Uyat qolmadi...(mi?)

Ha, rostdan ham uyat qolmayapti. Kechagina iymanib gapirilmaydigan narsalarni bugun ochiqchasiga, ko‘pchilik oldida muhokama qilyapmiz. Shu tufayli men ham uyalmay yozaman. Ayrim yosh kelinlar va, hatto turmush qurmagan qizlar ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda jinsiy hayotini muhokama qiladi. Ha, rost... Bunday guruhlar a'zolari soni eng ko‘plaridan hisoblanadi. Masalan, telegram, feysbuk va instagramdagi “Ajrashganlar”, “Jinsiy – psixologik hayot” kabi guruhlar 100-300 minggacha yosh qiz juvonlarni to‘plagan. Bu guruhlarda faqat pardoz-andoz, yangi fasondagi ko‘ylaklargina targ‘ib etilmaydi...

Bozorda oila bilan, bolalar bilan yurib bo‘lmaydi. “Penyuar” degan matoh ochiqchasiga sotilmoqda. Turli shakldagi bu kabi ichki kiyimlarni do‘konlar vitrinalari, ayol va erkak manikenga ilinib, hammaning ko‘zi tushadigan joylarga ilib qo‘yilgan. Kichkina qizaloq bu nima deb so‘rab qolsa, qanday javob berishni ham bilmaysan kishi. Ijtimoiy tarmoqlar esa go‘yoki jinsiy quvvatni oshirishga mo‘ljallangan “dori” vositalari reklamasi bilan to‘la.

Maxsus do‘konlar kerakmi?

Bunday reklamalarda hamma tanigan, mashhur shaxslar, shifokorlarning ham ishtirok etayotgani masalaga e'tiborni yanada oshirmoqda. Masalan, yaqinda mashhur doktor, shu bilan birga, aktyor xisoblangan erkak jinsiy a'zoga sepiladigan spreylarni targ‘ib qilib chiqdi. Doktor sifatida ehtimol bunga haqqi bordir. Ammo bu reklamaning ijtimoiy tarmoqlarda aylantirilayotgani ko‘pchilikka yomon ta'sir qiladi.

Yana bir jihat. Bu masala aholining ziyoli qatlami orasida ko‘p ham gapirilmasa-da, omma orasida o‘z holicha yashab kelayotgan yirik hodisalardan biridir. Hech qanday tekshiruvdan o‘tmagan jinsiy dori-darmonlar, “o‘yinchoqlar” bilan savdo qilinadigan rastalar, ijtimoiy tarmoqlar yurtimizda ochiqchasiga faoliyat yuritadi. Bu qo‘lbola rastalarda har kuni millionlab so‘m pul aylanishi ham hammaga ma'lum. Masalan, Qo‘yliq ota maqbarasi atrofi ana shunday noqonuniy shahvoniy savdo markaziga aylangani to‘g‘risida avval ham yozgan edik. Bu erda yasama, plastik jinsiy a'zolar imitatorlari, hech qanday sertifikatga ega bo‘lmagan, aslida nima ekani noma'lum ayollar, qizlar, erkaklar uchun “kuchaytiruvchi” dorilar, umuman, shahvat bilan bog‘liq boshqa vositalar ochiqchasiga sotiladi. Na ichki ishlar, na soliq qo‘mitasi va na diniy majmua hisoblanuvchi Qo‘yliq ota maqbarasi xodimlarining bu hodisalar bilan ishi yo‘q. 

Bu o‘rinda xorijiy davlatlar va, hatto qo‘shni Qozog‘istonda aynan shunday vositalar bilan savdo qiladigan maxsus do‘konlar borligi, bu muassasalarga voyaga etmaganlarning kirishi taqiqlangani to‘g‘risida ham aytib o‘tish kerak. Bundan tashqari, mazkur do‘konlarda sotilayotgan mahsulotlar sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan nazorat qilinadi. Ehtimol, bizda bu kabi do‘konlarning bo‘lishi noto‘g‘ridir. Ammo vaziyatni qandaydir tartibga olish kerakligi aniq-ku. Zero, baribir shahvoniy “penyuar”lar, “o‘yinchog‘u” nazoratsiz dorilar ochiqchasiga sotilmoqda. Ularning targ‘iboti bilan ijtimoiy tarmoq va ayrim mashhurlar ham shug‘ullanishyapti.        

Yoshlar mayib bo‘lib qolmoqda

— Har qanday dorini ham vrach ko‘rsatmasisiz iste'mol qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi tayin, — deydi urolog Tohirjon Shirinov. — Ayniqsa, bizning sohaga taaluqli vositalar o‘ta kuchli faol komponentlardan tashkil topishi hech kim uchun sir emas. Ularning nojo‘ya ta'sirlari, qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlari ham juda ko‘p. Tajribamiz davomida dori iste'mol qilib, yuragi ko‘tarmay yoki qon bosimi oshib ketib vafot etganlar, doriga qaram bo‘lib qolgan yoshlarni ko‘p kuzatamiz. Bu o‘rinda yuqoridagi kabi har qanday vositaning asosiy tarkibi sildenafil moddasidan tashkil topishini aytib o‘tish kerak. Bundan boshqa hech narsasi yo‘q dorilarning. Reklama orqali aytilayotgan xususiyatlari ham yolg‘on. Hammasi bir sildenafil ta'siri, xolos.

Bu soha qanday tartibga olinadi, bilmadik. Ehtimol, nostandart vositalarni olib kirish yo‘llari to‘silar. Sotuv soliq, ichki ishlar organlari tomonidan to‘xtatilar. Aholiga sohaga oid sifatli, anonim xizmat ko‘rsatuvchi ishonch markazlari tashkil etilar. Qanday bo‘lganida ham axloqiy tanazzulga boshlovchi bu qilg‘iliklarga chek qo‘yilmog‘i shart!

Sherali QIRG‘IZBOEV.

Izoh 0

Izoh qoldirish