Yana bir sportchi pichoqlab o‘ldirildi, nimalar bo‘lyapti o‘zi?

Qashqadaryolik dzyudochi boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab o‘ldirilibdi. Men buni sportchilarning etarlicha ma'nan tarbiya qilinmasligi, asosiy urg‘u faqat jismoniy tayyorgarlikka berilishi oqibati deb bilaman. Formula oddiy: kuch ezgulikka xizmat qilishi kerak. Bo‘lmasa shunaqa – chok-chokidan so‘kiladi hammasi.

So‘nggi yillarda davlat tomonidan sportga, xususan, yakkakurash turlariga e'tibor susaymadi, aksincha oshdi. Olimpiada g‘oliblariga berilayotgan e'tiborni, shuhrat va e'tirofni hamma ko‘rdi. Rosa muhokama qilindi, yoqlandi, yoqlanmadi — fikrlar turli bo‘ldi. Biroq bizga sog‘lom, shijoatli, irodali, yurtimiz bayrog‘ini jahonda baland ko‘taradigan, madhiyamizni xalqaro arenalarda jaranglatadigan avlod kerak ekan, sportchilarni rag‘batlantirishimiz, sog‘lom turmush tarziga muhabbatni o‘stirib borishimiz shart.

Ammo olamshumul g‘alabalarimiz ortidan shunaqa shum xabarlar chiqishi sportga berilayotgan e'tibor aks natijaga olib kelyaptimi, degan hadiklarni ham yuzaga keltiradi.

Har qanday qahramonni qahramonga aylantiruvchi ikki jihat bor: jismoniy va ruhiy tayyorgarlik. Bir qanoti yo‘q qush ucholmaydi, o‘rmalab qoladi. Shu bois sportchilar uchun ruhiy tarbiya va ideallarning ahamiyatini etarli baholash lozim.

Qonun ishlasin deymizu, biroq qonunga itoatkorlik, kuchni ringdan, tatamidan, oktagondan... tashqarida faqat juda favqulodda holatlardagina ishlatish, bu imtiyozni suii'stemol qilmaslik, aql bilan boshqarish to‘g‘risida ko‘p gapiriladimi? Sportchilarni murabbiylar tarbiyalayaptimi yoki “ko‘cha”mi?

"Tarbiya yo hayot, yo mamot...", hatto sportda ham! Ayniqsa, sportda!

Hozir sport olamida kimning ta'siri ko‘proq: ikkita g‘alabadan keyin o‘pkasini bosolmaganlarmi yoki oldiga katta ambisiyalar qo‘yib (puldan va hukmronlikdan kattaroq), masalan, shuhrat, xalqaro e'tirof istaydiganlarmi?

Sabr bilan “trenirovka”larini qilib, musobaqalarga qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan etuk, har tomonlama tarbiyali ShAXSlar vaziyatni qo‘lga olishi kerakdir balki?

Jamoat bo‘lishi, yakkakurash sportlari imijini asrashi, ayrim “jo‘jaxo‘rozlar”ni shaxsiy ibrat, ezgu an'analar va to‘g‘ri maktab bilan tiyishi va tarbiyalashi kerakdir.

Xullas, hamma sohalarda bo‘lgani kabi, sportga ham yaxshi g‘oya, falsafa kerak. Kuch aql, qonun va yaxshi xulq etovida bo‘lishi lozim!

Shahnoza SOATOVA,

Adliya vazirligi mas'ul xodimi.

Izoh 0

Izoh qoldirish