Maktab qabulidagi yangi tizim xatolarni to‘g‘irlay oladimi?

Korrupsiya — mudhish illat, ayniqsa u ta'lim tizimini o‘z changaliga olsa, ikki karra falokatlidir. Yaqin-yaqingacha kolleju universitetlar u yoqda tursin, bog‘cha-maktabga kirish ham “qistir-qistir”larsiz bitmas edi. Ayniqsa, shaharda dong taratgan “prestij” bog‘cha va maktablar faqat “kattakon”larning bolalarini “yuqori”dan qo‘ng‘iroq asosida qabul qilib, mahalliy aholiga joy qoldirmasligi ko‘p bor isbotini ko‘rsatgan.

Mazkur korrupsiogen holatlarning oldini olish, maktabgacha ta'lim tashkilotiga joylash uchun mudiraning, maktabga qabulda direktorning cho‘ntagini qappaytirishga barham berish uchun shaffof tizimlar yaratildi. MTTlarga Davlat xizmatlari agentligi orqali navbat tashkil qilish yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab ota-onalarning ko‘nglidagi ish bo‘ldi.

Bu yildan umumta'lim maktablariga qabul ham elektron shaklda my.maktab.uz portali orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Elektron tizimga o‘tilgani, albatta, yaxshi, ortiqcha ovogarchiliklaru xarajatlarga hojat qoldirmaydi. Ammo, ayrim jamoatchilik vakillarining ta'kidlashlaricha, ushbu tizimga ishonib farzandini bu yil maktabga joylolmay qolgan, sentyabr oyi — yangi o‘quv yili boshlanganiga qaramay, hamon farzandining hujjatlari qo‘lida turgan ota-onalar bor.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ota-onalardan sayt orqali ma'lumotlarni to‘ldirish va jarayonni kuzatib borish talab etilgan. Bu bosqichni bajarganlar yoz bo‘yi har kuni ko‘zi to‘rt bo‘lib saytdagi shaxsiy sahifasini kuzatgan va “ko‘rib chiqilmoqda” yozuvini o‘qib kelgan. Kimlardir navbati kelgani haqida xabar topib, bolasini maktabga joylashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo ota-onalarning bir qismi avgust oyining oxirgi kunlarida saytdagi “qaytarildi” degan hukmni o‘qib, boshlarini changallab qolishdi.

Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Maktab yoshiga etgan bolalar maktabga chiqolmay qolib ketaveradimi? Xo‘p, qamrov yuqoriligi bois o‘zi tanlagan maktabida bo‘sh joy qolmagandir, bu haqida avvalroq xabar berish, ota-onalar uchun boshqa maktab uchun harakat qilish imkonini qoldirish mumkinmidi?

Avvalgi tizim korrupsiya xavfi ostida deb, boshqa tizim yaratilgani maqsadga muvofiq, biroq bolalarda nima ayb? “O‘quvchi bo‘laman, Prezidentdan sovg‘a olaman”, deya entikib turgan murg‘ak qalblar 6 sentyabr kuni uyda mung‘ayib qolsalar, bizga korrupsiyadan holi tizimga tasanno o‘qib o‘tirish yarasharmikan?

Bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga imkon qadar ko‘p qamrab olish haqida ko‘p gapirildi, takliflar berildi, ammo hozirgi vaziyatda MTTdan ham muhimroq va dolzarbroq bo‘lgan majburiy ta'limga jalb etish ham o‘z oqsoqligini berkitolmayapti. Vaqtida maktabga chiqib, kerakli ta'limni olmagan, bu borada bir yil yutqazgan, ustiga-ustak hamma narsasini taxt qilib qo‘ygan holda maktabga borish orzusi sarobga aylangan bolakaylardan ertaga yuqori natijani talab qilishga haqlimizmi?

Abiturientlarning test natijalari juda kech e'lon qilingani ham hozirda og‘riqli masalalar qatorida turibdi. Ammo ularning vaziyati bo‘lajak o‘quvchilarnikichalik chigal emas. Har holda, imtihonlar o‘tdi, yaxshi natijani qayd qilganlar ertami-kechmi talaba bo‘lishi aniq. Bog‘chadan chiqarilgan, maktabga qabul qilinmagan o‘quvchilar esa arosatda qolib ketdi.

Xalq ta'limi vazirligi masalaga jiddiy qarab, oldindagi oz fursat ichida ana shu o‘quvchilar foydasiga biror ma'nili qaror qabul qiladi, degan umiddamiz. Zotan, ibtido intihoni hal qiladi. Farzandlarimiz ta'limining ilk pillapoyalaridanoq kerakli sharoitlarni yaratib beraylik.

Bahrom ABDUHALIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari.

Izoh 0

Izoh qoldirish