyodalar yo‘lakchasi, 500 metr oraliqdagi asfalt yo‘l, 1 kilometrga yaqin masofaga elektr simlarini izolyasiyalash ishlari bajarilmadi, — deydi Sarayko‘l ovul fuqarolar yig‘ini raisi Nazarbay Mamedov. — Reja bo‘yicha hammom, sartaroshxona qurilishi kerak edi, lekin ular ham rejaligicha qolib ketdi. Negadir aholi uchun juda zarur bo‘lgan bog‘cha, bolalar maydonchasi, gazonli sport maydonlari dastur rejasiga kiritilmagan.

Savollar ko‘p, jo‘yali javob bera oladigan mas'ullar yo‘q

Hududni ko‘zdan kechirar ekansiz, bu erda dastur ijrosi nomigagina bajarilganiga guvoh bo‘lasiz. Kishini tashvishga soladigan jihati shundaki, tuman hokimligi taqdim etgan ma'lumotlarda «Obod qishloq» dasturi ijrosi doirasida hududdagi barcha muammolar echimini topgan!

Bizni va aholini qiynayotgan savollarga javob olish maqsadida Taxiatosh tumani hokimligi bosh mutaxassisi Farhod Bekjanov bilan telefon orqali bog‘landik. Ammo savollarimizga jo‘yali javob olish imkoni bo‘lmadi.

— Keneges ovuli hududida do‘kon qurish uchun tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolarga er maydonlari ajratib berilgan, — deydi F.Bekjanov. — Bog‘cha qurishni zimmasiga olgan tadbirkorimiz esa rekonstruksiya ishlarini boshladiyu, mablag‘ muammosi sabab ishlar to‘xtab qoldi.

Bosh mutaxassis «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan hududlardagi qurilish ishlarining nega chala qolib ketgani haqidagi so‘rovimizga umuman javob bera olmadi. Xo‘sh, qurilishni boshlab, ishini oxiriga etkaza olmagan tadbirkorga kim madadkor bo‘lishi kerak edi? Tuman mutasaddilari qaysi asosga ko‘ra, dastur ijrosi to‘la bajarilgan deb hisoblaydi? Bunday ko‘zbo‘yamachilik bilan kimni aldayapmiz? Xullas, savollarning adog‘i ko‘rinmaydi, ularga jo‘yali javob bera oladigan mas'ullar esa yo‘q!

* * *

Dasturlar insonlar og‘irini engil qilish, ularga qulay shart-sharoit yaratib berish maqsadida ishlab chiqiladi. Shu bois har bir hududning imkoniyati va shart-sharoitidan kelib chiqib, muhimi, aholining ehtiyojini o‘rganish talab etiladi. Ammo Taxiatosh tumaniga safarimiz chog‘ida bunday jihatlarga e'tibor qaratilmaganiga guvoh bo‘ldik. To‘g‘ri, gaz, suv, elektr ta'minoti kabi dolzarb muammolar echimini topmoqda. Agar maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kutubxona, sport maydonlari kabi ijtimoiy ahamiyatga ega maskanlar qurilishiga ham e'tibor qaratilsa, yuqorida nomlari qayd etilgan ovullar chin ma'noda obod hududga aylangan bo‘lardi. Tuman hokimligi ushbu masalani atroflicha o‘rganib chiqadi, degan umiddamiz. Biz esa bu mavzuga yana qaytamiz. 

Omirbay ESBERGENOV

«Mahalla»

Izoh 0

Izoh qoldirish