Sektor rahbarlari mas'uliyatni qachon to‘la his etishadi?

So‘nggi yillarda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu maqsadda hududlarni sektorlarga bo‘lib, ishni tashkil etish tizimining joriy etilgani xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.


Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning Toshkent shahar filiali tomonidan sektor rahbarlari faoliyatini baholash mezonlari ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.

Kamchiliklar kam emas...

Unga asosan, sektor rahbarlarini har oyda 13 ta ko‘rsatkich (indikator) asosida baholab borish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Toshkent shahridagi 48 ta sektor faoliyati joriy yilning yanvar-iyun oylari bo‘yicha baholab chiqilgan.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati monitoringi bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, sektor shtablari faoliyatini tashkil etish, shtab a'zolari faoliyatini nazorat qilish, aholi va ijtimoiy ob'ektlar muammolarini o‘rganish, kam ta'minlangan oilalar ahvolini yaxshilash hamda kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq muammoli masalalar atroflicha o‘rganildi.


Shuningdek, sektor kotiblarining o‘z ishini to‘laqonli tushunmasligi, olib borilayotgan manzilli ishlar tizimli tartibda belgilab olinmagani, bajarilayotgan ishlarning “Temir daftar”ga to‘g‘ri kelmasligi, ishsizlar bandligini ta'minlashda sektor rahbari masalaning ichiga chuqur kirib, mas'uliyat bilan shug‘ullanmagani, yoshlarni va chet eldan kelganlar bandligini ta'minlashda aniq ro‘yxatlar shakllantirilmagani, ehtiyojmand oilalar bilan ishlashda sektor va mahalla mas'ullari ularni shaxsan tanimasligi hamda sektor faoliyatini tashkiliy jihatdan to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, sektorlarda ish sharoitlari yaratilmagani aniqlandi.

O‘rganish xulosalari shuni ko‘rsatmoqdaki, barcha darajadagi rahbar xodimlar, xususan, sektor mas'ullarining aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etishda boshqaruv qarorlarini qabul qilish, ish vaqtini samarali taqsimlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

“Mahallabay” ishlash holati qoniqarlimi?


Hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchilik qilayotgan sektorlar o‘z hududlarida barcha ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni hal etish bilan bir qatorda, huquqbuzarliklar profilaktikasi, qonuniylikni mustahkamlash va huquq-tartibotni ta'minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Toshkent shahridagi 48 ta sektorda 530 ta maxalla mavjud bo‘lib, ular “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yishgan. Bu barcha soha mutasaddilarining birgalikda, mahallalardagi muammolar, aholi turmushidagi muhim masalalarni birgalikda hal etishga yordam beradi.

Reytingda ko‘rsatkichlari past bo‘lgan sektor rahbarlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar batafsil aniqlanib, yuzaga kelgan muammolar yuzasidan tizimli ravishda bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar va ko‘rsatmalar berib boriladi hamda ijrosi nazoratga olinadi.

Xulosa sifatida ta'kidlash kerakki, Prezidentimizning sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qarori asosida sektorlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yangi — adolatli va ta'sirchan tizim joriy etildi. Bu tizim fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Sanjar FARMONOV,

Prezidenti huzuridagi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Toshkent shahar filiali etakchi inspektori.

Izoh 0

Izoh qoldirish