Transyog‘lar inson salomatligi uchun qanchalik xavfli?

Shu kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi “JSST transyog‘lardan saqlanishni tavsiya qiladi, chunki ularni ortiqcha iste'mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi”, “Hayoti va salomatligini xavf ostiga qo‘yishni istamaydigan har bir inson tarkibida transyog‘lar mavjud bo‘lgan mahsulotlarni qat'iy ravishda cheklashi zarur” mazmunida ogohlantirish xabarlarini yubormoqda.


Xo‘sh, transyog‘lar nima? Ular qanday mahsulot yoki yog‘lar tarkibida bo‘ladi? Uning oldini olish uchun nima qilish lozim? Shu va boshqa savollar bilan Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno ODILOVAga murojaat qildik.

– Transyog‘lar – maxsus usullar asosida ishlov berilgan, tarkibi o‘zgartirilgan to‘yinmagan yog‘ kislotalari hisoblanadi, – deydi Barno Odilova. – Bugungi globallashuv davrida bu yog‘lar oziq-ovqat sanoatiga keng kirib keldi. Yog‘larning uzoq vaqt saqlanishi va o‘z shaklini yo‘qotmasligi uchun kimyoviy usulda qayta ishlov berish orqali tayyorlangan ushbu yog‘ birinchi navbatda, margarin shaklida barcha konditer mahsulotlari – tort, pirog, pirojenoe, morojenoe, kofe uchun sut poroshogi, turli shirinliklar – pechene, vafli tayyorlashda, shuningdek, yarim fabrikatlar – somsa va pishiriqlar uchun muzlatilgan xamir, muzlatilgan pissa tayyorlashda ishlatiladi. Shuningdek, ular fast-futlar tayyorlashda, ayniqsa, chips, fri, qovurilgan tovuq go‘shtlari va dengiz mahsulotlaridan taomlar tayyorlashda ham keng ishlatiladi.

Xavfi va zarari qanday?

– Eng asosiysi, tarkibida yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan har qanday mahsulotlarni suiiste'mol qilish organizm uchun xavfli ekanini unutmasligimiz kerak. Transyog‘lar esa birinchidan, organizmda yomon xislatli xolesterin(LPNP)ni ko‘payishiga va bu orqali semizlikka moyillikka olib keladi.

Ikkinchidan, yomon xislatli xolesterin qon-tomir devorlariga yopishib, ularning o‘tkazuvchanligi buziladi. Natijada barcha organizmning qon bilan ta'minlanishi yomonlashadi.

Uchinchidan, qon tomirlar devoridagi byashkalar uzishi natijasida infarkt, insult, o‘pka tromboemboliyasi kabi erta o‘limga sabab bo‘ladigan holatlarni yuzaga keldiradi.

To‘rtinchidan, ortiqcha vazn va semizlik, modda almashinuvining buzilishi natijasida qandli diabet kasalligi rivojlanishiga poydevor bo‘ladi.

Beshinchidan, turli xavfli o‘sma kasalliklarini keltirib chiqaruvchi omillardan biri hisoblanadi.

Transyog‘lardan qanday cheklanish yoki himoyalanish mumkin?


– Sog‘lom bo‘lishni, uzoq umr ko‘rishni, dorilarga qaram bo‘lmasdan sog‘lom qarilikda umrguzaronlik qilishni istasak, transyog‘larni ishlatishni keskin cheklashimiz kerak. To‘g‘ri, bugungi kundagi hayotimizni fast-futlarsiz yoki shirin pishiriqlar va muzqaymoqlarsiz tasavvur qilish qiyin. Lekin tarozining ikkinchi pallasida salomatligimiz turganligini unutmasligimiz kerak. Transyog‘larni ro‘zg‘or va rasiondan asta-sekinlik bilan chiqarib tashlash imkoni bor. Buning uchun fast-futlar iste'molini qat'iy cheklash, do‘konlardan tayyor xamir va pishiriqlarni sotib olmasdan ularni uyda tayyorlash va bunda asl sariyog‘ yoki qaymoqdan foydalanish lozim. Shuningdek, mahsulotlar xarid qilayotganda ularning tarkibiga ahamiyat berish kerak. Ya'ni siz olayotgan mahsulot tarkibida gidrogenlangan yoki qisman gidrogenlangan moy, margarin, o‘simlik va kulinariya yog‘i bor bo‘lsa, demak bularda transyog‘lar bor ekanini unutmang.

Salbiy holatlarini qanday bilish mumkin?

Profilaktika yoki davolanish tartibi-chi?

– Kasallikning ilk belgilari sifatida ortiqcha vaznni aytib o‘tish mumkin. Chunki modda almashinuvi buzilganligi oqibatida ortiqcha vazn paydo bo‘lishi turli xil kasalliklar – arterial gipertoniya, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqaruvchi asosiy xavf omillaridan biri hisoblanadi.

Ortiqcha vazndan voz kechish uchun esa to‘g‘ri ovqatlanish, ya'ni ovqatni kun davomida qismlarga bo‘lib iste'mol qilish va asosiy qismini kechgacha iste'mol qilib bo‘lish, tarkibida yog‘, shakar, tuz miqdori ko‘p bo‘lgan, shuningdek, xamir taomlaridan cheklanish kerak. Kuniga 2 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda sut va sut mahsulotlari, dukkakliklar va ko‘katlarni ham unutmaslik lozim. Jismoniy faollik – ertalabki badantarbiya, kun davomida kamida 5000 qadam piyoda yurish va kechki ovqatdan keyingi sayr juda foydalidir. Eng muhimi, zararli odatlardan voz kechish zarur bo‘ladi.

Qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti?

– Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanishni oilaviy an'ana-udumga aylantirish bo‘yicha shifokorlar tomonidan individual suhbatlar bilan bir qatorda, mahallalar, korxona va muassasalarda to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish bo‘yicha zamonaviy ko‘rinishdagi “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi”, “Salomatlik maydonchasi” kabi ommaviy tadbirlar olib borilmoqda, Shuningdek, aholiga ma'lumot berishda ommaviy axborot vositalarida maxsus ko‘rsatuvlar, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kanal, sahifa va saytlarni tashkil qilish va ular orqali ma'lumotlarni berib borish bilan birgalikda, SMS tarzidagi xabarlar ham berib borilmoqda.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirigi tashabbusi bilan mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarini tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori inson sog‘ligi uchun xavfsiz yoki zararli ekanini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alash joriy etilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichda – 2021 yildan boshlab ixtiyoriy ravishda va 2025 yil 1 yanvardan boshlab esa majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Ko‘rinib turibdiki, insonlarning salomatligi yo‘lida soha mutaxassislari zarur tavsiya va yo‘riqnomalarni ko‘rsatib, ogohlantirmoqda. Shunday ekan, har birimiz o‘z salomatligimiz o‘zimiz asraylik!

Rustam YuSUPOV.

Izoh 0

Izoh qoldirish