Kambag‘allik chegarasini qanday aniqlash mumkin?

Kambag‘allik chegarasini belgilash uchun ixtiyordagi daromad (maosh, foyda, qishloq xo‘jaligidan keladigan daromad, davlat transfertlari, pensiyalar va boshqalar) yoki iste'mol (oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar) darajasi olinadi — daromad yo iste'mol darajasi belgilangan ko‘rsatkichdan past bo‘lsa, kishi kambag‘al deya hisoblanadi.

O‘zbekiston sharoitida iste'mol darajasini tanlash maqsadga muvofiqroq ko‘rinadi, chunki ko‘pchilik mehnat faoliyatini hali ham norasmiy sektor va qishloq xo‘jaligida olib boradi. Shu bois kambag‘allik chegarasini belgilash uchun foydalanilishi kutilayotgan minimal iste'mol xarajatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishi uchun oyiga 440 ming so‘mni tashkil etdi. Ushbu miqdor qanday hisoblab chiqilgan, milliy kambag‘allik chegarasining o‘ziga xosligi va ushbu ko‘rsatkichni joriy etishning ahamiyati nimada?

Kambag‘allik darajasi qanday o‘lchanadi?

Kambag‘allik tushunchasiga yagona ta'rif mavjud emas. Ba'zilar kambag‘allik deganda, insonning birlamchi ehtiyojlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, ta'lim va sog‘liqni saqlash) qondirishga imkoniyatning mavjud emasligini tushunsa, boshqalar – tanlov erkinligining etarlicha emasligi yoki kuniga 1,90 dollardan kam miqdorga kun kechirishni, uchinchi tomon esa – insonning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokiga putur etkazuvchi ijtimoiy, ta'lim va sog‘liqni-saqlash sohasidagi to‘siqlarning doimiy doirasini tushunishadi. Umumiy qaraganda, kambag‘allikni baholash bir nechta aniq belgilangan ko‘nikma va usullarni talab qiladi.

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini hisoblash uchun insonning kundalik oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga oluvchi minimal iste'mol xarajatlaridan foydalanilgan. Minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki ko‘magida 2020 yilda O‘zbekistonning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bunda so‘rovnomada ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlari miqdori bo‘yicha o‘nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat(daromad)ga ega 30 foiz uy xo‘jaliklari ajratib olingan. So‘rovnoma natijasida olingan ma'lumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik iste'mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo‘lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste'mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (2021 yildagi narxlar o‘zgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming so‘mni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.

Rasmiy chegara tasdiqlandi

Yurtimizda minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalaniladigan bo‘ldi. Avgust oyida esa “Minimal iste'mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

  • Kam ta'minlangan va kam daromad topayotgan oilalar ro‘yxati shakllantirilgach, kambag‘allar soni hisoblab chiqiladi, — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov. — Yil yakuniga borib bu yilda 10 mingdan ortiq uy xo‘jaliklarida amalga oshiriladigan so‘rovnomalardan kelib chiqib, rasmiy minimal iste'mol xarajatlari qiymati joriy etiladi. Bu kambag‘allik chizig‘i sifatida ishlatiladi. Kambag‘allik darajasi to‘g‘risidagi raqamlarga keladigan bo‘lsak, so‘rovlar natijasida bu ham e'lon qilinadi. Birma-bir har bitta odam hisoblab chiqilmaydi. Lekin 2022 yildan minimal iste'mol xarajatlari me'yori yagona ijtimoiy reestrga integrasiya qilinadi. Fuqarolar unga onlayn ariza beradi. Kam ta'minlangan yoki minimal iste'mol xarajatidan kam daromad topayotgan oilalar ro‘yxati shakllantirilgandan keyin kambag‘allar sonini hisoblash imkoniyati bo‘ladi. Bu ikki xil metod asosida bo‘ladi: umumiy so‘rovdan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi va kambag‘allar sonini ijtimoiy reestr orqali 2022 yilda hisoblash imkoni bo‘ladi. Lekin bu uchun mana shu yildagi so‘rovnomalarni tugatishimiz kerak.

Qarorga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik mezoni (yoki chegarasi) sifatida foydalaniladigan bo‘ldi. 2022 yildan boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali oilani kam ta'minlangan deb e'tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste'mol xarajatlariga tenglashtiriladi. Har yili avgust oyigacha minimal iste'mol xarajatlari qiymatining prognoz parametrlari inflyasiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblanadi. Minimal iste'mol xarajatlari va kambag‘allik darajasi har yilgi hisobot yilida inflyasiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e'lon qilib boriladi. Minimal iste'mol xarajatlari tarkibi kamida har 5 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, mavjud ko‘rsatkichlar borasida qanday ishlar qilish tartibi va yordamlar ko‘rsatkichi  ham o‘z-o‘zidan shakllanishida qo‘l kelishi mumkin. Asosiysi esa kambag‘allik ko‘rsatkichini qay tarzda kamaytirish borasida olib borilayotgan islohotlar hisoblanadi.

Nilufar YuNUSOVA.

Izoh 0

Izoh qoldirish