“Mahallaga maktab kerak...”

Hududimizda 5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aholimiz tomonidan 30 ga yaqin issiqxonalar qurilgan. Shu kunlarda novvoyxona, qassobxona, maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalaridan iborat 10 ta ob'ekt foydalanishga topshirilish arafasida.


Saxovatpesha mahalladoshlarimiz ko‘magi bilan “Ayollar daftari”ga kirgan bir fuqaroga uchta xona, hammom, oshxonadan iborat yangi uy qurib berildi. Hozirgacha 400 metr mahallamiz hududiga hashar yo‘li bilan kanalizasiya quvurlari tortilib, tarmoqqa ulandi. Bu ishlar hali davom ettiriladi.

Hududimizning asosiy muammosi esa maktab yo‘qligida. 910 nafar farzandimiz 2-3 kilometr masofadagi maktablarga qatnab, ta'lim olishga majbur bo‘lmoqda. Gap yo‘lning uzoqligida ham emas, o‘qishga borgunlaricha bolalar ikkita katta magistral yo‘lni kesib o‘tishlari, shu yo‘l bo‘ylab yurishlari kerak. O‘tgan yili maktab o‘quvchilari ishtirokida 4 ta “avariya” sodir bo‘ldi. Natijada ota-onalar bolalarini o‘qishga yuborishga qo‘rqib qolishyapti. Mutasaddilar joriy yilda maktab qurib berilishini aytishgan edi. Ammo qurilish ishlari hanuz boshlangani yo‘q.


Yana bir kamchiligimiz — mahallada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish maskanining yo‘qligida. Bemorlarimiz 7 kilometr uzoqlikdagi punktga qatnashyapti. Hozirda eski kinoteatr binosining bir necha xonasi o‘rnida hashar yo‘li bilan shunday maskan tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

To‘lqinjon SIDDIQOV,

Qo‘qon shahridagi

Tuxlimergan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.

Izoh 0

Izoh qoldirish