Faol tashqi siyosat – mintaqaviy barqarorlik omili

Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi muammosi murakkab geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mazmunga ega. Uning murakkabligi - mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi ichki va tashqi omillar ta'sirining mavjudligidadir. Zero, zamonaviy dunyoda globallashuv bilan bir qatorda, xalqaro munosabatlarning mintaqalashuv jarayoni ham sodir bo‘lmoqda. Bu, Markaziy Osiyoga ham xosdir. Mazkur mintaqa davlatlarining geosiyosiy birlikka aylanish harakati sabablaridan biri ham xavfsizlikni ta'minlash masalasidir.


Yangi mustaqil davlatlar milliy xavfsizligini ta'minlash  - mintaqaviy xavfsizlikning serqirra tizimini yaratishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bunga har tomonlama samarali bo‘lgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali erishish mumkin. Markaziy Osiyo hamkorligini tashkil etuvchi davlatlar ham mintaqa, ham umumjahon xavfsizlik tizimi tarkibiy qismlari sifatida mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar a'zolari hisoblanadi.  

Ma'lumki, Markaziy Osiyo Evroosiyoda muhim geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyatga ega. Mintaqa o‘ziga xos ziddiyatlar “o‘chog‘i” bo‘lib, jiddiy konfliktogen xususiyati bilan ham xarakterlanadi. Bu erda yuqorida ta'kidlanganidek, xavfsizlikka tahdid soluvchi ichki va tashqi omillar mavjud. Siyosiy tahlilchilar fikriga ko‘ra, ichki omillarga - siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni; tashqi omillarga – xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvand moddalar “aylanmasi”, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi, shuningdek, geosiyosiy va geoiqtisodiy ta'sirlarni kiritish mumkin.

Shu nuqtai nazardan, mintaqa davlatlarining harbiy-siyosiy va iqtisodiy hamkorligi masalasi o‘ta dolzarb ahamiyatga ega. Zero, o‘zaro munosabatlarning istiqbolli rejalari va ularni rivojlantirish masalalari bevosita shunga bog‘liq. Xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi turuvchi mexanizmlar haqidagi masala ayniqsa muhim sanaladi. Bu erda gap mintaqa davlatlari suverenitetini saqlab qolishga qodir bo‘lgan jamoaviy xavfsizlik tizimini  yaratish to‘g‘risida bormoqda.


Xavfsizlik tizimini  yaratish uch darajada ko‘rilishi mumkin: mamlakatlar ichida, mintaqa doirasida va global miqyosda. Qayd etilgan har bir darajada O‘zbekiston hamda tinchlik va barqarorlikni saqlash borasidagi mas'uliyat ko‘proq yuklangan dunyoning yirik davlatlari, xususan Rossiya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Eron va Evropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar alohida o‘rin tutadi. Mazkur davlatlar bilan O‘zbekiston aloqalari bir tomondan – o‘zaro manfaatli kesimda, ikkinchi tomondan – mintaqaviy hamda global tinchlik va barqarorlikni ta'minlash kesimida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Shu yil 15-16 iyul kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya fikrimizning yaqqol isbotidir. Aslida shu yil bahorda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bu konferensiya global pandemiya munosabati bilan qoldirilgan edi. Bugun qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga kelgan favqulodda vaziyat etakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar e'tiborini konferensiya kun tartibiga kiritilgan dolzarb masala - mintaqaviy tinchlik va barqarorlik masalasiga qaratishga majbur qildi.

Konferensiyada dunyoning 44 mamlakati hamda yirik xalqaro tashkilotlarning nufuzli delegasiyalari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev nutq so‘zlab, “...qo‘shni mamlakatlar bilan tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash; o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish; barqaror savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya aloqalarini shakllantirish; Afg‘oniston Islom Respublikasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta'minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri” ekanligiga alohida e'tibor qaratildi.

Ma'lumki, XX asr oxiri dunyo geosiyosiy xaritasida yirik o‘zgarishlar va muhim voqealar sodir bo‘lganligi bilan xarakterli. Markaziy Osiyo hududida yangi mustaqil davlatlar tashkil topdi. Bu davlatlarning har biri milliy taraqqiyot modelini ishlab chiqdi va yillar davomida uni takomillashtirib keldi. Mazkur davlatlarning har birining bosh vazifasi – mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish ekanligi ma'lum. Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh masalasi: mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, terrorizm va uning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, deb belgilandi.

Mavzuning qanchalik dolzarbligini tashrif buyurgan delegasiya tarkibidan bilib olsa ham bo‘ladi. Afg‘oniston prezidenti - Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri – Imron Xon; Rossiya, Xitoy, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari; Evropa Ittifoqi diplomatik vakolatxonasi rahbari – Jozep Borrel va boshqalar konferensiyada ishtirok etdi. Anjumanda qo‘shni Afg‘onistonda avj olgan, yanada keskinlashish xavfi kuchaygan fuqarolar urushidan hech bir davlat, xususan, Markaziy Osiyoning yirik davlati O‘zbekiston ham manfaatdor emasligi kesimidagi masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan to‘plangan konferensiya yana bir bor davlatimiz tashqi siyosatining tinchliksevar mohiyatini namoyish etdi. Dunyoning yirik davlatlari manfaati to‘qnashadigan O‘zbekiston Afg‘onistondagi beqarorlikning Markaziy Osiyoga o‘tish nuqtasida joylashgani, hatto, Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligi uchun kurashayotgani bilan ham emas, AQSh, Rossiya, Turkiya, Eron, Xitoy va Pokiston kabi yirik davlatlar mintaqaviy manfaatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan faol tashqi siyosat olib borayotgani bilan e'tiborga loyiq.

2001 yilda AQSh qurolli kuchlarining Afg‘onistonga kiritilishi va bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi, shu yili besh oy ichida AQSh Senatining 18 a'zosi hamda 9 nafar kongressmen hamda Davlat kotibi Madlen Olbraytning respublikamizga tashrif buyurishi; 2005 yilda Andijon voqealari ta'sirida AQSh-O‘zbekiston munosabatlarining darz ketishi va oradan taxminan o‘n yil o‘tib Afg‘onistondan AQSh asosiy qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi munosabati bilan Davlat kotibi X.Klintonning yurtimizga kelishi, biroq ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning rivoj topmagani, nihoyat, 2018 yilda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoevning AQShga rasmiy tashrifi, sobiq Prezident Tramp bilan uchrashuv ruhida boshlangan munosabatlarning yangi bosqichi dunyoning etakchi davlati va O‘zbekiston o‘rtasidagi faol tashqi siyosatning namoyon bo‘lishidir.


AQSh bilan Rossiya, Xitoy, Pokiston kabi davlatlarning Afg‘oniston tevaragidagi hamkorligi va raqobati miqyosidan kelib chiqib qaraydigan bo‘lsak, masala naqadar jiddiy va ko‘lamli ekani ma'lum bo‘ladi. O‘zbekistonning ana shunday katta siyosiy jarayondagi faol tashabbusi – nafaqat mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, balki, global xavfsizlikni ta'minlash yo‘lidagi harakatdan dalolat.

 

Murodulla Mirzaev

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dosenti, tarix fanlari nomzodi 

Izoh 0

Izoh qoldirish