Elektron o‘g‘irliklar nega ko‘paymoqda?

Zamonaviy axborot texnologiyalari, elektron to‘lov tizimlari rivojlanishi bilan sohadagi firibgarlar soni ham keskin oshmoqda. Odamlarni ijtimoiy tarmoqlar, saytlar orqali chuv tushirayotganlar son-sanoqsiz. Masalan, bahor oylarida Buxoroda telegram orqali zamonaviy qimmatbaho liboslarni sotishini aytgan guruh qator ayollarning millionlar so‘mini o‘zlashtirgani to‘g‘risida xabar tarqalgan edi. 21 yoshli talaba esa odamlardan aldov yo‘li bilan 19 million so‘m undirgan.

Internet orqali turli soxta xayriya aksiyalarni uyushtirish ham firibgarlarning sevimli yumushlaridan biri. Farg‘onada internet firibgarlarga plastik kartalari raqamini topshirgan sodda fuqarolar xonavayron bo‘lishlariga oz qoldi va hokazo. Yaxshiki, huquq-tartibot organlari, banklar hamkorlikda olib borgan xarakatlar natijasida bu kabi jinoyatlar tezda fosh etilmoqda. Ammo bu firibgarlarning yo‘lini to‘sish uchun etarli emasga o‘xshaydi. Elektron o‘g‘rilar o‘g‘irlikning yangidan-yangi turlarini o‘ylab topishdan charchamayapti.  

Yangicha firibgarlik usuli qanday?

Yangicha usul UZCARD brendidan foyddalanish bo‘lib qolmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda UZCARD ma'lumot sahifalaridan nusxa ko‘chirish hollari tez-tez uchrab turibdi. Firibgarlar mazkur brenddan foydalanib, mavjud bo‘lmagan loyihalar doirasida pul mukofotlarini to‘lashni va'da qilib, odamlarni aldayotgani aniqlangan. Kompaniya axborotiga ko‘ra, «to‘lovlar»ning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, har safar firibgarlar aldashning yangi sxemalarini o‘ylab topishyapti.

— Yodingizda bo‘lsin, agar siz amalga oshirmagan harakatlar to‘g‘risida SMS-xabar olgan bo‘lsangiz, bank kartasi tafsilotlari, SMS orqali qabul qilingan bir martalik parollar, bank yoki to‘lov tizimi nomidan boshqa shubhali murojaatlar haqida ma'lumot so‘rovi kelsa, bilingki, siz bilan yomon niyatli kimsalar bog‘langan. — deydi Markaziy bank matbuot xizmati mutaxassisi Zilola Ro‘zieva. — Sizdan olingan ma'lumotlar ularga hisobingizni masofadan boshqarish, shuningdek, mablag‘larni boshqa hisoblarga qiyinchiliksiz o‘tkazishni amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, tasdiqlanmagan saytlarga parollar va shaxsiy ma'lumotlarni kiritishda hushyor bo‘ling, shaxsiy ma'lumotlaringizga uchinchi shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘ymang. Agar sizga nisbatan jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, darhol xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan bog‘laning, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering.

Xavfsizlik kodlarini qanday asrash kerak?

Ma'lumki, xalqaro to‘lov kartalarida ikki turdagi xavfsizlik kodi mavjud bo‘lib, terminal va bankomatlar uchun 4 xonali pinkod hamda internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan CVV (CVC) kodlardan iborat. Bank kartasining 4 xonali pin-kodi kartani mijozga taqdim etish jarayonida maxsus konvertda yashirilgan bo‘ladi. Internet orqali to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘llaniladigan CVV (CVC) kod esa bank kartasining orqa qismiga yozilgan bo‘ladi. Internet orqali to‘lovlarni amalga oshirish uchun elektron tijorat tashkilotining internet veb-saytida bank kartasining old tomonidagi rekvizitlar va orqa tomonidagi CVV (CVC) kodlarini kiritish kifoya qiladi va dunyoning istalgan joyidan internet orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin.

Internet orqali amalga oshiriladigan xaridlarda zarur summani asosiy kartadan qo‘shimcha virtual “Visa” kartasiga o‘tkazib, to‘lovni virtual karta rekvizitlari orqali amalga oshirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, xalqaro bank kartalari egalaridan bank kartasi rekvizitlari va CVV (CVC) kodlarini begona shaxslarga oshkor qilmaslik va internet-sayt «3D secure» xavfsizlik xizmatini ishlatgan taqdirda to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida undan foydalanish lozim.

Umuman, statistik ma'lumotlar o‘tgan yilgi karantin jarayonida jahonda internet firibgarliklar soni 75 (!) foizgacha o‘sganini ko‘rsatadi. Dunyo bo‘yicha millinlab insonlar shu turdagi firibgarlarning tuzog‘iga tushishgan. Umumiy summa esa 500 million dollarga yaqinlashgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizga elektron to‘lov tizimlari, soha bilan bog‘liq boshqa xizmatlardan foydalanishda xavfsizlik talablariga qatian amal qilishni tavsiya etib qolamiz.

Ulug‘bek IBODINOV.

Izoh 0

Izoh qoldirish