“Suv yo‘qligi bois 50 foiz hosil nobud bo‘ldi”

Mahallamiz hududida 8 ta qishloq joylashgan bo‘lib, aholi, asosan, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. 48 ta fermer xo‘jaligining hammasi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Ayni damda qishloqlarda bironta ham bekorchi odamning o‘zi yo‘q. Hamma bog‘larda ish bilan band. Afsuski, bu yilgi jazirama issiq va suvning yo‘qligi 50 foiz hosilni nobud qildi. Hosilning qolgan qismini saqlab qolish uchun barcha birdek kechayu kunduz harakatda.


Muammolar bor. Eng katta va bizni qiynayotgan muammo, bu — suv. Ichimlik suv ham, tomorqalar uchun ham suv yo‘q. Qolaversa, mahallada mavjud 16 ta transformator 70-yillarda o‘rnatilganidan beri almashtirilmagan. Barchasi eskirib, ta'mirtalab bo‘lib qolgan. Transformatorlarning eskiligi bois elektr energiyasida uzilishlar ko‘p bo‘ladi. Shuningdek, qishloq vrachlik punkti ham yo‘q. 8 ta qishloq aholisi uchun hech bo‘lmasa bitta tibbiy punkt qilib berilsa, yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, yosh bolali oilalar va qariyalar uchun bu juda kerak. Ikkita uy bog‘chasi ishlab turibdi. Bu bilan barcha bolalar bog‘chaga qamrab olingan, deya olmaymiz.


Taklif. Mahallada ishning hajmi ham, vaqti ham belgilanmagan. Bitta mahallada 8 ta qishloqning bo‘lishi ish sifatiga ta'sir etmay qolmaydi. Istasak-istamasak ham hech qanaqasiga ulgurmaymiz. Shu bois mahallani ikkiga bo‘lib, ikkita mahalla qilib berishsa, yaxshi bo‘lardi. Bu borada hujjatlarni ham tayyorlab qo‘yganmiz. Ammo natija ko‘rinmayapti. Mutasaddilar mana shu taklifimizga e'tibor qaratishini istardik.

Xolmirza RABBIMOV

Ishtixon tumanidagi

“Chimqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.

Izoh 0

Izoh qoldirish