Tadbirkorlik faoliyati tekshiruvdan xoli bo‘ladimi?

Tadbirkorlik faoliyati, bu — mamlakat iqtisodiyotini rivojlantiruvchi kuch, shu bilan birga, minglab odamlarning bandligini ta'minlashga xizmat qiluvchi tarmoqdir. Ammo tadbirkorlar har doim soliq to‘lovlari va yuklamalari borasida bosh qotirishga majbur. Bugun esa aynan shu sohada katta islohotlar amalga oshirilyapti. Joriy yil 15 sentyabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik sub'ektlari uchun ma'muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmonining imzolanishi ham gapimiz isbotidir.

Xo‘sh, ushbu farmon tadbirkorlar uchun nima berishi mumkin?

Soliq stavkasi ikki baravarga pasaytiriladi

  • Ushbu farmon tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalarga echim topib berishi bilan ham ahamiyatlidir, — deydi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov. — Unga ko‘ra, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab qat'iy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati, alohida tayyor import iste'mol tovarlarining bojxona deklarasiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizasiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi. Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga pasaytirilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan engib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berildi. Joriy yil 1 oktyabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalari bekor qilinmoqda. Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha davlat nazorati funksiyalari ro‘yxati qonun bilan tasdiqlanadi, bunda tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng ro‘yxatga kiritilmagan davlat nazorati funksiyalarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tekshiruvlarning elektron reestrlari yuritiladi

Vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga zarar etkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan nazorat tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tekshiruvlar, shuningdek, sayyor soliq tekshiruvlari kiritiladi. 2022 yil 1 apreldan bosqichma-bosqich majburiy talablarning elektron reestri joriy qilinadi.

2022 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq, nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi. Savdo-sanoat palatasi a'zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub'ektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub'ekti roziligi bilan palata xodimlari ishtirok etadi. Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi.

Tekshiruvlar jarayonida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi. Bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma'lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

“Yagona davlat nazorati” nima degani?

2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma'lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlariga ma'muriy bosim darajasini aniqlash va engillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi.

Indeks Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali tekshiruv natijalari asosliligi hamda qonuniyligi, profilaktik tadbirlar va tekshiruvlar mutanosibligi, tadbirkorlarning tekshiruv natijalaridan qoniqish darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida tuziladi. Nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 avgustga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 fevralga qadar amalga oshirilgan nazorat tadbirlari tahlilini Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga kiritadi.

Vakil har yarim yil yakunlari bo‘yicha 1 sentyabrga qadar, yil yakunlari bo‘yicha 1 martga qadar Indeks natijalari to‘g‘risidagi axborotni va tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida ko‘p takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka e'lon qiladi. 2021 yil 1 noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimini ishlab chiqish uchun 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘lar ajratiladi.

Nilufar YuNUSOVA.

Izoh 0

Izoh qoldirish