Bizlarga nima bo‘lyapti, qayoqqa qarab ketyapmiz?!

Co‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatimizda ro‘y berayotgan turli voqea-hodisalarni kuzatib borish hech birimizga qiyinchilik tug‘dirmay qo‘ydi. Zamonaning rivoji bu kabi keng imkoniyatlarni yaratib berayotganligi quvonarli hol, albatta. Ammo aynan shu internet tarmoqlari orqali ba'zan inson qadr-qimmatini oyoqosti qiluvchi, millat sha'niga dog‘ bo‘luvchi sharmandali hodisalarga duch kelayotganimiz achinarli holdir.


Xususan, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali soyda cho‘milgani uchun «samosud» qilinayotgan ayol aks etgan videoyozuvlarni ko‘rib dilim larzaga keldi, chidab tura olmadim!

Unga ko‘ra, Parkent tumani «Nevich» mahallasida yashovchi fuqaro M.M. (1984 yilda tug‘ilgan ayol) mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Qizilsoy soyida cho‘milayotgan fuqaro D.G. (1987 yilda tug‘ilgan ayol)ni yoniga borib, bu suvdan iste'mol qilishlarini aytgan M.M fuqaro D.G. bilan janjallashib, uning kiyimlarini zo‘rlik bilan echib tashlagan, urib-tepib jarohat etkazgan. Hodisa yuzasidan Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati ma'lumot berishicha, videodagi holat Parkent tumani IIB Navbatchilik qismida 20 iyul kuni ro‘yxatga olingan hamda Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (bezorilik) va 140-moddasi 1-qismi (haqorat qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani aytilmoqda.


E'tiborlisi shundaki, mazkur voqea qatnashchilarining har ikkisi ham kimgadir ona, kimgadir singil va yoki kimningdir yori bo‘lgan ayollardir. Ochig‘i, ushbu voqeani ko‘rib, insonni aybi uchun shunchalik xo‘rlash, tahqirlash mumkinmi, degan savol tug‘iladi. Qolaversa, qonun ustuvorligi, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi ta'minlangan jamiyatda yashayotgan bo‘lsak, aybi bo‘lsa, nega endi mas'ul organlarga topshirishmaydi?

Masalaning achinarli jihatlaridan yana biri — mazkur voqeaga guvoh sifatida o‘sha erda bo‘lgan insonlarning (adashmasam, bari erkaklar edi) yuz berayotgan vahshiylikni sovuqqonlik bilan kuzatib turishlari etmaganday, o‘zlari ham ojizani tahqirlab, kamiga telefonlariga tasvirga olishgani va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishganidir. Bunday hamiyatsiz, nomard kimsalarga boqib, “Hayf senlarga erkaklik” deging keladi. Afsuski, ayrim blog mas'ullari ko‘pchilikni e'tiborini tortish, obunachilarini ko‘paytirish maqsadida voqeaga turli, asoslanmagan fikrlar, sarlavhalarni tirkab sahifalariga joylashtirganlar.

Shu o‘rinda insoniylikni, o‘z millati sha'nini unutgan ushbu blogerlarga bir savolim bor. Hali qilgan qilmishi uchun hukmi aniq bo‘lmagan bir ojizaning nomini qoralab, sha'nini bulg‘ashga kim sizlarga huquq berdi? Axir erta-indin masala oydinlashib, aybi borlar jazosini ham olar, lekin sizlarning internet tarmoqlaridagi o‘zboshimchaligingizning “mevasi” abadiyatga muhrlanib qoladi. Bir kun kelib videodagi ayollarning farzandlariga ta'na toshlari otilmasligiga kim kafolat bera oladi? Shularni o‘ylashganmikan?

Savollar ko‘p, lekin, eng avvalo, yuqoridagi kabi holatlar aks etgan lavhalarning ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchrab turgani va buning natijasida azal-azaldan kechirimlilik, inson qadrini ulug‘lash, har qanday masalaga vazminlik va adolatlilik bilan echim topishga odatlangan, odamoxun millatimizning nomiga dog‘ bo‘lib tushayotganini anglagan holda bugun har birimiz o‘zimizga shunday savolni berishimiz kerak: “Bizlarga nima bo‘lyapti? Qayoqqa qarab ketyapmiz?!


Murodillo MAHMUDOV.

Izoh 0

Izoh qoldirish