Aliment to‘lovchilar faqat otalar emas...

Achinarlisi, bugungi kunda jamiyatda nafaqat aliment to‘lovchi otalar, balki farzandi tarbiyasidan voz kechgan aliment to‘lovchi onalar ham ko‘paymoqda. Sabalari esa oddiy: xorijga ish izlab ketgan bo‘ladi yoki bola tarbiyasidan qochib, o‘z tinchini ko‘zlaydiganlar toifasining borligi va boshqa holatlar.

Albatta, ota yoki ona mehridan mosuvo bo‘lgan farzand yoki ularning aliment borasida olib borayotgan tortishuvlarini ko‘rib o‘sayotgan murg‘ak qalblarda nafrat va g‘azab shakllanmaydi, deya hech kim kafolat bermaydi. Hozirda respublika bo‘yicha 280 ming 68 nafar aliment to‘lovchi mavjud bo‘lib, shundan 2 ming 364 nafari ayollarni tashkil qilmoqda. 

Jamiyatda adolatning qaror topishi sud tizimi orqali hal etiladi. Ammo uning ijrosini amalda ta'minlash Majburiy ijro byurolari (MIB) tomonidan bajariladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, MIBga kelib tushayotgan hujjatlarning 63 foizi alimentga oid masalalarga to‘g‘ri keladi. Murojaatlar, asosan, alimentni o‘z vaqtida ololmaslik va sud qarori chiqqan bo‘lsa-da, aliment to‘lanmayotgani bilan bog‘liq. Ammo ba'zida erkaklar tomonidan ham aliment to‘lamayotgan ayollar ustidan shikoyatlar kelib tushayotgani jamiyatimiz uchun eng ayanchli holatdir. Xo‘sh, aliment masalasi qanday hal etilyapti?

Jinoiy javobgarlik tayinlanishi mumkin

— Nikohning bekor qilinishi ushbu nikoh natijasida dunyoga kelgan begunoh, murg‘ak bolalarning ota yoki ona mehrisiz o‘ksib ulg‘ayishiga olib kelganidan tashqari, farzandlarni moddiy ta'minlash uchun aliment undirish ham davlat ijrochilari uchun eng dolzarb muammoga aylanmoqda, — deydi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining bo‘lim bosh inspektori Davlat Rajabov. — Respublika bo‘yicha qarzdor ayollar bo‘lgan aliment undiruvi bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq ijro hujjatlari mavjud. Hududiy jihatdan ayollar tomonidan eng ko‘p aliment to‘lash ko‘rsatkichi Nukus (147 ta) va Samarqand (144 ta) shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Qarzdor ayol kishi bo‘lgan taqdirda ham moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta'minlash Oila kodeksi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

Mazkur toifadagi undiruvlar bo‘yicha undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamagan taqdirda ma'muriy javobgarlikka, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamagan taqdirda unga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.

Xorijda qanday?

Aliment undirish haqida ijro hujjati chiqarilishiga sabab — oilaning buzilishi va er-xotin o‘rtasida tuzilgan nikohning bekor qilinishi hisoblanadi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya, Norvegiya, Finlyandiya, Polsha, Latviya kabi Evropa davlatlarida aliment undiruvi masalalariga alohida ahamiyat berilib, aliment to‘lovlari qarzdor tomonidan to‘lanmaganda davlat tomonidan maxsus fondlardan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgani va ushbu fondlarning tegishli qonun normalari bilan tartibga solinishi o‘sib kelayotgan yosh avlod moddiy ta'minotini kafolatlaydi. Fonddan aliment to‘langanda, bola ta'minotida uzilish bo‘lmaydi hamda to‘lab berilgan aliment pullari qarzdordan keyinchalik undirib olinishi belgilab qo‘yilgan.

Italiyada esa ota (ona) aliment to‘lashdan bosh tortgan hollarda, sud orqali bobo va buvisidan aliment undiruvi amalga oshirilishini belgilash mumkin. Xitoyda aliment to‘lamaganlik soliq to‘lovlari to‘lashdan bo‘yin tovlash qatorida og‘ir toifadagi jinoyat sanalib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash aliment to‘lovchini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki hattoki o‘lim jazosiga hukm qilinishiga olib kelishi mumkin.

Muammoning oldini olish uchun nimalar qilinyapti?

Mavjud muammolarga o‘zgacha yondashib, aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan hamkor tashkilotlar bilan oilalarni o‘zaro yarashtirish ishlariga e'tibor qaratilmoqda. Natijada joriy yil davomida 4 ming 470 dan ortiq oila yarashtirilgan. Bu esa yaxshi natija. Ishsiz aliment to‘lovchilarni ish bilan ta'minlash borasida olib borilgan tadbirlar va mehnat yarmarkalari natijasida 34 ming 402 nafar kishi bandligi hal qilindi.

Joriy yilning 7 oyida moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 37 mlrd. 300 mln. so‘mlik aliment pullari undirildi, 4 mlrd. 200 mln. so‘mlik (31 ta) uy-joy va 1,5 mlrd. so‘mlik (15 ta) transport vositasi aliment uchun oldindan to‘lov sifatida berilishi ta'minlandi. Hozirda yagona axborot tizimiga 293 mingdan ziyod aliment oluvchi va to‘lovchi haqidagi ma'lumotlar kiritilib, ijro harakatlarini «onlayn» rejimda tanishib borish imkoni yaratildi.

Joriy yil 1 martdan boshlab, aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratildi. Yangi tartibga ko‘ra, aliment pullari qarzdorning ish haqidan undiruvchi nomiga ochilgan yangi plastik kartochkalarga orqali elektron tarzda yuborilmoqda. Respublikamizdagi har bir aliment oluvchi nomiga bank hisob-varag‘i ochilib, ularga 98 ming dona plastik kartochka tarqatildi. Bu tizim MDH davlatlari orasida birinchi bor yurtimizda joriy etildi.

Bunda aliment undirish to‘g‘risidagi hujjatlarining ijrosi va undirilishini nazorat qilish ishlari qisman avtomatlashtiriladi, aliment to‘lovchi va oluvchilarga qulaylik yaratiladi, aliment to‘lovchilar ustidan doimiy (masofaviy) nazorat o‘rnatiladi. Asosiysi, endilikda odatiy tarzdagi aliment oluvchi fuqarolarning joylardagi pochta-aloqa tarmoqlari va Majburiy ijro byurosining tuman-shahar bo‘limlariga borishiga hojat qolmaydi.

Nilufar YuNUSOVA.

Izoh 0

Izoh qoldirish